Prezident stipendiyasi atrofida mojaro: nomzodlar nimadan norozi?
|15:41 / 16.02.202226 09225 min
Prezident stipendiyasi uçun tanlov aniq baholaş mezonlarisiz ötgan. Natijada hakamlar qöygan ballar köplab nomzodlarda e’tiroz uyğotmoqda.
10 fevral kuni davlat OTMlarining magistrantlari örtasida prezident davlat stipendiyasi uçun ötkazilgan joriy yilgi tanlov yakunlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda saralaş jarayoni şaffof va adolatli ötmagani haqida xabarlar tarqaldi. Nomzodlar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda tanlovga topşirilgan işlar aniq mezonlar asosida baholanmagani, ayrim hollarda manfaatlar töqnaşuviga yöl qöyilgani haqida aytişdi.
“Apellyatsiya talab qilganimiz uçun bosimga uçradik”
Ja’farxon Isaxonov, ÖzMU magistranti, Navoiy davlat stipendiyasi sovrindori:
— Taxminan oktyabr oylarida Prezident stipendiyasiga hujjatlar yiğila boşlandi. Noyabr oyida qoğoz körinişida töplangan hamma hujjatlar elektron şaklda stipendiya.edu.uz platformasiga yuklandi va tanlovda qatnaşiş uçun arizalar topşirildi.
Orada universitet bosqiçi, 3 bosqiçli tanlov imtihonlari bölib ötdi, hujjatlarimiz körib çiqilib, tanlovning respublika bosqiçiga yuborildi. 7 fevral kuni nomzodlar uçun vazirlikda konsultatsiya bölib ötdi, 8 fevralda DTM binosida test topşirdik, 10 fevral kuni esa vazirlik tomonidan tuzilgan komissiyaning suhbatidan ötdik, şu kuni test natijalari ham e’lon qilindi.
Ammo tanlovni taşkillaştiriş, nomzodlarning işlarini baholaş jarayonidan könglimiz tölmadi. Saralaş jarayoni davomida Prezident stipendiyasi uçun nomzodlarning yillar davomida amalga oşirgan işlari, çop etgan maqola va qöllanmalari, erişgan yutuqlari hamda ilmiy işlanmalarini aniq baholaş tizimi yöqligi, yönalişlar böyiça baholaş mezonlari turliçaligiga, kim qanday xohlasa, öşanday baholayotganiga guvoh böldik. Bu esa tanlovda qatnaşgan nomzodlar örtasida e’tirozlarga sabab bölmoqda.
Hujjatlarni qabul qiladigan platforma esa şoşilinçda qilinganini bir qaraşdayoq biliş mumkin. Platformaning juda köp kamçiliklari bor. U Vazirlar Mahkamasining “Özbekiston iqtidorli yoşlarini taqdirlaş va moddiy rağbatlantiriş töğrisida”gi qarori talablariga javob bermaydi.
Aynan şu holat böyiça Oliy ta’lim vazirligiga savollarim bor. Nima uçun Özbekistondagi eng nufuzli tanlovlardan birida vazir buyruği bilan yoki boşqaça tartibda rasman tasdiqlangan
Mavzuga oid
aniq baholaş mezonlari yöq?
Baholaş mezonlari aniq bölmagan joyda qanday qilib adolatni ta’minlaş mumkin? Tayyorlangan hujjatlarga neça ball beriladi? Özbekistondagi ilmiy naşrlarda çiqqan, xalqaro naşrlar, masalan, Scopus bazasidagi jurnallarda çiqqan, Impact Factor darajasidagi maqolalar qanday baholanadi? Bu borada aniq tasdiqlangan mexanizm yöq.
Milliy yoki xalqaro darajadagi sertifikatlar, diplomlar, patentlar, ixtirolar, şuningdek, ilmiy risola, kitob va monografiyalarga baho berişda ham şu muammo bor.
