Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlganidan keyin import boji stavkalarini qonun bilan belgilash amaliyotiga oʻtishni rejalashtirmoqda. Hozir boj stavkalari prezident farmoni bilan tasdiqlab kelinmoqda.

Prezidentning 27-avgust kuni imzolangan bojxona islohotiga oid farmoniga binoan, Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlganidan soʻng yagona hujjat tamoyili asosida quyidagilar qonun bilan belgilanadi:

  • tovarlarning TIF TN boʻyicha kodlari;

  • TIF TN kodlari yuzasidan JST doirasida kelishilgan maksimal miqdorlar (bound rate);

  • import bojxona boji stavkalari.

Tegishli qonun loyihasi 2027-yil dekabr oyigacha ishlab chiqilishi kerak.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotining 2026-yil mart oyidagi sammitida tashkilotga rasman aʼzo boʻlib kirishni rejalashtirgan edi. Bunday boʻlib chiqmagach, bu maqsadga joriy yil yakuniga qadar erishilishi aytilmoqda.