Saudiya Arabistoni aeroportini yopdi va husiychilarga «jiddiy javob» qaytarishni vaʼda qilmoqda
|16:34 / 13.10.20264 8278 min
Yamandagi husiychilarning davomli hujumlaridan keyin dushanba kuni Saudiya Arabistoni hukumati Ar-Riyoddagi xalqaro aeroport faoliyatidagi tanaffusni uzaytirdi.
Foto: Saudi Press AgencyFoto: Saudi Press Agency
Oʻtgan haftada mazkur aeroportga berilgan zarbalar oqibatida kamida 18 kishi halok boʻlgan, shundan 13 ta oʻlim holati shanba kungi zarbadan keyin qayd etilgan – bu mamlakatda soʻnggi oʻn yildan ortiq vaqt davomidagi eng ajalvor hujum boʻldi. Yuzlab kishilar jarohat olgan. Saudiya Arabistoni rasmiylari husiychilarga qattiq javob qaytarilishini vaʼda qilmoqda.
Dushanba kuni Saudiya Arabistoni fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasi «qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroport faoliyatidagi tanaffus uzaytirilgani»ni eʼlon qildi, ammo gap qanday muddat haqida ketayotganiga aniqlik kiritilmadi.
Fors koʻrfazi mamlakatlariga parvozlarni amalga oshiruvchi aviakompaniyalardan biridagi manbaning soʻzlariga koʻra, dushanba kuni Saudiya Arabistoni aviatsiya maʼmuriyatidan olingan xabarnomalarda aeroport faoliyati kamida ish haftasi oxirigacha toʻxtatilishi bildirilgan.
Ar-Riyod metropolitenining yuqori martabali rasmiysi ham AFP muxbiriga hukumat aeroportga xizmat qiluvchi uchta stansiyada poyezdlar harakatini toʻxtatganini aytgan.
Saudiya Arabistoni energetika vaziri Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan husiychilarning aeroportlar va neft-gaz sohasi obyektlariga boʻlayotgan hujumlariga «jiddiy» javob qaytarilishini vaʼda qilgan.
«Soʻnggi haftalardagi voqealar jiddiy tus oldi. Bizning javobimiz ham xuddi shunday jiddiy boʻlishi kerak», – dedi shahzoda Abdul Aziz ibn Salmon Ar-Riyodda boshlangan WPC Jahon energetika kongressidagi chiqishida.
Husiychilar saudiyaliklarning Yaman gʻarbidagi «shafqatsiz tajovuzi»ga javoban zarbalar berganini maʼlum qilgan.
Husiychilar nazoratidagi sogʻliqni saqlash vazirligi yakshanba kuni Saudiya Arabistonining Yaman poytaxti Sanodagi turar joylar boʻylab yoʻllagan aviazarbasi oqibatida yosh bola halok boʻlib, yana olti kishi jarohat olganini xabar qilgan.
Saudiya Arabistonidagi koalitsiya Yamanning Qizil dengizi sohillari va boshqa hududlari boʻylab husiychilarga qarshi yurish qilayotgan hukumat kuchlarini havodan qoʻllab-quvvatlamoqda.
Saudiya Arabistoni pozitsiyasi
Mavzuga oid
AFP via Getty Images
Saudiya Arabistoni energetika vaziri, shahzoda Abdul Aziz oʻz mamlakati bu sinovlarni ortda qoldirishini vaʼda qildi
WPC jahon energetika kongressi yakshanba kuni soʻnggi bir hafta ichida toʻrt marta hujumga uchragan Ar-Riyod aeroportidan taxminan 10 km masofadagi kongress-markazda ochildi.
Saudiya rasmiylariga koʻra, shu kunlarda mamlakat shimoli-sharqidagi Dammam shahrida joylashgan qirol Fahd nomidagi xalqaro aeroportga ham hujum qilingan.