Bundan taşqari, DTM tomonidan olinadigan test bali tanlov davomida oliş mumkin bölgan eng yuqori ballning neça foizini taşkil qilişi, magistrning ilmiy faoliyat bilan bir qatorda ijtimoiy loyihalarda iştiroki qanday baholanişi, xalqaro va respublika darajasida ilmiy-amaliy grantlardagi iştiroki qanday baholanişini ham bilmaymiz. Şu bois bu baholovçi ekspertlarning kayfiyatiga boğliq bölib qolmoqda. Buni özimning misolimda ham boşdan ötkazdim.
Prezident stipendiyasi uçun ötkazilgan tanlov taşkilotçilarning özlari ham biz bilan oğzaki muloqot davomida baholaş metodikasi va mezonlarining yöqligini tan olişdi. Boşqa ta’lim yönalişlari böyiça tanlovda nomzodlar bilan suhbatlaşganimizda, kimlardir DTM test sinovida olingan ballarga urğu berganini, ayrim ekspertlar nomzodning çet tilini bilişiga, yana kimlardir boşqa sönggi bir yil içidagi yutuqlarigagina e’tibor qaratganini ta’kidlaşdi.
Aytaylik, nomzod Scopus bazasiga kirgan jurnalda maqola çiqardi, uning bahosi neççi bölişi ekspertning xohişiga boğliq. Tasavvur qilaylik, qaysidir nomzod 50 ta maqola çiqargan, uşbu maqolalar qayerda çop etilganidan qat’iy nazar buning uçun neça ball beriş ekspertning kayfiyatiga boğliq. Deylik, nomzodda xalqaro darajada baholangan sertifikat bor, biroq uni baholaşi kerak bölgan şaxsning bu borada malakasi yöq, mutaxassis bölmagani uçun uşbu sertifikatning darajasi, ahamiyatini aniqlay olmaydi. Bunday paytda ekspert qarorni kayfiyatiga qarab aytadi. Şu örinda savol tuğiladi: nima uçun biz kimningdir kayfiyatiga qarab javob kutişimiz kerak?
Suhbatdan söng bir guruh magistrlar bilan birga appelyatsiya talab qildik. Şundan söng ekspertlar komissiyasidan bittadan kişi keldi. Ekspertlar özining metodikasi qaysi talablar asosida baholanganini isbotlab bera olmadi. Bu jarayonni apellyatsiya deb ham bölmaydi. Çunki jarayon suhbatlaştirilmadi, e’tirozlarimiz yozib olinmadi va savollarimizga asoslantirilgan javoblar berilmadi.
Şunçaki Prezident stipendiyasiga nomzodlar bilan oğzaki suhbat bölib ötdi. Ta’bir joiz bölsa, magistrlarni yoş boladay yupatmoqçi bölişdi. Suhbat davomida qölimizdan heç narsa kelmasligi, barçasi hal bölgani oçiq aytildi. Apellyatsiya talab qilganimiz uçun bosimga uçradik.
Alam qiladigani şundaki, e’tirozlarimizga qoniqarli javob bera oladigan appelyatsiya komissiyasining özi yöq ekan. Tanlov böyiça neçta şikoyat kelib tuşgan böla, barçasi ekspert komissiyasi xulosasi ustidan yozilgan. Eng qiziği, şikoyatlarimiz biz qarorlaridan norozi bölgan şaxslarning öziga yuborilarkan. Bu yana bir muammo. Mazkur holat Prezident stipendiyasi tanlovi jarayonida apellyatsiya beriş, şikoyatlarni körib çiqiş tartibi ham işlab çiqilmaganini körsatmoqda.
