2023 yili qabul qilingan “O‘zbekiston–2030” nomli taraqqiyot strategiyasiga ko‘ra, joriy o‘n yillik oxiriga kelib O‘zbekiston daromadi o‘rtachadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirishni maqsad qilgan.

Buning uchun barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, atrof-muhitni asrash, shuningdek, insonlar ehtiyojlariga qaratilgan davlat xizmatlarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan, deb yozadi London Post.

So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishning asosiy ko‘rsatkichlari qanday?

Mamlakatda 2017 yildan buyon YaIMning o‘rtacha yillik o‘sishi 5,3 foizni tashkil etib, bu mamlakatga ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar darajasi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarni egallash imkonini berdi. 2018 yilda YaIM o‘sishi 5,4 foizni tashkil etdi, bu mamlakat iqtisodiyotining ijobiy dinamikasidan dalolat beradi. 2019 yilda iqtisodiyot 5,6 foizga o‘sib, barqaror rivojlanish tendensiyasini davom ettirdi. COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq global iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekiston 2020 yilda yalpi ichki mahsulotning 0,7 foizlik ijobiy o‘sishini saqlab qoldi. 2021 yildayoq iqtisodiyot tiklanib, YaIM 7,4 foizga o‘sdi.

Keyingi yil YaIM o‘sishi 5,8 foizni ko‘rsatib, iqtisodiy rivojlanish barqaror ketayotganini tasdiqladi. 2023 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti birinchi marta 100 milliard dollardan oshdi va 115 milliard dollarni tashkil etdi. Nihoyat, 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich 130 milliard AQSh dollarigacha ko‘tarildi, bu mamlakat iqtisodiyotining jadal o‘sishidan dalolat beradi. Bunday ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar va sa’y-harakatlarning muvaffaqiyatini aks ettiradi.

2023—2025 yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan investitsiya loyihalari faol amalga oshirilmoqda. Maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish va xalqaro hamkorlar bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2024 yil aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 20 ta maxsus iqtisodiy zona faoliyat yuritmoqda. Ularning rezidentlari sifatida 771 ta korxona ish olib bormoqda. Mazkur hududlardagi sanoat ishlab chiqarishining umumiy hajmi mamlakat iqtisodiyotining sezilarli qismini tashkil etadi.

Maxsus iqtisodiy zonalar nima uchun kerak?

Maxsus/erkin iqtisodiy zonalar (EIZ) — mamlakat ichida investitsiyalarni jalb qilish, sanoat, savdo va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan alohida iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlar amal qiladigan muayyan hududlardir.