17-oktabr kuni dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston jamoasi aʼzosi, Olimpiada va Osiyo chempioni, Osiyo oʻyinlari gʻolibi, Jahon chempionati sovrindori Diyora Keldiyorova (-52 kg) Qozogʻistonning Aqtau shahri mezbonlik qilgan xalqaro turnirda oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Ikki yarim yillik tanaffusdan soʻng tatamiga qaytgan Keldiyorova turnir davomida barcha raqiblarini, jumladan, finalda ozarboyjonlik Farida Mirzayevani ham ippon bahosi bilan magʻlub etdi.
Bu turnirdagi gʻoliblik Keldiyorovaga jahon reytingi uchun 100 ochko taqdim etdi.
Sportchi final bahsidan keyingi intervyusida hozircha avvalgi sport formasiga toʻliq qaytmagani, lekin oʻzini yaxshi his qilayotganini aytgan.
«U yerda boshqacha edim, hozirgi oʻzimni oʻsha paytdagi Diyora bilan solishtira olmayman. Hozir boshqacha, yangi Diyoraman – onaman. Ikki yil davomida dzyudodan uzoqlashmadim, musobaqa muhitidan sal yiroqda boʻldim. Ammo oʻzimni yaxshi his qilyapman. Men oʻz dzyudomdan zavq olishni xohlayman. Dzyudoni yaxshi koʻraman, dzyudo bilan yashayman va bundan qanchalik zavq olayotganim men uchun muhim», – deydi u.
Diyora Keldiyorova 2024-yil yozida Parij Olimpiadasida -52 kg vazn toifasida oltin medalni qoʻlga kiritgandi. U shundan keyin farzandli boʻlgan va oʻtgan ikki yarim yilga yaqin vaqt ichida bir qator yirik turnirlarni, jumladan, 2026-yilgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazib yuborgandi.
Endi u shu oy oxirida Abu-Dabida boʻlib oʻtadigan nufuzli xalqaro turnirda ishtirok etadi.
















