Kun.uz tahririyati bugungi ilm-fan, ta'lim haqida yetakchi tadqiqotchi olimlar bilan suhbatlarini davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Fizika-matematika fanlari doktori, Jahon fanlar akademiyasining yosh a'zosi Ahmadjon Abdujabbarov bo‘ldi.
Suhbat mavzusi oliy ta'lim tizimi, undagi muammolar yechimiga bag‘ishlangan. O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalari ta'lim tizimi, sifati, o‘quv dasturlari xorijiy universitetlar bilan taqqoslangan holda tahlil qilingan va zarur takliflar bildirilgan.
— Xorijiy OTMlarning O‘zbekistondagi universitet va institutlardan asosiy farqi nimada — ta'lim sifatidami yoki tizim qulayligida?
— O‘zbekistonda ko‘plab mahalliy oliy o‘quv yurtlari bilan bir qatorda xorijiiy universitetlar filiallari ham faoliyat olib boradi. Ular o‘rtasida farq, albatta, bor: tizimda ham, ta'lim sifatida ham. Bizda ta'lim jahon darajasiga chiqib ololmadi, ta'lim sifati isloh qilinmadi.
Har ikki tizimli ta'lim muassasalarida faoliyat olib borganman. O‘zMU va TATUda fizika fanidan dars beraman, chet elda esa Frankfurt, Seliziya, Fudan universitetlarida ishlaganman, shuningdek, Toshkentda yangi ochilgan Amiti universitetida talabalarga ma'ruzalar o‘qiyman.
Ta'lim sifatidagi farqlarga to‘xtalsam, O‘zbekistondagi oliy ta'limdagi fanlar o‘quv yuklamalari bundan 20-30 yil oldin shakllangani bo‘yi hali tubdan qayta ko‘rib chiqilmagan. Fan, xususan, fizika yoki matematika fanlari bir joyda qotib turmaydi, doim o‘zgarishda bo‘ladi. Har yili tubdan yangilab turish kerak bo‘ladi.
Yaqinda e'lon qilingan Prezident farmonida oliy ta'lim tizimini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha vazifalar belgilangan. O‘ylaymanki, mana shu vazifalarga to‘g‘ri yondoshilsa, bizdagi ta'lim sifati ham, oliy ta'limdagi o‘qitish tizimi ham jahon standartiga mos kelib qoladi.
Kredit ta'lim tizimiga o‘tilishi, har bir fanni zamon talablariga moslash bilan birga shunga mos ravishda adabiyotlar, ularga eng so‘nggi yangiliklarni kiritish kerak bo‘ladi. Bunda 20-30 yil oldingi ma'lumot emas, yaqin 2-3 yilda ham qancha yangilik bo‘lmoqda. Globallashuv davrida ilm-fan to‘xtab qolgani yo‘q.
Ilm-fandagi eng so‘nggi yangiliklarni talabalarga yetkazib berolmasak, biz chiqarayotgan kadrlarimiz zamonaviy talabga javob bermay qoladi deb hisoblayman.
















