Transport nazorati inspeksiyasining Avtomobil transportida nazorat boshqarmasi Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududiy boʻlimlarida faoliyat yuritayotgan inspektorlar nazorat-reyd tadbirlarida bodi-kameralardan foydalanishni boshladi.
Yangi amaliyot nazorat jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish hamda inspektorlar faoliyatining shaffofligini oshirishga qaratilgan.
Maʼlum qilinishicha, bodi-kameralardan foydalanish amaliyoti keyinchalik Transport nazorati inspeksiyasining boshqa hududiy boʻlimlarida ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Xususan, 2027-yilning birinchi yarim yilligi davomida Inspeksiya inspektorlarini bodi-kameralar bilan toʻliq taʼminlash koʻzda tutilgan.
Qayd etilishicha, mazkur chora nazorat tadbirlarida qonuniylik va shaffoflikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, bodi-kameralardan foydalanish nazorat-reyd tadbirlari jarayonini qayd etish orqali fuqarolar va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan.
