Bir necha soat oʻtib Yamandagi saudiyaliklar boshchiligidagi koalitsiya kuchlari husiychilar tomonidan Saudiya Arabistoni janubi-gʻarbidagi Hamis-Mushayt shahri yoʻnalishida uchirilgan dron va raketani toʻxtatib qolgani xabar qilindi.
Dushanba kuni Ar-Riyodda WPC kongressi ochilishida nutq soʻzlagan shahzoda Abdul Aziz hujumlarga qaramay, marosimda ishtirok etayotgan mehmonlarga, energetika kompaniyalari rahbarlari hamda hukumat vakillariga minnatdorchilik bildirdi.
«Maʼlumingizki, mamlakatimiz xavfsiz va biz sizning muhofazangiz uchun barcha choralarni koʻramiz», – degan u.
Shu bilan birga, vazir «energetika xavfsizligi tabiiy kafolatlanmagani»ni taʼkidlagan.
«Soʻnggi voqealar infratuzilmalarimiz, institutlarimiz, xalqimiz va qiyinchiliklarga qarshi tura olish qobiliyatimiz uchun sinov boʻlmoqda», – deya tan oladi u.
Shahzoda Abdul Aziz Saudiya Arabistoni bu sinovlarni yengib oʻtishiga vaʼda bergan.
«Biz, saudiyaliklar – qoʻrqmas, jangari va qatʼiyatli xalqmiz, – dedi u. – Biz butun dunyoga boshimizga qanday sinovlar kelishidan qatʼi nazar, ularni yengib oʻta olishimizni isbotlaymiz».
Husiychilar toʻxtamoqchi emas
AFP via Getty Images
Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan husiychilar oʻz harbiy salohiyatini oshirib, Yaqin Sharqni beqarorlashtiruvchi jiddiy kuchga aylanmoqda.
Hali husiychilar tomonidan Saudiya shahzodasining bayonotlari yuzasidan munosabat bildirilmadi.
Ammo yakshanba kuni kechqurun husiychilarning harbiy vakili Yahyo Saria videomurojaat orqali guruh kuchlari Ar-Riyod va Dammamdagi aeroportlarga, shuningdek, Saudiya Arabistonining Sharqiy viloyatidagi ikkita neft-gaz obyektiga raketa zarbalari yoʻllaganini tasdiqladi. Uning soʻzlariga koʻra, bu Saudiya Arabistonining soʻnggi 24 soat ichida Yaman boʻylab yoʻllagan 124 bor aviazarbasiga javob boʻlgan.
Saria yana bir bor aviakompaniyalar va yoʻlovchilarni Saudiya aeroportlari va mamlakat havo hududidan foydalanish bilan bogʻliq xavflar haqida ogohlantirgan. Uning soʻzlariga koʻra, musulmonlar uchun muqaddas boʻlgan Makka va Madina shaharlariga parvozlar bundan mustasno.
U husiychilar kuchlari «Saudiya Arabistoni hududining ichkarisida „blokadaga qarshi blokada“ va „eskalatsiyaga qarshi eskalatsiya“ tamoyili asosida harakat qilib, tajovuz toʻxtamaguncha va Yamanning aziz xalqiga qarshi qamal bekor qilinmagunicha saudiyalik dushmanlarning qoʻshimcha kuchlariga zarba berishda davom etishi»ni vaʼda qilgan.
Ar-Riyoddagi aeroportga shanba kuni qilingan hujum xalqaro hamjamiyat tomonidan qattiq qoralanmoqda.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish roʻy bergan voqeadan «chuqur larzaga tushgani»ni aytgan va tinch aholiga hamda fuqarolik infratuzilmalariga hujum qilish xalqaro huquqni buzish ekanidan ogohlantirgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonining husiychilarga qarshi zarbalariga Qoʻshma Shtatlar ham qoʻshilishi mumkinligi yuzasida «qaror qabul qilishi»ni aytgan. OAV maʼlumotiga koʻra, AQSH harbiylari allaqachon Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiyaga razvedka maʼlumotlarini taqdim etmoqda va zarbalar uchun nishonlarni tanlashda yordam bermoqda.
