Oʻzbekiston prezidentining Xalq qabulxonasiga (pm.gov.uz portali) yuborilgan murojaatlar endi murojaatchilar tomonidan nazorat qilinadi.
Xalq qabulxonasining xabar berishicha, portalda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda SMS-xabarnoma xizmati ishga tushirilgan.
Endi murojaatning har bir bosqichi haqida fuqaroga pm.gov.uz saytidagi shaxsiy kabineti va SMS orqali maʼlumot berib boriladi. Buning uchun fuqaro shaxsiy kabinet orqali sozlamalarga kirib, zaruriy bildirishnomalar SMS shaklida ham yuborilishini belgilab qoʻyishi kerak.

Murojaat yopilgani haqidagi SMS-xabarnomada maxsus havola boʻladi. Fuqaro havola orqali kirib, murojaatga tegishli tashkilotning javobi bilan tanishadi va unga “Roziman” deb munosabat bildirishi yoki “Eʼtirozim bor” deb murojaatni qayta ijroga qaytarishi mumkin. Bu bilan u oʻz murojaatini oʻzi nazorat qila oladi.

“Eʼtirozim bor” tugmasini bosganda, fuqaro quyidagi sabablardan bir yoki bir nechtasini tanlaydi yoki oʻz eʼtirozini yozib qoldirishi mumkin:
- Murojaatga “otpiska” shaklida javob berilgan (asosiy vajlarim qolib ketgan).
- Murojaatimda koʻrsatilgan vajlarga javob berilmagan.
- Murojaatim hal etilmagan boʻlsa-da, hal etildi deb yolgʻon maʼlumot berilgan.
- Men bilan hech kim uchrashmagan, lekin uchrashildi deb maʼlumot berilgan.
- Ustidan shikoyat qilingan idoraning oʻzi murojaatimni koʻrib chiqqan.
- Javobda yolgʻon va asossiz maʼlumotlar yozilgan.
- Imzolanmagan javob xati biriktirilgan.
- Murojaat yozganim uchun menga tahdid boʻldi.
- Eski murojaatimga berilgan javob xati biriktirib qoʻyilgan.

Fuqaro murojaatga javobdan qoniqmasdan, “Eʼtirozim bor” deya belgilagan holatda murojaat ijroga qaytariladi va qayta koʻrib chiqiladi.