Telegram-kanalimga çiqargan postimdan keyin 12 fevral kuni meni vazirlikka çaqirtirişdi va yopiq suhbat böldi. Apellyatsiya uçun jalb etilgan qaysidir universitetning ilmiy işlar böyiça prorektori mutaxassisligi kimyo bölişiga qaramay mening, ya’ni gumanitar fanlar böyiça Prezident stipendiyasi uçun nomzodning hujjatlarini tahlil qildi. Maqolalarimdan kamçilik topdi, yana bir qator texnik xatolarni körsatib berdi. Lekin bu talablar odatda ilmiy iş himoyasida söraladi. Şu bois unga men dissertatsiya himoya qilayotganim yöq, balki tanlovda qatnaşyapman deb fikrimni oçiq aytdim. U yerga özimning savollarimga qoniqarli javob oliş uçun borgandim, lekin bunday bölmadi.
“Ariza yozsang, kelajagingga ziyon qilasan deyişdi”
Akbar Otaboyev,Urganç davlat universiteti magistranti, Alişer Navoiy nomidagi (2018 yil) va bakalavriat bosqiçida Prezident stipendiyasi (2019 yil) sohibi:
— Tanlov natijalaridan norozi bölib, oğzaki tarzda apellyatsiya berdim. Nizomiy nomidagi TDPUning ... B.A. [suhbatdoş lavozim egasining mansabi va ism-familiyasini keltirdi – Kun.uz] “Ariza yozsang, kelajagingga ziyon qilasan, hali yana yuzlaşamiz” degani uçun yozma tarzda murojaat qilmasdan Xorazmga qaytdim. Lekin apellyatsiya beruvçilar röyxatiga ism-familiyani yozdirib qöydim.
U biz bilan bir özi gaplaşdi, jarayon böyiça heç qanday hujjat rasmiylaştirilmadi, e’tiroz va savollarimizga javob bermadi. Faqatgina tasalli beriş, taqdirga tan berişga çaqiriş bilangina kifoyalandi.
Masalan, men bakalavriatda Alişer Navoiy nomidagi hamda Prezident stipendiyalari uçun ötkazilgan tanlovlarda ğolib çiqqanman. Bundan boşqa köplab yutuqlarim ham bor. Bu haqda barça ma’lumotlarni, tegişli hujjatlarni tanlov komissiyasiga taqdim etganman.
Men test sinovida 64 ball töpladim. Bu – men qatnaşgan yönalişdagi eng yuqori natija. Lekin tanlovning yakuniy bosqiçiga, ya’ni suhbatga çaqirilmadim. Buning sababini söraganimizda B.A. Prezident stipendiyasi uçun ötkazilgan tanlovda test heç qanday ahamiyatga ega emasligini, ekspertlar özaro kelişuv asosida meni suhbatga jalb qilmaganini aytdi. Özaro kelişuvda kimlar qatnaşgani, qaysi asosga köra meni keyingi bosqiçga ötkazişmagani haqida asosli izoh keltira olişmadi. Test sinovi natijasi inobatga olinmas ekan, u nega ötkazildi va biz nima uçun ovora bölib test topşirib yuribmiz? Bu savol ham oçiq qolib ketdi.
Şu bilan birga, B.A. suhbat davomida bakalavr bosqiçida olgan yutuqlarim, ilmiy işlarim hisobga ötmasligini ham ta’kidlab ötdi. Uning sözlariga köra, buning uçun bakalavr bosqiçida Prezident stipendiyasini olib bölganman, magistratura bosqiçida ötkazilgan tanlov uçun sönggi bir yildagi işlar inobatga olingan. Garçi Prezident davlat stipendiyalari nizomida bu haqda lom-mim deyilmagan bölsa-da, bunga ham rozi böldim.
Ammo baholaş jarayonida magistratura bosqiçidagi öqişim davomida çiqargan ilmiy maqolalarim va monografiyam nima uçun hisobga olinmagani böyiça tayinli javob berişa olmadi. Magistratura davrida olgan yutuqlarim ham yetarli edi. Şular bilan ham tanlovda iştirok etgan raqobatçilarimdan ustun edim. B.A. oğzaki suhbat paytida mening şu paytgaça juda köp yutuqlarga erişganim, bakalavr bosqiçida Prezident, Alişer Navoiy stipendiyalarini yutganim, endi boşqa nomzodlarga ham yöl berişim kerakligini qayta-qayta ta’kidladi.
