Navoiy va Çirçiq şaharlari aholisi tajriba-sinov tariqasida jami yillik daromadlari töğrisidagi deklaratsiyani taqdim etişining tartibi belgilandi. 20-oktabr kuni bu haqdagi hukumat qarori eʼlon qilindi.

Özbekiston prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi qaroriga binoan, soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Çirçiq şaharlarida hisobga qöyilgan jismoniy şaxslar tomonidan jami yillik daromadlar töğrisidagi deklaratsiyani taqdim etiş amaliyotini tajriba-sinov tariqasida joriy etiş belgilangan edi. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-oktabr kungi qarori bilan buning tartibini belgilovçi vaqtinçalik maʼmuriy reglament tasdiqlandi.

Qarorga köra, deklaratsiya 2026–2027-yillarda olingan daromadlar böyiça Soliq qömitasining Elektron soliq xizmatlari portali (my3.soliq.uz) va “Soliq” mobil ilovasi orqali taqdim etiladi.

Deklaratsiyani Navoiy va Çirçiq şaharlarida doimiy yaşaş joyi böyiça röyxatga olingan, 18 yoşdan katta jismoniy şaxslar topşiradi. Bu ikki şaharda hisobga qöyilganiga olti oy tölmagan şaxslar va hisobot yilida soliq organiga işga qabul qilingan xodimlar deklaratsiya topşirmaydi.

2026-yil uçun deklaratsiya 2027-yilning 1-aprelidan keçiktirmay, 2027-yil uçun deklaratsiya esa 2028-yilning 1-aprelidan keçiktirmay taqdim etilişi kerak. Soliq organi muddatidan kamida bir oy oldin xabarnoma yuboradi.

Deklaratsiyada:

  • mehnatga haq tölaş tarzidagi, mulkiy, moddiy foyda tarzidagi va boşqa daromadlar (Soliq kodeksining 371, 375, 376 va 377-moddalari);
  • köçmas mulk, köçar mulk va majburiyatlar (soliqlar, kommunal xizmatlar va kreditlar) böyiça xarajatlar körsatiladi;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar va özini özi band qilgan şaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan boğliq xarajatlar körsatilmaydi.