«Dunyo» axborot agentligi tarqatgan murojaatda qayd etilishicha, Saudiya Arabistonida ichki vaziyat barqarorligicha qolmoqda. Mamlakatda jamoat xavfsizligiga tahdidlar yoki maxsus cheklov choralari qayd etilmagan.

Shunga qaramay, mintaqadagi umumiy vaziyat havo qatnovlariga taʼsir koʻrsatishi mumkin. Xususan, parvozlarning kechikishi, yoʻlovchilarning boshqa reysga oʻtkazilishi yoki parvoz yoʻnalishining oʻzgarishi ehtimoli bor. Tranzit yoʻnalishlari va kutish vaqtlaridagi oʻzgarishlar ham safar davomiyligiga taʼsir qilishi mumkin.

Shu bois elchixona fuqarolardan safarni rejalashtirishda ushbu holatlarni hisobga olishni soʻragan.

Vatandoshlarga Saudiya Arabistoni va Yaman oʻrtasidagi chegara hududlariga yaqinlashmaslik hamda xavfsizlik boʻyicha mahalliy hokimiyat organlarining koʻrsatmalariga qatʼiy rioya qilish tavsiya etilgan.

Shuningdek, harbiy obyektlar va turli hodisalar oqibatlarini tasvirga olmaslik, tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatmaslik, rasmiy axborot manbalaridan foydalanish hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doimo oʻzi bilan olib yurish soʻralgan.

Zarur hollarda fuqarolar quyidagi raqamlar orqali Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishi mumkin:

Ar-Riyoddagi Oʻzbekiston elchixonasi:

• Telefon: +966 11 263 52 23.

• Konsul Shuhrat Ibragimov: +966 56 721 77 31 - Telegram va WhatsApp.

Jiddadagi Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi:

• Telefon: +966 12 607 72 50.

• Konsul Azimjon Qobiljonov: +966 59 439 08 50 - Telegram va WhatsApp.

Elchixona barcha vatandoshlarni ehtiyotkor boʻlishga hamda xavfsizlik qoidalariga qatʼiy amal qilishga chaqirgan.