Şu örinda menda qator savollar tuğilmoqda. Bakalavr bosqiçida prezident stipendiyasi sohibi böliş yoki boşqa tanlovlardan yutiş magistraturada Prezident stipendiyasi uçun ötkazilgan tanlovda qatnaşib ğolib berişga monelik qiladimi? Bu qaysi normativ-huquqiy hujjatda körsatilgan? Agar şunday bölsa, nima uçun hujjatlarni qabul qiliş jarayonida bu haqda menga aytilmagan va hujjatlarimni qabul qiliş rad etilmagan? Bu gap-sözlar nega tanlovning yakuniy bosqiçida – ğolib va mağlublar aniqlanadigan palladagina çiqmoqda? Albatta, B.A.dan bu savollar böyiça izoh söradim, ammo javob ololmadim.
Tanlovga taqdim etgan boşqa materiallarim munosib va xolis baholanmadi deb hisoblayman. Eng katta muammo bu – baholaşning aniq mezoni yöqligi. Test sinovida qatnaşganlar orasidan saralab olinib suhbatga çaqirilgan nomzodlar qaysi xizmatlari uçun uşbu bosqiçga ötgani, çaqirilmaganlarga esa qaysi kamçiliklari uçun bunday imkoniyat berilmagani böyiça aniq javobi mavjud emas.
Yana bir qiziq holat böldi. Suhbatga kirgan nomzodlarning tanlov davomida töplagan umumiy bali öşa vaqtning özida yaşirin ravişda e’lon qilindi. Buni faqat suhbatga kirganlargina eşitişdi xolos. Na boşqa nomzodlar kiritildi, na nomzodlar bilan kelgan yaqinlar kiritildi. Hammasi yopiq holatda böldi. Aslida bu jarayonlar oçiq va şaffof bölişi kerak emasmidi?
B.A.dan suhbatga kiritilgan nomzodlarning mendan nimasi bilan afzalligini aytib bering, natijalarini körsating desam, buni ham rad etdi. “Boşqa nomzodlarning baholari, işlari haqida sizga ma’lumot bera olmaymiz, faqat özingizning kamçiliklaringizni körsatişimiz mumkin”, deb aytişdi. Lekin qanday kamçiliklarga yöl qöyganimni körsatib bera olişmadi.
Mayli, meni qöya turaylik, tabiiy fanlar yönalişi böyiça suhbatga tavsiya etilgan Urganç davlat universiteti magistranti Amir Şigabuddinov ham “yiqilibdi”. Hali natijalar rasman e’lon qilinmay turib, “ÖzMU iqtidorli talabalar” nomli Telegram-kanalida ÖzMU magistranti Dildora Oxunjonovani tabiiy fanlar yönalişi böyiça Prezident stipendiyasi sohibi bölgani bilan tabriklaşga ulgurişgan. Holbuki, uning natijalari bilan Amir Şigabuddinovnikini soliştirib bölmaydi. Çunki u kimyo fani böyiça Mendeleyev xalqaro olimpiadasining 4 karra ğolibi, Islom Karimov stipendiyasi sohibi, 1 ta patent egasi, ilmiy maqolalari köp.
Dildora Oxunjonova qanday qilib ğolib böldi degan savolga javoban komissiya a’zolari ÖzMU magistrining ingliz tilida burro gapirganini, boşqa nomzodlar gapira olmaganini ta’kidlaşgan. Tabiiy fanlar böyiça ötkazilgan tanlovda nomzodlarning ilmiy yutuqlari e’tiborga olinmasdan, çet tilini bilişi köproq toş bosib ketganini umuman hazm qilib bölmaydi.
