15-oktabr kuni kechqurun Moskvaning Sheremetevo, Vnukovo, Domodedovo va Jukovskiy aeroportlarida reyslarni qabul qilish va joʻnatishga cheklovlar joriy etildi.

Rosaviatsiya xabariga koʻra, cheklovlar faqat 16-oktabr tongiga kelib olib tashlangan. Tunda bu aeroportlarda qariyb 160 ta reys qoldirilgan. «Moskva» agentligi xabariga koʻra, ularning aksari Vnukovo va Sheremetevo aeroportlariga toʻgʻri keladi (mos ravishda 66 va 79 tadan).

Moskva shahri meri Sergey Sobyaninning maʼlum qilishicha, bu vaqt oraligʻida havo hujumidan mudofaa kuchlari Rossiya poytaxti tomon kelayotgan 94 ta dronni urib tushirgan.

Tunda Peterburgdagi Pulkovo aeroporti ham yopildi. Bu yerda cheklovlar faqat ertalabki soat 9 ga kelib olib tashlangan. «Fontanka» nashri xabar berishicha, tunda uchishi kerak boʻlgan 37 ta reys kechiktirilgan yoki bekor qilingan, shuningdek, aeroport toʻqqizta reysni qabul qila olmagan. Leningrad oblasti gubernatori Aleksandr Drozdenkoga koʻra, region uzra toʻrtta dron urib tushirilgan.

The Atlantic nashri jurnalisti Saymon Shuster oʻz manbasiga tayanib, Ukrainaning Rossiyadagi aeroportlar faoliyatini falaj qilib qoʻyishga qaratilgan kampaniyasi «endigina boshlanayotgani» haqida yozdi. 1-sentabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «dronlar kutilmaganda paydo boʻlishi xavfini inobatga olish»ga chaqirib, Rossiya osmoni «xavfli boʻlib borayotgani» haqida ogohlantirgandi.

Shusterning manbalariga koʻra, soʻnggi haftalarda Ukraina uzoq masofaga uchuvchi dronlar yordamida Rossiya aeroportlari atrofidagi havo hududidan foydalanishni qiyinlashtirishga harakat qilmoqda. Biroq, hozircha Zelenskiy ancha tajovuzkor taktikani nazarda tutgan dastlabki rejani amalga oshirishni maʼqullamagan.

Kampaniyaning yanada keng koʻlamli varianti Rossiyaning havo mudofaa tizimlarini chetlab oʻta oladigan sunʼiy intellektli dronlardan foydalanishni oʻz ichiga oladi. The Atlantic manbalaridan birining xabar berishicha, bunday dronlarni ommaviy ishlab chiqarish tez orada boshlanishi kerak.

Nashrning yozishicha, dastlabki rejani sobiq mudofaa vaziri Mixail Fedorov faol ilgari surgandi. Iyul oyida u isteʼfoga chiqqanidan soʻng, rejani ishlab chiqish toʻxtab qolgandi.

Oktabr oyida Moskva aeroportlaridagi toʻxtalishlar koʻpaydi. «Agentstvo» hisoblashicha, oyning dastlabki ikki haftasi mobaynida toʻrtta aeroportdagi yopilishlar vaqti jami 101 soatni tashkil etgan, sentabrda bu koʻrsatkich 46 soatga teng boʻlgandi. 14-oktabrga oʻtar kechasi Moskvadagi aeroportlarning barchasi bir vaqtda yopiq boʻlishi boʻyicha rekord darajada yetti soatlik koʻrsatkich qayd etilgan.