Oʻzbekiston mudofaa vaziri Shuhrat Gʻayratjonovich Xolmuhamedov lavozimidan ozod etildi. Prezident matbuot xizmatiga koʻra, u boshqa ishga oʻtkazilgan.
U bu lavozimda 2024-yil noyabridan buyon ishlab kelayotgandi.
Uning oʻrniga Botir Bahromovich Qudratxoʻjayev yangi mudofaa vaziri sifatida ish boshlamoqda. Uning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan maʼqullandi.

Botir Qudratxoʻjayev 1975-yilda tugʻilgan, 1997-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.
U oʻz faoliyatini harbiy prokuraturada boshlagan, turli yillarda Toshkent viloyati harbiy prokurori, Sharqiy harbiy okrug harbiy prokurori, Oʻzbekiston harbiy prokurorining birinchi oʻrinbosari vazifalarida ishlagan.
Keyinroq Surxondaryo viloyati prokurori (2014-2016), Toshkent shahri prokurori (2016-2017), Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori (2017-2020), Xorazm viloyati prokurori (2020-2022), Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari – harbiy prokuror (2022-2025) lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan. 2025-yil fevralidan Favqulodda vaziyatlar vazirligiga rahbar boʻlgan va general-mayor unvonini olgan, 2026-yil yanvarida Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari – Tezkor qidiruv departamenti boshligʻi lavozimiga tayinlangandi.














