Kremlga koʻra, Putin va Trampning telefon qoʻngʻirogʻi Ukraina urushi boʻyicha tinchlik muzokaralarining borishiga umuman taʼsir qilmaydi. Yaʼni Moskva nazdida bu qoʻngʻiroqning urush uchun deyarli ahamiyati yoʻq.
Reuters'ning yozishicha, Putin Tramp bilan muloqotda Ukrainaning oʻtgan Rossiyadagi parlament saylovi vaqti Moskvaga uchirgan dronlari sabab muzokaralarni qayta boshlash imkoniyati barbod qilinganini gapirgan.
Tramp saylanganidan beri urush borasida Vashingtonning harakatlari natijasiz qolib kelmoqda.
Telefon muloqotidan bir kun avval esa davlat kotibi Rubio Rossiyaning Ukrainadagi urushi daxshatli vaziyatga tushib qolganini, AQSH esa uni tugatish payida ekanini taʼkidlagan.
Putin oʻtgan oy parlament saylovlaridan keyin Ukraina bilan muzokaralarni qayta boshlashga rozi ekanini aytgan edi, biroq Kiyevning hujumi uni fikridan qaytargan. Yoxud uning oʻzi shunday deb masalani choʻzmoqda.
«Kiyev asosiy ovoz berish kunida Moskva, boshqa shaharlar va saylov uchastkalariga, shuningdek, saylovni tashkil etishda ishtirok etgan muayyan shaxslarga katta dron hujumini amalga oshirish orqali muzokaralar jarayonini darhol qayta boshlash imkoniyatini samarali ravishda barbod qildi», dedi Kremlning tashqi siyosat boʻyicha yordamchisi Yuriy Ushakov Tramp bilan boʻlgan qoʻngʻiroq haqida fikr bildirarkan.
«Va endi, prezident aytganidek, biz bu muzokaralarni qachon qayta boshlash mumkinligini koʻrib chiqamiz», deya qoʻshimcha qildi u.
Ushakov shuningdek, Putin va Tramp telefon qoʻngʻirogʻi davomida yirik iqtisodiy tashabbuslarni, jumladan, Rossiya yoqilgʻisini yetkazib berish imkoniyatlarini muhokama qilganini aytdi.
Tramp ham Truth Social'dagi sahifasida Putin bilan juda muvaffaqiyatli muzokarani yakunlagani, endi Rossiya Amerika va global bozorga 300 ming tonnadan ortiq dizel yoqilgʻisini yetkazib berishini eʼlon qildi.
Uning qoʻshimcha qilishicha, noyabr oyida yana 500 ming tonna, undan soʻng darhol 1 million tonna dizel yetkazib beriladi.
«Rossiya dizelni qayta ishlash zavodlarining holatidan kelib chiqib, qisqa vaqt ichida jami 3 mln tonna dizelni yetkazib beradi. Hoʻrmuz ustidan nazoratimiz va Rossiya energiyasi boʻyicha ushbu ajoyib eʼlon sabab dizel narxlari dunyoda rekord darajada pasayadi», deb yozdi AQSH prezidenti.