“Manfaatlar töqnaşuviga yöl qöyildi”
Sardor Salimov, TATU magistranti, Beruniy stipendiyasi sohibi:
— Test sinovi 100 ta savoldan iborat böldi, har bir töğri javobga 1 baldan berildi. Özbekiston tarixi va axborot texnologiyalaridan 35 tadan, ingliz tilidan esa 30 ta savol (CEFR B2 darajasidagi savollar) tuşdi. Men 68 ball töpladim. Prezident stipendiyasi uçun ötkazilgan tanlovga mas’ul bölgan Oliy ta’lim vazirligi boşqarma boşliği Abduvali Xoliqov biz bilan suhbatda 98 nafar nomzodning 70 foizdan ortiği test sinovlarida 50 foizdan kam ball töplaganini, şuning uçun test natijalarini inobatga olmaganini aytdi.
Men vazirlik xodimiga test sinovlarida hamma har xil baho olgani, şu paytgaça yuqori baho olganlar suhbatga tanlab olingani, agar test xöjakörsinga ötkazilgan bölsa, bir ball olganlar ham suhbatga kiriş imkoniyatiga ega bölişi haqida aytganimda, u heç kim bunday baho olmasligini ta’kidlab, javob berişdan özini olib qoçdi. Çunki suhbatga tavsiya etilganlar orasida testdan qoniqarli ball ololmaganlar, masalan, 28, 30, 40 ball olganlar ham bor edi.
Foto: Kun.uz
Vazirlik vakilidan Prezident stipendiyasi tanlovida işlarni baholaş böyiça metodikaning vazirning buyruği yoki boşqa bir yuridik hujjat bilan tasdiqlangan şakli bor-yöqligini söradim. Çunki içki buyruqlar bilan tasdiqlangan bölsa, biz bundan bexabar bölişimiz mumkin edi. Şuning uçun mas’ul boşqarma boşliğidan tanlov davomida işlarimga qanday ball berilgani va bu baholar qaysi mezonlar asosida qöyilganini körsatib berişini söradim. Bu talabim ham bajarilmadi. Qayta-qayta talab qilaverganimdan keyin bunday hujjat yöqligini aytişdi.
Tanlovda ekspertlar işlarni qanday baholaşgan? Bizga tuşuntirişlari böyiça, komissiya a’zolari maqolaga, deylik, 10 ball qöyamiz, sertifikatlarga 1 ball qöyamiz deb özaro kelişib olişgan ekan. Lekin buning huquqiy asosi yoki nomzodlarning işlarini maqomi va darajasiga qarab baholaşning aniq mezoni mavjud emas ekan. Mana şuni tanlovning eng katta kamçiligi desa böladi.
Ekspertlardan maqolani 10 ballik mezon asosida baholaymiz deyişdi. U 10 balga tortişini qayerdan bilişdi, balki 5, balki 8 balga loyiqdir u. Baholaş mezoni bölmasa, ekspertlar kayfiyatlariga qarab baholaşadimi buni?! Sertifikatlarga 1 ball beriladi deyişdi. 50 ming sömga çiqarilgan sertifikatlar bor, nufuzli xalqaro taşkilotlar tomonidan ötkazilgan seminarlarda qatnaşganlik uçun berilgan sertifikatlar bor, bir yoki ikki yillik mehnat orqasidan kelgan diplomlar bor. Bularni qanday qilib bir xil baholaş mumkin? Bunga javoban hammasi 1 ball bilan baholanişini aytişdi.
Suhbatga tavsiya etilganlar orasida Toşkent moliya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis institutidan nomzodlar bor edi. Eng qiziği, nomzodlarning işini baholab borgan komissiya a’zolari safida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori Muhiddin Pölatov (ZOOM orqali qatnaşdi) ham bor edi. Ya’ni rektor özi rahbarlik qiladigan institut talabasining işlarini baholagan. Bu esa menda Prezident stipendiyasi tanlovida manfaatlar töqnaşuviga ham yöl qöyilgan bölişi mumkinligi haqida gumonlarni yuzaga keltirdi. Vazirlik boşqarma boşliği Abduvali Xoliqovdan bu haqda söraganimizda u buni tan olmadi va tanlov davomida manfaatlar töqnaşuviga yöl qöyilmaganini ta’kidladi.
