Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimini tark etdi va bosh vazir oʻrinbosari – taʼlim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlandi. Uning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan maʼqullangan.

Shuningdek, tegishli farmon bilan Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari – taʼlim va ilm-fan vaziri lavozimi kiritildi. Taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil qilindi.

Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari – taʼlim va ilm-fan vaziri respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar rahbarlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash sohalarida zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish boʻyicha faoliyatiga vakolati doirasida umumiy rahbarlik qilishi, ularni muvofiqlashtirishi belgilandi.

Ushbu yoʻnalishlar ijrosini nazorat qilish va tashkil qilish Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklangan.

Hokimlikdan vazirlikka

Erkinjon Turdimov 1969-yil Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanida tugʻilgan. 1991-yilda Toshkent xalq xoʻjaligi institutini tamomlagan. Mutaxassisligi boʻyicha iqtisodchi.

1991-yildan bank tizimida faoliyat boshlagan, 1995–1996-yillarda Zarafshon shahar hokimining iqtisodiyot masalalar boʻyicha oʻrinbosari boʻlgan, 1996–2000-yillarda Milliy bankning Navoiy viloyat boʻlimi boshqaruvchisi sifatida ishlagan.

2000–2008-yillarda Xatirchi tumaniga hokimlik qilgan. 2008-yilda bir muddat qishloq va suv xoʻjaligi vazirining qishloqda iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari boʻlgan.

Shundan keyin toʻrt viloyatga rahbarlik qilgan. U 2008–2016-yillarda Navoiy viloyatini, 2016–2018-yillarda Surxondaryo viloyatini, 2018-2024 yillarda Samarqand viloyatini boshqargan, 2025-yil yanvaridan buyon Sirdaryo viloyati lavozimida ishlab kelayotgandi.

Taʼlim islohoti

3-oktabr kuni Oʻzbekiston prezidenti farmoni bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Taʼlim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etilgandi.