27-oktabr kuni Isroilda parlament saylovlari boʻlib oʻtadi. Bu 7-oktabr voqealaridan keyingi ilk saylov. Netanyahu har qancha taʼsirli nutq soʻzlab yurmasin, uni yaqqol favorit deb boʻlmaydi. Amaldagi hukumatga muxolif kayfiyatdagilar orasida Netanyahuni saylovda yengishni uddalagan nomzodlar ham bor.
Netanyahuga oson boʻlmaydi
Soʻrovlar Netanyahu partiyasiga kichik ustunlik bermoqda. Bu esa Isroil jamiyati yoppasiga Netanyahu va uning urush kampaniyasini qoʻllamayapti degani. Muxolifatning asosiy eʼtirozi Netanyahu hukumati HAMASning 7-oktabrdagi hujumini oʻtkazib yuborganida. Ularning fikricha, Netanyahu bu maʼshum hujumning oldini olish, dastlabki daqiqalarda toʻgʻri harakat qilish va aybdorlarni jazolash oʻrniga hujumni siyosiylashtirib, oʻz manfaati yoʻlida foydalangan. Ular HAMAS hujumining oldini ololmagani uchun amaldagi hukumat jazoga tortilishi kerak deb hisoblamoqda.
Netanyahuning asosiy raqibi «Yashar» partiyasi lideri Gadi Eisenkot. Bu general oʻz vaqtida Isroil armiyasida shtab boshligʻi boʻlgan. Netanyahu targʻibot videolarida asosan uni qoralashga eʼtibor qaratmoqda. Shundan bilish mumkin, general saylovda bosh vazirning asosiy raqibi boʻladi.
Eisenkot avvallari hududda ikki millat uchun ikki davlat tuzilishini qoʻllagan, lekin HAMASning 7-oktabrdagi hujumidan keyin bu ortiq muhokama mavzusi emasligini aytgandi. Yaʼni HAMASning hujumi uning Falastin davlati tuzilishi kerakligi haqida fikrini oʻzgartirgan. General saylovda yutsa, Gʻazoda HAMAS boshqaruviga barham berish, Isroilning xalqaro obroʻsini tiklashga vaʼda bermoqda.
Qaysi partiyaga ovoz berish boʻyicha soʻrovlarda Netanyahu partiyasi kichik farq bilan ustun, «Kim bosh vazir boʻlishga munosib?» degan soʻrovnomada esa general Eisenkot sezilarli farq bilan Netanyahuni ortda qoldirgan. Biroq bu saylov natijalari shunday boʻlishini anglatmaydi. Isroildagi saylov butkul boshqacha, bu yerda bir partiya yaqqol farq bilan yutolmaydi, jamiyat haddan tashqari xilma-xil, shu uchun koalitsiya tuzmay parlamentni nazorat qilish imkonsiz.
Eisenkot fonida Netanyahu nihoyatda radikal ekani koʻrinadi. Masalan, Eisenkot Isroildagi arablarni eʼtibordan chetda qoldirmaslik kerak, deydi. Chunki mamlakat aholisining 20 foizini arablar tashkil qiladi. Netanyahu va uning tarafdorlari esa arablarni ochiq boʻlmasa ham, radikal, terrorga moyil deb hisoblaydi. Buni ularning bayonotlari, harakatlaridan bilish qiyin emas.
Netanyahu Falastin yerlarida tinmay yahudiy manzilgohlari qurishni oʻylab, oʻnlab yillar davomida bu ishni amalga oshirib keldi. Eisenkot esa Falastin yerlarida yahudiylar uchun uy qurilishi vaziyatni faqat yomonlashtiradi deb hisoblaydi. Netanyahu nuqul urush haqida gapirib, Isroilni toʻliq militarizatsiyalashgan, doim Eron, Livan, Suriya, xullas atrofdagi hamma bilan urushadigan armiyaga aylantirishni istaydi. Eisenkot esa azaldan uzoq muddatli tinchlik tarafdori boʻlgan.
