“Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Qonunga ko‘ra, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash ishlari mazkur yo‘l egalari tomonidan, shu jumladan ixtisoslashtirilgan yo‘l tashkilotlarini jalb etgan holda amalga oshiriladi.
Yirik gabaritli va og‘ir vaznli transport vositalarining avtomobil yo‘llarida harakatlanishiga faqat maxsus vakolatli organ yoki uning tizimidagi idoralar tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Pulli avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston prezidenti tomonidan yoki o‘z vakolatlari doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
Mazkur qaror rejalashtirilayotgan pulli avtomobil yo‘li bilan bog‘liq hududlar o‘rtasida lozim darajadagi va foydalanish holatidagi avtomobil yo‘llari bo‘ylab muqobil bepul harakatlanishni ta’minlash sharti bilan qabul qilinadi.
Foydalanuvchi transport vositasida pulli yo‘ldan harakatlanish uchun quyidagi usullardan biri orqali operator bilan ommaviy shartnoma tuzadi:
pulli avtomobil yo‘liga kirish;
harakatlanish uchun to‘lovni to‘lov punktida to‘lash;
yo‘l talonini sotib olish.
Pulli avtomobil yo‘lidan harakatlanish uchun to‘lov transport vositalarining yuqori tezlik rejimini va butun yo‘nalish bo‘ylab yuqori darajadagi servis xizmatini ta’minlash sharti bilan joriy etiladi.










