Oʻzbekiston Osiyo oʻyinlarida ilk oltin medalni qoʻlga kiritdi
Oʻzbekiston sportchilari Yaponiyada boʻlib oʻtayotgan Osiyo oʻyinlarida dastlabki oltin medalga sazovor boʻldi.
21-sentabr kuni karate boʻyicha bahslarda -67 kg vazn toifasida ishtirok etgan Abdulvahob Rashidov chempionga aylandi. U finalda mezbonlar vakili Yugo Kozakidan ustun keldi (7:5).
Natijada Oʻzbekiston sportchilari bitta oltin, bitta kumush va bitta bronza bilan kuchli oʻnlikka kirib oldi. Avvalroq, karate boʻyicha -55 kg vazn toifasi vakili Humoyunmirzo Halimov kumush medalni, aralash jang sanʼatining modern yoʻnalishida -71 kg vazn toifasida Nodirbek Shavkatov bronza olgan edi.
Toshkentda bank omonati bilan bogʻliq yirik talon-toroj holati fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Sergeli tumani boʻlimi tijorat banklaridan biridagi yirik miqdordagi talon-toroj holatini aniqladi.
Departament maʼlumotiga koʻra, tergovga qadar tekshiruv davomida bankning masʼul shaxslari fuqaro I.M. tomonidan omonatga qoʻyilgan 500 ming AQSH dollarining 300 ming dollarini oʻzlashtirgan. Ular omonat egasi nomidan qalbaki ariza va boshqa hujjatlar rasmiylashtirgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni qalbakilashtirish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Dubaydan qariyb 1,3 mlrd soʻmlik oltin buyumni olib kirishga uringan shaxs ushlandi
Toshkent xalqaro aeroportida Dubaydan kelgan yoʻlovchining yukidan deklaratsiyada koʻrsatilmagan, qiymati qariyb 1,3 mlrd soʻmlik zargarlik buyumlari va oltin quymalari aniqlandi. Bojxona nazorati vaqtida fuqaroning yuki orasidan sof ogʻirligi 921,37 gramm boʻlgan 141 dona zargarlik buyumi hamda uchta oltin quymasi topilgan.
Shuningdek, yuklar orasidan aksiz markasi boʻlmagan 120 quti tamaki va 90 dona nikotinli snyus mahsuloti ham aniqlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sakkiz oyda 5,3 mln oʻzbekistonlik turistik maqsadda chet elga chiqdi
Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida Oʻzbekistonning 5,3 mln nafar fuqarosi turistik maqsadda chet elga chiqqan. Bu koʻrsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 109,9 ming nafarga koʻpaygan.
Oʻzbekistonliklar eng koʻp Qirgʻizistonga safar qilgan. Yanvar–avgust oylarida ushbu mamlakatga 2 mln 427 ming 526 nafar Oʻzbekiston fuqarosi borgan. Bu umumiy xorijiy safarlarning qariyb yarmiga teng. Ikkinchi oʻrinni 955 ming 829 nafar sayyoh bilan Qozogʻiston, uchinchi oʻrinni esa 876 ming 650 nafar bilan Tojikiston egalladi.
Chirchiqda narkolaboratoriya tashkil qilganlar qoʻlga olindi
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida narkolaboratoriya fosh etildi, deb xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati (DXX).
Maʼlum qilinishicha, shahardagi koʻp qavatli uylardan biridagi xonadonni ijaraga olib, giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shugʻullangan 4 nafar fuqaro qoʻlga olingan. 2000 va 2002-yillarda tugʻilgan ushbu shaxslar Telegram orqali xorijlik kuratorlari tomonidan kontrabanda yoʻli bilan yetkazib berilgan gashish moyi va yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlab, gashish tayyorlashgan.
Jinoyat kodeksining 276-1-moddasi (Gʻayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish) 3-qismi «a» va «b» bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Aybdorlar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
