Mavzuga oid
U Falastin davlati oʻz armiyasiga ega boʻlishini istamaydi, lekin millionlab falastinlik hayotini Isroil boshqarishi tarafdori ham emas. Yaʼni Netanyahu kabi «Hamma yer bizniki, bu yerlarni bizga Xudo vaʼda qilgan», demaydi. «Qoʻshnimiz biz bilan kelishib yashaydigan siyosiy boshqaruvga ega boʻlsin», deydi.
Netanyahuga raqiblik yoʻlida ikki sobiq boshqa vazir Yair Lapid va Naftali Bennet birlashdi. Ular oʻz vaqtida Netanyahuning 12 yillik uzluksiz boshqaruviga qisqa muddatga boʻlsa ham barham bergan. 2021-yil ham ular birlashib bu ishni uddalagan. Oʻshanda oʻng, markaz, soʻl va arab partiyalari bir koalitsiyaga birlashib, Netanyahuni ketkazgan. Chunki maqsad aynan shu edi. Partiyalar bir gʻoya yoʻlida emas, bir odamni ketkazish yoʻlida birlashgandi. Lekin bu koalitsiya ham boʻlinib, qisqa muddat ichida Netanyahu hukumatga qaytgandi.
Aytgancha, nomzodlar orasida Netanyahudan ham oʻtadigani bor. Oʻsha siz taniydigan Betselel Smotrich Moshe Feyglin degan ittifoqchisi bilan birga «Diniy sionizm va Zeut» degan partiya tuzdi. Uning takliflari amaldagi hukumatnikidan ham radikalroq. Bu odam tarixiy Isroil davlati tuzilishining katta tarafdori, hududdagi arablarni haydab chiqarish kerak deb hisoblaydi. Lekin Smotrich Netanyahuga qarshi borib nomzod boʻlmayapti, u bosh vazir boʻlmoqchi emas, baribir amaldagi rahbarni qoʻllaydi, ular juda qalin.
Oʻzgacha saylov
Endi qisqacha Isroildagi saylov tizimi haqida. 27-oktabr kuni mamlakatda parlament saylovlari oʻtkaziladi, lekin boshqa parlamentar respublikalarda boʻlgani kabi har bir parlament aʼzosi boʻlishga nomzod oʻz uchastkasida yutib chiqishi shart emas. Byulletenda partiya nomi koʻrsatiladi, Knessetga nomzod nomi emas.
Partiyalar olgan ovoziga qarab parlamentda nechta oʻringa ega boʻlishi aniqlanadi. Umumiy 120 deputat boʻladi. Partiyalar saylov kampaniyasi davomida kimlar deputat boʻlishining roʻyxatini tuzib, eʼlon qiladi. Roʻyxat raqam boʻyicha ketadi. Yaʼni partiya 30 ta oʻringa ega boʻlsa, roʻyxatdagi 31-deputat parlamentga kirolmaydi.
Parlamentda koʻpchilikka ega boʻlish uchun kamida 61 deputat kerak, yaʼni ovozlarning yarmidan koʻprogʻi. Bir partiya odatda bunchalik koʻp ovoz ololmaydi, jamiyat xilma-xil, dindor qatlam alohida guruhlarni, arablar oʻzi maʼqul deb bilganlarni, Netanyahuchilar radikal siyosatchilarni qoʻllaydi.
Bir partiya 61 ovoz olishi qiyinligi sabab hukumat tepasiga kelish uchun bir nechta partiyalar birlashib koalitsiya tuzadi. Albatta, biz uchun bu biroz notanish tushuncha tuyuladi, lekin Yevropadagi koʻp davlatlarda koalitsiya tuzib, birgalikda bosh vazir nomzodini koʻrsatish oddiy tajriba. Isroilda ham ovoz berishdan keyin kim birlasha olishi asosiy masala. Muxolifat birlasha olsa, Netanyahu hukumatdan ketadi. Agar amaldagi bosh vazir koʻproq tarafdor yigʻa olsa, urushlar yana davom etadi.
