Turkiyaga kelin boʻlgan oʻzbekistonlik ayol kuyov tomon sovgʻa qilgan tilla taqinchoqlarni toʻydan soʻng oʻgʻirlab qochib ketganlikda ayblandi. Oʻzbekiston Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ayol qochib ketmagani va u hozirda Turkiya hududida ekanligini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, oʻzbekistonlik 28 yoshli M.B. Mugʻla viloyati Milas tumanidagi oilalardan biriga kelin boʻlib tushgan.
Taʼkidlanishicha, u hech qayerga qochib ketmagan va oʻz ixtiyori bilan mahalliy politsiya boʻlimiga borib, holat yuzasidan koʻrsatma bergan.
Ayol oʻziga nisbatan bildirilgan daʼvolarni rad etib, toʻyda taqilgan tilla buyumlarni onasi bilan birgalikda qaynotasiga topshirganini bildirgan. Unga koʻra, qaynotasi keyinchalik ushbu tillalarni kredit va boshqa qarzlarini toʻlash uchun sotganini oʻzaro yozishmalarda qayd etgan.
Ayol bu boradagi dalillarni Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etgan.
Ayni paytda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
















