«Real» «Inter»ni ikki bor jazoladi

«Real» – «Inter» 2:1
Gollar: Mbappe, 14 (1:0). Valverde, 23 (2:0). Karlos Augustu, 77 (2:1)
«Real»: Kurtua, Hausen, Konate, Kukurelya, Dumfris, Valverde, Aleksandr-Arnold (Tchuameni, 79), Bellinghem, Vinisius Junior (Karreras, 87), Dias (Diomande, 79), Mbappe (Espi, 90)
«Inter»: X. Martines, Bissek, Bastoni, Pavar (Stouns, 46), Hoqon Chalxonoʻgʻli (Zelinski, 60), Jons, Barella (Suchich, 60), Karlos Augustu (Mxitaryan, 83), Diuf, Tyuram (Bonni, 60), L. Martines
Ogohlantirishlar: Hausen, 80 – Hoqon Chalxonoʻgʻli, 39. L. Martines, 80. Bissek, 90

 «Real» «Inter» himoyasini qoʻpol xatolar uchun kechirmadi – 2:1. Joze Mourinio sobiq jamoasi ustidan gʻalaba qozondi.

«Inter» futbolchilari «Bernabeu»da tom maʼnoda dovdirashdi va jamoa oʻyini raqib pressingi ostida sochilib ketdi. 14-daqiqada Kertis Jons jarima maydoni yaqinida toʻpni oldirdi, Braim Dias esa vaziyatdan foydalanib, darhol uning ortida boʻsh turgan Kilian Mbappeni toʻp bilan taʼminladi. Fransuz hujumchisi esa bunday imkoniyatni qoʻldan boy bermaydi.

photo_2026-09-09_10-53-09

Milanliklar 23-daqiqada ham yana bir gol sovgʻa qilishdi: darvozabon Jozep Martines negadir fint ishlatishga qaror qildi, undan toʻpni olib qoʻygan Fede Valverde esa hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi.

photo_2026-09-09_10-52-58

Milanliklar 77-daqiqada bitta gol bilan javob qaytarishdi: Karlos Augusto Lautaro Martines qanotdan oshirgan toʻpni Kurtua qoʻriqlayotgan darvozaga joylab qoʻydi. Ammo «Real»ga birinchi boʻlimda urilgan gollar gʻalaba uchun yetarli boʻldi.

Bu oqshom 27 yoshli Kilian Mbappe YECHL tarixidagi eng yaxshi toʻpurarlar beshligiga kirishga ulgurdi. Ushbu fransuz 99 oʻyinda 71 gol urgan – u shuncha golni 142 oʻyinda urgan Raulga yetib oldi. Keyingi maqsad – «Real»ning yana bir afsonasi, 90 golga ega Karim Benzemaga yetib olish.

«Inter» esa shu kuni mavsumda ilk bor ochko yoʻqotdi. Bungacha jamoa A Seriyada uch oʻyindan iborat gʻalabali seriya qayd etayotgandi.

Joze Mourinio «Inter»ga qarshi oʻyinlardagi statistikasini yaxshiladi. Bungacha u «Roma» bosh murabbiyi sifatida ushbu sobiq jamoasiga qarshi olti oʻyinda besh marta yutqazgan, bir marta durang oʻynagandi.