Toshkent shahrida koʻchada turgan motorollerni olib qochgan erkak jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmiga koʻra, 1974-yilda tugʻilgan F.N. Chilonzor tumanida uy oldida turgan motorollerni olib ketgan. Transport vositasi boshqaruv servis kompaniyasiga tegishli boʻlgan.

Bungacha 6-marta sudlangan va xavfli retsidivist boʻlgan erkak jinoyatni antiqa usulda amalga oshirgan. U motoroller oldiga borib, Telegram’ning saqlangan xabarlar boʻlimiga joy geolokatsiyasini tashlab olgan. Soʻngra u yerdan ketgan.

Yoʻl-yoʻlakay bekat va koʻchalardagi eʼlonlarni qarab, evakuator xizmatini topgan va qoʻngʻiroq qilgan.

“Chilonzor tumani 19-mavzesi 16-uy oldida uch gʻildirakli skuterim bor, oʻshani eski Toshmi tomonga olib borib bering, oʻzim qabul qilib olaman”, degan erkak evakuator haydovchisiga.

Haydovchi xizmat haqi 300 ming soʻm boʻlishini aytgan, F.N. esa 250 ming soʻm berishini bildirgan. Savdo pishgach, F.N. evakuator haydovchisiga motoroller turgan joy geolokatsiyasini joʻnatgan.

Oradan bir soat vaqt oʻtib, haydovchi qoʻngʻiroq qilgan va manzilga borganini aytgan. F.N. unga motorollerni yuklab kelaverishni, oʻzi bozorda ekanini, bozorlik qilib boʻlgach “Eski Toshmi” oldida yoʻl chetidagi meva-cheva sotadigan joyda kutib olishini maʼlum qilgan.

  Shu tariqa, evakuator haydovchisi motorollerni yuklab, aytilgan manzilga kelgan. F.N. unga birozdan soʻng yetib borishini, bank karta raqamini aytsa, pul oʻtkazishini” bildirgan. Soʻngra haydovchi aytgan bank kartasiga koʻchada turgan PayNet qurilmasidan pul oʻtkazgan hamda “agar ulgurmasam skuterni oʻsha yerga tushirib ketavering”, degan.

Xizmat haqini olgan evakuator haydovchisi motorollerni aytilgan manzilga tushirib ketgan. F.N. esa motorollerga yaqinlashmasdan uni 2-3 kun kuzatishga qaror qilgan. Agar hech kim tegmasa, keyin metallolomga topshirib, pulini oʻz ehtiyojlariga sarflash rejasini tuzgan.

Oradan 2 kun oʻtib, “oʻlja”ni kuzatishga borgan F.N. motoroller joyida yoʻqligini koʻrgan. Chunki, boshqaruv servis kompaniyasi transport vositasi olib qochib ketilgani haqida “102”ga xabar bergan va motoroller evakuator tashlab ketgan joydan topilgandi. 

Sud hukmi bilan F.N. Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “g” bandida (talon-toroj qilish maqsadida oʻgʻrilik yoki talonchilik yoʻli bilan transport vositasini olib qochish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllagan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.