Husiychilar agar Yamandagi urushga aralashadigan boʻlsa, Qoʻshma Shtatlar ham tezkor va ogʻriqli javob qabul qilib olishini bildirgan.
AQShning Ar-Riyoddagi elchixonasi oʻz xodimlariga maxsus ruxsatnomasiz Saudiya Arabistoni aeroportlaridan foydalanmaslik boʻyicha koʻrsatma bergan.
Husiychilarga qurol-yarogʻ yetkazib berishi va ularning jangchilarini harbiy tayyorgarlikdan oʻtkazgani aytiladigan Eron (Tehrondagilar bu ayblovlarni bir necha bor rad etgan) mojaro keskinlashuvidan «chuqur xavotirda» ekanini maʼlum qildi va vaziyatni hal qilish uchun «muloqot va hamkorlik» yoʻlini tanlashga chaqirdi.
Yamandagi mojaro mohiyati
Yaman uchun vayrongarchiliklar keltirgan fuqarolik urushi 2014-yilda, husiychilar poytaxt Sanoni hukumat kuchlaridan tortib olganidan keyin boshlangan. 2015-yilda Saudiya Arabistoni qonuniy hukumatni hokimiyatga qaytarish maqsadida arab davlatlari boshchiligida koalitsiya tuzib, vaziyatga aralashganidan keyin mojaro yanada kuchaygan.
Soʻnggi toʻrt yil mobaynida norasmiy sulh amal qildi va vaziyat nisbatan tinch edi, ammo shu yil yozida, husiychilar Saudiya Arabistonini dengiz orqali qamal qilishni boshlab, Saudiya aeroportlari, neft obyektlari hamda Qizil dengizdagi tankerlarga raketa zarbalari berishni boshlagach, ushbu moʻrt sulh buzildi.
Husiychilar bu orqali Saudiya Arabistonining Yaman hududidagi portlar va aeroportlarni blokada qilishi, shuningdek, Sano aeroportiga uyushtirilgan havo hujumiga javob berayotganini taʼkidlagan. Shu bilan birga, Yamandagi rasmiy hukumat Eronning tegishli ruxsatnomaga ega boʻlmagan samolyoti qoʻnishiga toʻsqinlik qilish maqsadida bu zarbani aynan oʻzi amalga oshirganini maʼlum qilgan.
Sentabr oyi boshida esa husiychilar kutilmaganda Yamanning janubi-gʻarbida, Qizil dengiz sohillari boʻylab hujumga oʻtdi va hukumat kuchlarini Qizil dengizning janubiy chekkasidagi Bob-al-Mandab boʻgʻozini nazorat qilish imkonini beruvchi hududlardan siqib chiqardi.
Guruh vakillari ushbu boʻgʻoz orqali kemalar qatnoviga tahdid qilmasligini maʼlum qilgan, ammo Saudiya Arabistoniga tegishli kemalar boʻylab zarbalar berishda davom etgan.
Shunga qaramay, boʻgʻoz atrofidagi hududlar egallab olinishi jahon bozorida neft narxi keskin oshishiga sabab boʻldi. AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi Fors koʻrfazidagi Hoʻrmuz boʻgʻozi amalda yopilishiga olib kelganidan soʻng, Saudiya Arabistoni neft eksporti uchun Qizil dengizdan foydalana boshlagandi.
Oʻtgan hafta Yaman hukumati husiychilar egallab turgan barcha hududlarni oʻz nazoratiga olish maqsadida yangi hujum boshlaganini eʼlon qildi.
Hukumat kuchlari Saudiya Arabistonining shiddatli havo hujumlari koʻmagida Bob al-Mandab boʻgʻozi atrofidagi hududlarni tezda qaytarib olishga muvaffaq boʻlganini daʼvo qildi. Biroq husiychilar buni rad etmoqda.