Toşkent şahar IIBB maʼlumotiga köra, voqea 17-oktabr kuni taxminan soat 13:00 da sodir bölgan. Restoran oldida 1990-yilda tuğilgan S.R. va 2009-yilda tuğilgan voyaga yetmagan yigit örtasida kelişmovçilik yuzaga kelgan.
OAV xabarlarida yigit kurer bölib işlaşi, janjal esa Markaziy univermag - TSUM yaqinidagi piyodalar yölagidan skuterda ötiş vaqtida boşlangani aytilgan. Tarqalgan videoda restoran vakili uni töxtatib, haqorat qilgani va uriş bilan tahdid qilgani aks etgan. Kurer esa navigator körsatgan yönaliş böyiça kelganini bildirgan.
IIBB fuqaroning harakatlarida jamoat tartibini buziş holati bölganini maʼlum qilgan. Mirobod tumani IIO FMB tomonidan Maʼmuriy javobgarlik töğrisidagi kodeksning 183-moddasi - «Mayda bezorilik» böyiça bayonnoma rasmiylaştirilib, töplangan hujjatlar jinoyat işlari böyiça tuman sudiga yuborilgan.
Voqeadan keyin «Moviy gumbazlar» xiyobonidagi yozgi maydonça joylaşuvi ham tekşirilgan. Hokimlik maʼlumotiga köra, hududdan foydalaniş talablari, jumladan, piyodalarning erkin harakatlanişiga oid qoidabuzarliklar aniqlangan. Şundan söng çoralar körilib, yölak restoran stol-stullaridan böşatilgan.
Restoran maʼmuriyati öz munosabatida yozgi maydonça yonidagi yölak piyodalar, bolalar aravaçasi bilan yuruvçilar va harakatlaniş imkoniyati çeklangan şaxslar uçun oçiqligini bildirgan. Ayni paytda, xodimlar yölakda mototsikl va mopedlarda harakatlanmaslikni söraşini qayd etgan.
Restoran janjal holatlarini va kuzatuv kameralari yozuvlarini örganayotganini, xodimlarning qöpolligi hamda tahdidlariga yöl qöymasligini ham maʼlum qilgan.
Keyinçalik janjalda qatnaşgan şaxs kurerdan uzr sörab, qilgan işidan puşaymonligini bildirgan.
Manbaning aytişiça, jinoyat işlari böyiça Mirobod tuman sudining 18-oktabrdagi qarori bilan restoran vakiliga 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.