Baholaş mezonlari işlab çiqilmagani tufayli boşqa jarayonlarda ham körindi. Masalan, IT yönalişini oladigan bölsak, mening bir qança loyihalarim bor, ya’ni amaliy işlanma yaratganman. Hammasini bitta platformaga biriktirganman. Işlarimni baholagan ekspertlardan ana şu loyihalarim bilan tanişib çiqdingizmi, neça ball qöydingiz deb söradim. Bu loyihalarim respublika miqyosidagi loyihalar edi. Ekspert tanişib çiqmaganini, ularni körmaganini aytdi. Hujjatlarimizni onlayn yuborganimizda meniki kabi loyihalarni ilova qiliş uçun alohida joy ajratilmagani bois boşqa işlarimning orasiga qöşib, arxiv fayl sifatida biriktirgandim. Agar öşa faylni oçib körganida nima haqda gapirganimni darrov tuşungan bölardi.
Maqolaga 10 ball qöyilayotgan bir paytda bunday işlar 50 balga loyiqdir desam, loyihalar baholanmaydi deb aytdi. Yönalişimiz iqtisodiyot, men raqamli iqtisodiyot böyiça işlarimni topşirganman, butun bir iqtisodiy tizimni raqamlaştirib çiqqanman, nima uçun bu iş baholanmasligi kerak degan savolimga siz axborot texnologiyalari böyiça öqisangiz, boşqa nomzodlar moliya, buxgalteriya böyiça öqişadi, ular siz kabi dastur yarata olmaydi, şu sababli loyihalaringiz uçun ball beriş ularga nisbatan nohaqlik bölib qoladi deb aytişdi.
Iqtisodiyot ta’lim yönalişi böyiça magistratura bosqiçida 11 kişi Prezident stipendiyasi uçun nomzod sifatida röyxatga olingan. Qaysi nomzod qança maqola çiqargan, qayerlarda çiqargan, komissiya tomonidan bunga qança ball berilgan, boşqa yana qanday işlari bor, şular haqda bitta jadval qilib, hammaga oçiq körsatişganda e’tirozlar ança kamaygan bölardi. Hattoki özimning ballarimni ham körsatişmadi.
Umuman, tanlovni taşkil etişdagi kamçiliklar köp böldi. Ana şunday kamçiliklardan biri nomzodlarning bakalavr bosqiçida erişgan yutuqlari inobatga olinmagani bilan boğliq. Masalan, men bakalavr bosqiçida öqiyotgan vaqtimda Beruniy stipendiyasini olganman, ammo Prezident stipendiyasi nomzodlarining işlarini baholaş jarayonida bu yutuğim uçun heç qanday ball berilgani yöq. Buning sababini söraganimda Beruniy stipendiyasi uçun qilgan işlaring rağbatlantirib bölingan deb javob berişdi. Lekin bunga sazovor bölganim uçun ham qandaydir ball berilişi kerak emasmi?! Çunki tanlovda nomzodlarning ilmiy va ijodiy yutuqlari söralgandi, nomzodlar orasida şu paytgaça birorta stipendiya bilan taqdirlanmaganlar ham bor, ularning darajasi teng emas-ku. Xullas, savollarimiz juda köp. Hozirça bu savollarga asosli javob ololganimiz yöq.
“Ğolibning til bilişi mening önlab ilmiy natijalarimdan ustun keldi”
Hakima Davlatova, Jizzax davlat pedagogika instituti magistranti:
— Pedagogika ta’lim yönalişi böyiça Prezident stipendiyasi tanlovida 13 kişi qatnaşdi. Test sinovi natijasi 10 fevral kuni soat önda çiqdi. 13 nafar nomzoddan 3 kişi testdan ötib, suhbatga tavsiya etildi. Suhbatdan söng umumiy natijalar e’lon qilinişi kerak edi. Soat oltilar atrofida bizni suhbat bölib ötgan xonaga yana çaqirişdi.
