15-oktabr kuni Markaziy bankda oʻtkazilgan “Moliyaviy xizmatlarda komissiyalar: xarajatlar, raqobat va isteʼmolchi manfaatlari” mavzusidagi davra suhbatida naqd pulni bank kartasiga kiritish uchun undiriladigan komissiyalar ham muhokama qilindi.
Tijorat banklari, toʻlov tizimlari va OAV vakillari qatnashgan uchrashuvda banklarning xizmat koʻrsatish xarajatlari bilan birga, isteʼmolchilar zimmasiga tushayotgan toʻlovlar masalasi koʻtarildi.
“Banklar resurslarni jamlashdan manfaatdor”
Iqtisodchi Otabek Bakirov oʻzi mijoz boʻlgan xorijiy banklarni misol qilib, bankka pul kiritish va undan pul olish uchun alohida haq toʻlamasligini aytdi. U banklar mijozlarning mablagʻlarini jalb qilish va ishonchini qozonishdan manfaatdor ekaniga urgʻu berdi.
“Men oʻzim Gruziyadagi ikkita bankning, Qozogʻistonning bitta banki mijoziman. Hech qachon mendan pul kiritganimga ham, pul chiqarganimga ham komissiya olmaydi. Ikkalasi ham.[…] Oʻzining bankiga kiritish va oʻzining bankidan chiqarish bepul. Chunki ular resurslarni jamlashdan va ishonchdan manfaatdor”, - dedi Bakirov.
Uchrashuvda jurnalistlar ham banklar oʻz xarajatlarini asoslab berayotgan bir paytda, oddiy fuqarolarning xarajatlari ham hisobga olinishi kerakligini taʼkidladi. Xususan, oyligini kartada oladigan odam pulini naqdlashtirish yoki boshqa kartaga oʻtkazishda qoʻshimcha haq toʻlashiga eʼtibor qaratildi.
Xalq banki: "oʻz mijozlarimiz uchun bepul, boshqalarga - 0,4 foiz"
Xalq banki vakili naqd pul qabul qiluvchi ADM qurilmalari orqali kartani toʻldirish shartlarini tushuntirdi. Uning maʼlum qilishicha, bankning oʻz mijozlari uchun bu xizmat bepul, boshqa bank mijozlari uchun esa komissiya belgilangan.
“Bizda 220 dan oshiq ADM qurilmalari bor, yaʼni jismoniy va yuridik shaxslardan naqd pullarni qabul qiladigan. Respublikaning deyarli barcha tumanlariga oʻrnatilgan. Xalq banki mijozlariga, yaʼni yuridik va jismoniy shaxslarga, kartasini toʻldirish yoki yuridik shaxsga inkassatsiya qilish uchun komissiya olinmaydi. Boshqa bank mijozlari uchun 0,4 foiz komissiya qoʻyilgan. Bu yerda ham bizning daromadimiz uncha katta emas. Hozirgi xarajatlarni qoplash uchun qoʻyilgan”, - dedi bank vakili.
Uning taʼkidlashicha, bank ushbu xizmatlarda komissiyalarni oʻz xarajatlariga imkon qadar yaqin darajada belgilashga harakat qilmoqda.












