Kun.uz'ning Facebook sahifasida 14 oktyabr kuni e’lon qilingan maqolalardan birining ostiga foydalanuvchilardan biri Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yusuf Tursunov sud hukmi bilan mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa ham, o‘z lavozimida qolayotgani haqida izoh qoldirdi.

Shundan so‘ng bu masala tafsilotlarini o‘rganishga qaror qildik. Taassufki, izoh qoldirgan foydalanuvchi haq bo‘lib chiqdi.

Yusuf Tursunov katta miqdordagi budjet mablag‘ini sheriklari bilan qanday o‘margan?

Sud hukmiga ko‘ra, Yusuf Tursunov 2019 yilda boshqarma bosh hisobchisi U.Xafizov, “Paradise System Servise” MChJ mansabdor shaxslari bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, 690 dona ko‘cha chirog‘ini sotib olish uchun (har birini 1 million 204 ming so‘mdan) jami 997 million 50 ming so‘m mablag‘ni jamiyat hisob raqamiga ko‘chirgan.

Ekspertiza xulosasiga asosan, mazkur turdagi chiroqning bir donasi 384 ming so‘m bo‘lgan. Shu tariqa, ko‘chirilgan pulning 264 million 960 ming so‘miga 690 dona chiroq olingan, 732 million so‘mi esa talon-toroj qilingan.

Yusuf Tursunov jinoiy harakatlarini davom ettirib, boshqarma bosh hisobchisi U.Xafizov, “Immortal Grand Savdo Service”MChJ mansabdor shaxslari bilan til biriktirgan holda ikkinchi bor yana shu “uslub”da budjet mablag‘ini o‘margan. Bu safar har biri 384 ming so‘m bo‘lgan 700 dona “Slatek LED Street Light-200W” ko‘cha chirog‘i 650 ming so‘mdan hamda har birining donasi 272,2 ming so‘m bo‘lgan 650 dona “Energomax EMX-0103/150W” ko‘cha chirog‘i 480 ming so‘mdan sotib olingan. Talon-toroj qilingan summa esa 321 million 220 ming so‘mni tashkil etgan.

Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Yusuf Tursunov jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2021 yil 4 martdagi hukmiga asosan, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, JKning 45-moddasi qo‘llangan holda 1 yil 6 oy mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, oylik ish haqining 10 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga tortiladi.

Navoiy viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 18 avgustdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmiga qisman o‘zgartirish kiritilib, Yusuf Tursunovga tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosi muddati 3 yildan 2 yil 7 oyga qisqartiriladi. Unga tayinlangan mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilish tarzidagi qo‘shimcha jazo o‘zgarishsiz, o‘z kuchida qoladi.