Asosiy masala – urush
Odatda saylov kampaniyalarida partiyalar, nomzodlar odamlar hayotini osonlashtiradigan takliflarni ilgari suradi. Kimdir chiqadi-da, «Men benzinga kondensat solishlariga yoʻl qoʻymayman, uning sifatini nazorat qilaman, haydovchilar ustama-usta sarson boʻlmaydi», deydi. Boshqa nomzod chiqadi-da, «Meni saylasangiz, shaharga chiqindi urnolarini qaytaraman, chiqindi mashina kelib, signal chalishini kutib oʻtirmaymiz», deydi. Hamma davlatda oʻz muammolarini koʻtarib chiqishadi.
Lekin Isroildagi saylovlarda bunday masalalar minginchi planga tushib qolgan. Hozir bitta masala bor: URUSH! Urush davom etishi, Isroil toʻgʻri kelgan barcha qoʻshnilari bilan urushib, Yaqin Sharqni notinch qilishda davom etishini istaydiganlar Netanyahuning Likudiga yoki Smotrichga ovoz beradi. Urush tugasin, odamga oʻxshab yashaylik, butun dunyo bizdan nafratlanyapti, deydigan isroilliklar unga qarshi biror partiyani tanlaydi.
Oxirgi yillar Isroil uchun nihoyatda qiyin kechdi. Netanyahu har qancha shou qilib, urushni qahramonlik namunasi, omon qolishning yagona yoʻli deb koʻrsatmasin, aslida mamlakatdagi ahvol ogʻir. Isroilliklar butun dunyoda ularni yomon koʻrishayotgani, bunday yashab boʻlmasligini sezib turishibdi. Endi ular bir davlatdan samolyotda uchib kelishi ham tavakkal boʻlib qoldi. Yevropa koʻchalarida Isroilga qarshi namoyishlarni koʻrish odatiy hol boʻlib qoldi. Isroil vakili BMTda nutq soʻzlasa, odamlar zaldan chiqib ketyapti. Butun dunyoda Isroilni yomon koʻrib qolishdi, antisemitizm choʻqqiga chiqdi. Va bunda bosh vazir Netanyahuning «hissasi» katta.
Bosh vazirning saylov kampaniyasini diqqat bilan kuzatib boryapman, uning shiori mana shunday: «Yoki Likud yoki Falastin!». Yaʼni «Mening Likud partiyamni saylamasangiz, Falastin davlati tuziladi», deb isroilliklarni qoʻrqityapti. Uning mana shunday chiqishlaridan keyin isroilliklar Falastin davlati tuzilishi qiyomatning boshlanishi deb oʻylab qoldi. Lekin avval Isroilda Falastin davlati tuzilishini bunchalik radikal qarshilashmasdi, hatto bu borada butun boshli uchrashuvlar boʻlgan.
Shuningdek, Netanyahu Eisenkot va Liberman arablar bilan birga koalitsiya tuzmoqchi ekanini xuddi jinoyatdek koʻrsatmoqda. Arablarni, Isroil fuqarolari boʻlgan arablarni dushman deb koʻrsatyapti. Vaholanki, arablar Isroil aholisining 20 foizini tashkil etadi. Amaldagi bosh vazirga qarshi mamlakatning eng kuchli siyosatchilari kuch toʻplayotgani Isroil ichida ham Netanyahu hukumati qilayotgan qirgʻinlar, HAMAS hujumidan arablarni qirish uchun foydalanishlarini hamma qoʻllamasligini bildiradi.
Benyamin Netanyahu uzoq yillar davomida Isroilda «Arablar – dushman! Falastin davlati bu – terror davlati! Bu yerlarni bizga Xudo vaʼda qilgan, ana, Injildan oʻqib oling», qabilida jirkanch propaganda bilan shugʻullandi. Endi uning bu siyosatidan isroilliklar ham bezor boʻlgan koʻrinadi. Lekin Bibi baribir keyingi bosh vazir boʻlish uchun asosiy favorit boʻlib qolaveradi. Buni 27-oktabr kuni bilib olamiz.