Öşa yerda 22 ta ta’lim yönalişi böyiça Prezident stipendiyasi joriy etilgani, şundan 16 ta yönaliş böyiça nomzodlar tanlovda qatnaşgani, matematika fani yönalişi böyiça heç kim suhbatga tavsiya qilinmagani ma’lum qilinib, 15 ta’lim yönalişi böyiça kimlar ğolib deb topilganini e’lon qilişdi. Pedagogika yönalişi böyiça Buxoro davlat universiteti magistranti Mohinur Saidova ğolib deb topildi.
Natijalar e’lon qilingandan keyin savollar bölsa javob beramiz deb aytişdi. Bir neçta nomzodlar tanlov natijalari böyiça e’tiroz bildirişgandi, taşkilotçilar “samimiy” tuşuntirib qöyişdi. Ğoliblar muhokama qilinmaydi deyişdi. Qaysidir ğolibning sertifikati qolganlarnikidan köproq toş bosgani, kimningdir xorijiy tilni biliş darajasi raqiblarinikidan yuqoriroq ekani, yana kimningdir ilmiy maqolalari köp ball olgani aytildi.
Men ham pedagogika yönalişi böyiça ğolib deb topilgan nomzod qolganlardan qanday jihatlariga köra ustun deb ekani bilan qiziqdim. Scopus va boşqa platformalardan uning muallifligidagi maqolalar çiqmadi. Internetdagi qidiruvda ingliz tilidagi ikkita maqolasi topildi, ammo uşbu maqolalar çop etilgan jurnallarning ilmiy jamoatçilik orasidagi obrösini yuqori deb bölmaydi.
Menda esa nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda 5 ta maqolam çiqqandi, Germaniyada kitobim çop etilgan, mobil ilova va elektron darslik yaratganman. Ğolib deb topilgan nomzodda 2ta infofaktor bölsa, meniki xalqaro jurnallarda çop etilgan maqolalarim soni 18 ta edi-ku, Özbekiston doirasidagi, OAK röyxatiga kiritilgan naşrlarda çiqqanlari bilan qöşib hisoblasa ellikka yaqin materialim bor edi, qanday qilib bular teng yoki raqibimnikidan past deb topilişi mumkin?
Bundan taşqari, Moskvada ötkazilgan “2021 yilning eng yaxşi ilmiy maqolasi” (“Luçşaya nauçnaya statya 2021”) tanlovida “Jizzax vohasi tojiklarining urf-odatlari” mavzusidagi maqolam bilan qatnaşib, birinçi örinni olganman. Şunça e’tirozlarga javoban ğolib deb topilgan qiz ingliz va rus tillaridan taşqari koreysçani bilarkan, şu bilan yutib ketdi deb aytişdi xolos.
Umuman, tanlovda nomzodlarning işlarini baholaş böyiça aniq mezonlar bölmagani aksariyat iştirokçilarning e’tirozlariga sabab böldi. Tanlov natijasidan qoniqmaganim haqida 11 fevral kuni Vazirlar Mahkamasiga, Prezident administratsiyasiga va boşqa mas’ul idoralarga murojaat yubordim. Murojaatlarimda Prezident stipendiyasi uçun tanlov qanday bölib ötgani, qanday kamçiliklarga yöl qöyilganini batafsil körsatib ötganman. Umid qilamanki, bu murojaatlarimiz izsiz ketmaydi va barça e’tirozlarimiz, eng muhimi, tanlov natijalari, malakali hay’at a’zolari tomonidan qayta körib çiqiladi.
Vazirlik nima deydi?
Kun.uz yuqorida bildirilgan e’tirozlar yuzasidan Oliy ta’lim vazirligi boşqarma boşliği Abduvali Xoliqovning fikrlari bilan ham qiziqdi. Vazirlik mulozimi testda köpçilik 50 foiz ham ball ololmagani va bu asosiy mezon qilib olinganda köplab ta’lim yönalişlari ğolibsiz qolib ketgan bölişi mumkinligini aytmoqda.
