Gʻarbdagi hamkorlar Ukrainani navbatdagi marta Rossiya Kiyev boʻylab ballistik raketalar bilan zarba berishga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirmadi. Bu haqda 13-oktabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, ukrain harbiylari raketalarni faqat poytaxtga yaqinlashib qolganida payqashgan. Soʻnggi zarbaning asosiy nishoni 4-sonli issiqlik elektr stansiyasi boʻlgan – bu Kiyevdagi asosiy energetika obyektlaridan biridir.
Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari spikeri Yuriy Ignatning aniqlik kiritishicha, Rossiyaning 14-oktabrga oʻtar kechasi uyushtirgan hujumi vaqtida hamkorlar Ukrainani dastlabki ballistik raketalar uchirilgani haqida xabardor qilmagan, lekin keyingi uchta zarba toʻlqini oldidan Ukraina tomoni tegishli ogohlantirishlarni qabul qilgan.
Bir kun oldin ham Zelenskiy Ukrainaga 12-oktabrga oʻtar kechasi Rossiyaning Kiyev boʻylab raketa zarbasi haqida razvedka maʼlumotlari yetkazilmaganini aytib chiqqandi. «Rossiya ballistik raketalari uchirilgani haqidagi razvedka maʼlumotlari odamlar hayotini saqlab qolishga yordam beradi va bu eng muhim masalalardan biridir. Aynan ballistika haqida ogohlantirish qotilliklarning oldini olishga yordam beradi», – deydi u.
Politico nashri maʼlumotiga koʻra, AQShdagilar Ukrainani 12-oktabrga oʻtar kechasi ob-havo yomon boʻlgani tufayli Kiyev boʻylab raketa zarbasi haqida ogohlantira olmaganini bildirgan. Shu bilan birga, Ukraina hukumatidagilar «gap bunda emasligi»dan xavotirda.
AQSH prezidenti Donald Tramp jurnalistning Vashington Kiyev bilan razvedka maʼlumotlari almashgani qanchalik toʻgʻri ekani haqidagi savoliga javoban «bunday emasligi»ni aytgan. Financial Times maʼlumotiga koʻra, avvalroq AQSH agar Kiyev Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni toʻxtatmaydigan boʻlsa, Ukraina bilan razvedka maʼlumotlari almashinuvini toʻxtatishi haqida ogohlantirgandi.
14-oktabr tongida ukrain harbiylari SpaceX kompaniyasi Ukraina qurolli kuchlari frontda foydalanib kelayotgan Starlink sunʼiy yoʻldosh aloqasi terminallari faoliyatini cheklayotgani haqida xabar bera boshladi. Cheklovlar Starlink’ning Starshield deb nomlangan harbiy versiyasiga taʼsir qilmoqda, bu esa sunʼiy yoʻldosh aloqasidan foydalanadigan dronlar tezligiga taʼsir qiladi.
Starshield tezroq ishlaydi va uchuvchisiz uchish apparatlari operatorlari uchun oʻta zarur hisoblanadi. Dronlarga oʻrnatiladigan oddiy Starlink soatiga 160 kilometrgacha tezlikda ishlaydi, ammo u baʼzi vazifalarni bajarish uchun yetarli emas, deb tushuntiradi «Ukrainskaya pravda»ning Ukraina qurolli kuchlaridagi suhbatdoshi. Komandirlardan biri nashrga havoga koʻtarilgan ikkita dron aloqani «yoʻqotgani» va missiyani davom ettira olmayotgani aks etgan videorolikni yuborgan.




















