13-oktabr kuni oʻtkazilgan taqdimotda avvalo, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalar holati tahlil qilindi. Oʻtgan yili maxsus komissiya tomonidan issiqxonalar xatlovdan oʻtkazilib, muayyan qismiga ekologik toza energiya manbalariga oʻtishiga koʻmaklashildi. Shu bilan birga, ayrim xoʻjaliklarda hali ham koʻmirdan foydalanilmoqda.

Kuz-qish oylarida shamol sustlashishi va harorat inversiyasi tufayli issiqxonalardan chiqadigan tashlamalar poytaxt va uning atrofida toʻplanishi mumkin.

Shu bois, Toshkent shahri va unga tutash beshta tumanda issiqxonalar uchun «yashil» texnologiyalarga asoslangan maxsus ekologik tartib joriy etish taklif qilindi.

Isitishda tabiiy gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligidan foydalanishga ruxsat beriladi. Shina, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moy va chiqindilarni yoqishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qattiq yoqilgʻida ishlayotgan issiqxonalarga joriy yil 1-dekabrga qadar ushbu manbalarga oʻtish taklif qilinadi. Yoqilgʻini yopiq joyda saqlash, avtomatlashtirilgan qozonlar va samarali chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilgan boʻlishi, kul va shlakni xavfsiz yigʻish uchun sharoit, zaxira generatori mavjudligi, tutun moʻrisi minimal balandlik meyoriga muvofiqligi kabi qatʼiy texnik talablarga mos boʻlgan issiqxonalargagina qattiq yoqilgʻidan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin.

Joriy yil 15-oktabrdan kelgusi yil 15-martga qadar issiqxonalarda doimiy ekologik monitoring olib boriladi. Unda chang-gaz tozalash uskunalarining ishlashi, havoga chiqarilayotgan tashlamalar miqdori va yoqilgʻi turlariga qoʻyilgan talablarga rioya etilishi nazorat qilinadi. Oʻlchov uskunalari va videokuzatuv vositalaridan olinadigan maʼlumotlar Ekologiya qoʻmitasining axborot tizimiga real vaqt rejimida uzatiladi. Monitoringda dronlardan foydalaniladi, jamoatchilik nazorati vakillari ham ishtirok etadi.

Chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilmagani, tashlamalar meyordan oshgani yoki taqiqlangan yoqilgʻi ishlatilgani aniqlansa, belgilangan tartibda taʼsir choralari qoʻllaniladi. Zarur hollarda issiqxona faoliyati toʻxtatiladi.

Issiqxona xoʻjaliklarining yangi talablarga moslashishi uchun moliyaviy koʻmak choralari ishlab chiqilgan. Ekologik va energiya tejamkor uskunalarni oʻrnatishga har gektar uchun 50 million soʻmgacha subsidiya, yetti yil muddatga 3 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratish taklif etildi.