Qonunchilik palatasining 2019 yil 26 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida qonun loyihalari bilan birga, quyi palata tomonidan yuborilgan bir qator parlament so‘rovlariga vazirliklardan kelgan javoblar ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayevga yuborilgan «Respublikamizdagi mavjud moddiy madaniy meros obektlarini tiklash, saqlash hamda muhofaza qilish maqsadlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlaridan ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi parlament so‘rovi yuzasidan taqdim etilgan javob har tomonlama muhokama etildi.
2018 yilda moddiy madaniy meros obektlarini ta'mirlash-tiklash ishlarini olib borish uchun respublika budjeti hisobidan 47,5 milliard so‘m ajratilgan va maqsadli sarflangan. Davlat rahbarining viloyatlarga tashrifi davomida moddiy madaniy meros obektlarini ta'mirlash-tiklash uchun bergan topshiriqlari bo‘yicha ham maqsadli ishlar amalga oshirilgan.
Andijon viloyatidagi Jom'ye me'moriy majmuasi, Ark ichi madrasasi (Zahiriddin Muhammad Bobur uy-muzeyi), Xovuskon ota ziyoratgohi, Buxoro viloyatidagi Chor Bakr majmuasi, Abduxoliq G‘ijduvoniy maqbarasi, Qashqadaryo viloyatidagi Bahovuddin Naqshbandiy, Imom Muyin an-Nasafiy, Husam ota majmualari, Mahmud ibn Aminboy uyi, Shahrisabz qal'a devori hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Dovud ota majmuasi, Fil qal'a devori, Qizil qal'a qo‘rg‘oni, Hakim ota (Sulaymon Baqirg‘oniy) maqbarasi, Buraxon ota maqbarasi, Katta Guldursun arxeologik obektlarida ta'mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, Samarkand viloyatidagi Bibixonim masjidi, Hazrati Xizr, Xo‘ja Ahror Valiy majmualari, Xo‘ja Zudmurud masjidi, Buxoro yaxudiylari qabristoni (Afrosiyob qal'a devori), Xo‘ja Safoy Valiy jom'ye masjidi, Nodir Devonbegi, Usmatboy, Sherdor madrasalari, Surxondaryo viloyatidagi Said otaliq, Sulton Saodat majmualari, Jarqo‘rg‘on minorasi, Qirq qiz qal'asi, Qoratepa, Kampirtepa qal'asi kabi arxeologik yodgorliklarida ham bunyodkorlik ishlari olib borildi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 oktyabrdagi «Moddiy madaniy meros obektlaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga muvofiq, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlar soni 8208 tani tashkil etib, joriy yilning 1 noyabr holatiga 5636 ta moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obektlarining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan. Qolgan obektlarni rasmiylashtirish jarayonlari davom etmoqda.

