“Prezident stipendiyasi uçun 22 ta ta’lim yönalişi böyiça tanlov e’lon qilingandi. Şundan 16 ta yönaliş böyiça hujjatlar qabul qilindi, qolgan oltita yönalişning ayrimlari böyiça hujjat topşirilmagan bölsa, ayrimlarining hujjatlari kamçiliklari borligi va talabga muvofiq emasligi uçun rad etildi.
16 ta komissiya tomonidan nomzodlarning hujjatlari, tanlov uçun taqdim qilgan işlari körib çiqildi. Komissiya tomonidan qöyilgan baholar va test sinovi natijasidan kelib çiqib har bir yönaliş böyiça uç nafardan nomzod suhbatga tavsiya etildi. Faqatgina matematika yönalişi böyiça heç kim suhbatga tavsiya qilişga munosib deb topilmadi.
Agar faqat test natijasiga qarab nomzodlarni suhbatga tavsiya qilganimizda iştirokçilarga adolatsizlik qilgan bölardik. Sababi 70 foizdan köp iştirokçi testda umumiy balning yarmidan kam ball töplagan. Agar test natijasini mezon sifatida olganimizda bugun stipendiyaga tavsiya etilgan 15 ta’lim yönalişining aksariyati oçiq qolib ketardi”, deydi Abduvali Xoliqov.
Boşqarma boşliği nomzodlarning işlari nufuzli institut va universitetlarning rektor hamda prorektorlaridan iborat komissiya tomonidan “haqqoniy körib çiqilgani”, bu jarayonda iştirokçilarning ilmiy salohiyati, topşirgan işlarining “vazni”ga “alohida ahamiyat berilgani”, “natijalar adolatli bölgani”ni aytmoqda.
“Nomzodning maqolalari soni köp bölsa-yu, u magistraturada ta’lim olayotgan yönalişi yoki ilmiy işi mavzusiga mos kelmasa, yo bölmasa umuman boşqa soha yoki ta’lim yönalişlariga oid bölsa, şuningdek, boşqalar bilan hammualliflikda çiqarilgan bölsa, bunday maqolalar baholaş jarayonida “vazn”ini yöqotadi.
Komissiya a’zolari nomzodning xorijiy tilni bilişi haqidagi sertifikatlari borligi, maqolalari magistraturadagi ilmiy işi mavzusiga muvofiqligi, şuningdek, ilmiy işlari aynan magistratura bosqiçida amalga oşirilgani ustunlik bergan. Çunki bu magistrantlar örtasidagi tanlov, unda bakalavr bosqiçidagi maqolalari yoki yutuqlari bilan qatnaşib bölmaydi”, – deydi u.
Abduvali Xoliqov tanlov jarayonida manfaatlar töqnaşuviga yöl qöyilgani, qaysidir OTM rektori özining talabasi qatnaşgan yönaliş iştirokçilarining işlarini baholagani haqidagi e’tirozlarga javoban komissiya a’zolari yaşirin ovoz berişgani, bu jarayonda bir kişining ovozi köp narsani hal qilmasligini aytdi. Unga köra, nomzodlarning işlarini baholaşda komissiyalarga töliq mustaqillik berilgan va komissiya a’zolari har bir ta’lim yönalişining xususiyatlaridan kelib çiqqan holda işlarni baholaşgan.
Mulozim tanlov komissiyalariga “salohiyatli, öz sohasining ustasi bölgan” insonlar jalb etilgani, ular har bir iştirokçiga qöygan bahosini asoslab bera olişiga işonmoqda.
“Tanlovda iştirok etgan, ammo ğolib deb topilmagan iştirokçilarning arizalari örganib çiqiladi. Lekin şu paytgaça bunday murojaatlardan söng tanlov natijalari özgartirilgan, ğolib özgargan holatlar kuzatilmagan”, deydi u.