Tailand Moliya vazirligi mamlakatdan chiqib ketuvchi yoʻlovchilar, shu jumladan xorijliklar uchun ham yangi soliq joriy etish masalasini koʻrib chiqmoqda. Bu haqda Tailandning The Nation nashri qonun loyihasiga tayanib xabar berdi.

Qonun loyihasiga koʻra, yangi soliq dastlab 1000 bat miqdorida belgilanadi. Bu hozirgi kurs boʻyicha taxminan 30 AQSH dollariga teng. Keyinchalik soliq miqdori 5000 batgacha oshirilishi mumkin.

Soliq Tailanddan samolyotda uchib ketayotgan barcha yoʻlovchilardan, xususan xorijlik sayyohlardan ham undirilishi rejalashtirilgan. Quruqlik yoki dengiz orqali chiqib ketuvchilar dastlabki bosqichda soliqqa tortilmaydi.

Qonun loyihasida ayrim toifadagi shaxslar uchun imtiyozlar nazarda tutilgan. Xususan, Tailand qirollik oilasi aʼzolari va ularning hamrohlari, mamlakat buddistlar sangxasining oliy patriarxi, xorijiy davlatlar rahbarlari, rasmiy hukumat mehmonlari hamda 2 yoshga toʻlmagan bolalar soliqdan ozod qilinadi.

Shuningdek, maxsus tranzit hududidan chiqmaydigan xalqaro tranzit reyslari yoʻlovchilari, samolyot ekipaji aʼzolari va boshqa transport xodimlaridan ham Tailanddan chiqish soligʻi undirilmaydi.

Soliq jismoniy shaxslardan ular Tailanddan chiqib ketishidan oldin undirilishi koʻzda tutilyapti. The Nation maʼlumotiga koʻra, odatda bu toʻlov aviachipta xarid qilinayotganda aviakompaniya yoki chipta sotuvchi agent tomonidan undirilishi mumkin.

Soliqni toʻlamaganlik uchun uning miqdoridan ikki baravar koʻp jarima belgilanishi rejalashtirilgan.

Qonun loyihasi hozircha koʻrib chiqilmoqda – yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Eslatib oʻtamiz, Tailand hukumati dunyoning 93 mamlakati, jumladan, Oʻzbekiston fuqarolari uchun ham amalda boʻlgan 60 kunlik vizasiz rejimni 2026-yil 15-sentabrdan bekor qilgan.