Klichko bu haqda AFP agentligiga bergan, 8-oktabrda eʼlon qilingan intervyusida gapirgan.

«Shahrimizga hujumlar kuchayayotgani sababli har kuni vayron boʻlgan binolar, yaralangan va halok boʻlgan odamlar haqida yangi xabarlar kelmoqda. Bugun gap omon qolish haqida ketmoqda», - degan mer.

Uning tavsiyasi, avvalo, Kiyevdan tashqarida vaqtincha yashash imkoniyati bor fuqarolarga qaratilgan.

Suv taʼminoti uzilishi yirik inqirozga olib kelishi mumkin

Klichko Rossiya hujumlari oqibatida suv taʼminoti tizimi ishdan chiqsa, poytaxtda keng koʻlamli inqiroz yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Shu bilan birga, u barcha aholini shahardan chiqib ketishga chaqirmayotganini aytgan. Merning fikricha, Ukraina shaharlarining boʻshab qolishi Rossiya prezidenti Vladimir Putin manfaatlariga xizmat qiladi.

«Putin uchun eng yaxshi ssenariy - hammamiz ketib, boʻsh shaharlarimiz va butun mamlakatimizni unga qoldirishimiz», - degan Klichko.

Kiyev qishga qanday tayyorlanmoqda?

Merning maʼlum qilishicha, shahar maʼmuriyati qishga tayyorgarlik doirasida zaxira isitish tizimlarini barpo etmoqda. Shuningdek, yonilgʻi, oziq-ovqat va ichimlik suvi zaxiralari toʻplanmoqda.

Biroq Klichko tayyorgarlikning oʻzi barcha xavflarni bartaraf eta olmasligini taʼkidlagan. Uning soʻzlariga koʻra, havo hujumidan mudofaa tizimi zarbalarni qaytara olmasa, shahar ogʻir vaziyatga tushib qolishi mumkin.

Hujumlar infratuzilmaga ham qaratilmoqda

DW xabariga koʻra, sentabrda Rossiyaning Kiyevga hujumlari kuchaygan. Oktabr boshida esa Dnipro daryosi orqali shaharning oʻng va chap sohillarini bogʻlaydigan koʻpriklarga ham zarbalar berilgan.

Hujum nishonlari orasida energetika, aloqa va temiryoʻl infratuzilmasi obyektlari ham bor.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 3-oktabrda Rossiya havo hujumlari orqali aholini Kiyev va boshqa yirik shaharlarni tark etishga majburlashga urinayotganini aytgan.