Andijon viloyati YHXB Buloqboshi tumanida sakkizta avtomobil ishtirokida roʻy bergan yoʻl-transport hodisasi yuzasidan rasmiy maʼlumot berdi.

Hodisa 10-oktabr kuni soat 09:40 atrofida Neftchilar mahallasining Konchilar koʻchasida sodir boʻlgan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Neftchilar - Kulla yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan 48 yoshli Oʻ.A. boshqaruvidagi tuproq ortilgan Howo yuk mashinasining tormoz tizimida nosozlik yuzaga kelgan. Oqibatda haydovchi boshqaruvni yoʻqotgan.

Yuk mashinasi qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanayotgan Cobalt, Nexia, BYD Song Plus va Nexia 2 avtomobillari, shuningdek, yoʻlning oʻng tomonida toʻxtab turgan Nexia 3, Damas va Matiz bilan toʻqnashgan. Bundan tashqari, koʻcha boʻyida joylashgan doʻkonlarga ham zarar yetgan.

YTH oqibatida uch nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan. Howo haydovchisi va yana uch kishi turli tan jarohatlari bilan tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Buloqboshi tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (Odamlar oʻlimiga sabab boʻlgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.