Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov 8-oktabr kungi matbuot anjumanida Oʻzbekistondagi eng yirik sanoat loyihalaridan biri - Uzbekistan GTL zavodini xususiylashtirish haqidagi savolga javob berdi.

Prezidentning 2025-yil 21-apreldagi PQ–145-sonli qarori bilan davlat ishtirokidagi 29 ta yirik korxona aksiyalari va ulushlarini xalqaro hamda mahalliy bozorlarda ommaviy savdoga chiqarish belgilangan. Ular qatoriga “Oʻzbekneftgaz” AJga tegishli “Uzbekistan GTL” MCHJ ham kiritilgan.

Hujjatga muvofiq, Uzbekistan GTL ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni sotish boʻyicha professional maslahatchilarni 2025-yilning uchinchi choragida jalb etish, ommaviy savdoni esa 2026-yilning ikkinchi choragida eʼlon qilish rejalashtirilgan.

Biroq belgilangan muddat oʻtganiga qaramay, korxonaning xususiylashtirilishi boʻyicha savdo jarayoni qaysi bosqichdaligi haqida jamoatchilikka batafsil axborot berilmagan.

Anjumanda Uzbekistan GTL yirik qarz mablagʻlari evaziga qurilgani eslatilib, zavodning hozirgi moliyaviy koʻrsatkichlari, kredit majburiyatlari va qarzlarning qanchasi qoplangani haqida ham savol berildi. Shuningdek, korxona xususiylashtiriladigan taqdirda uning mavjud qarz majburiyatlari qanday hal qilinishiga aniqlik kiritish soʻraldi.

Davaktiv agentligi direktori Sohibjon Murodovning bildirishicha, Uzbekistan GTL’ni xususiylashtirish boʻyicha konsepsiya ishlab chiqilgan va jarayonga tayyorgarlik ishlari boshlangan.

“GTL’ni xususiylashtirish boʻyicha bizda konsepsiya bor. Uni xususiylashtirish bosqichi qaysidir maʼnoda boshlangan.

Xususiylashtirish shu muddatda amalga oshiriladi degani, korxona aynan oʻsha muddatda sotiladi degani emas. Bu xususiylashtirish boʻyicha ishlar boshlanishini anglatadi.

Xususiylashtirishgacha boʻlgan jarayonlar bor. Korxonaning moliya-xoʻjalik faoliyatini auditdan oʻtkazish, uning xoʻjalik yoki moliyaviy faoliyatiga salbiy taʼsir qilayotgan omillar boʻlsa, ularni bartaraf etish kerak.

Shuningdek, xususiylashtirishdan keyin uning iqtisodiyotga, u bilan ishlaydigan hamkor tashkilotlarga, mahsulot yetkazib beruvchilar yoki tovar oluvchilarga qanday taʼsir qilishi ham tahlil etiladi. Biz hozir aynan shu bosqichdamiz.