Turkiyaning Istanbul shahrida kuchli toshqin oqibatida ikki kishi halok boʻldi. Gubernatorning soʻzlariga koʻra, bu hodisaga soʻnggi 84 yil ichidagi eng kuchli yomgʻirlar sabab boʻldi.

14 yoshli oʻsmir koʻlmakdan yurganida elektr toki urishidan vafot etgan. Yana bir qurbon 34 yoshli erkak boʻlib, u yoʻlni kesib oʻtmoqchi boʻlganida sirpanib ketgan va yiqilib, boshi bilan yoʻlakka toʻshalgan toshga urilgan.

Istanbul shahri meri oʻrinbosari soʻzlariga koʻra, qutqaruvchilar suv toshqini tufayli qamalib qolgan qariyb 600 kishini evakuatsiya qilgan. Shaharning ayrim hududlarida avtomobillar suv ostida qolib ketgan.

Istanbul viloyati gubernatori Davut Gul aholini oʻta zarur boʻlmaganda uydan chiqmaslikka chaqirgan.

Gubernator maʼmuriyati tok urishidan vafot etgan oʻsmir oʻlimi yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.

Turkiya ichki ishlar vaziri soʻzlariga koʻra, Istanbulning ayrim hududlarida oʻrtacha yillik meyorning yettidan bir qismiga teng miqdorda yogʻingarchilik boʻlgan. Yomgʻirlar davom etishi kutilayotgani sababli, hukumat maktablarni yopishga koʻrsatma berdi.

Image
Anadolu via Getty Images

Shahar meri oʻrinbosari Nuri Aslanning xabariga koʻra, toshqin tufayli qamalib qolgan 595 kishi xavfsiz joylarga koʻchirilgan. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga favqulodda xizmatlar va kommunal xizmatlarning sakkiz mingdan ortiq xodimi ishtirok etmoqda.

«Barcha fuqarolarimizni kutilayotgan kuchli yomgʻir va boʻron munosabati bilan, ayniqsa tungi soatlarda hushyor boʻlishga chaqiraman», – deya yozgan u X ijtimoiy tarmogʻida.

Shuningdek, aholiga shaxsiy avtomobillar oʻrniga jamoat transportidan foydalanish tavsiya qilingan. Istanbul metrosi ish vaqti tungi soat 2 gacha uzaytirilgan.

Image
Foto: Getty Images
Istanbulning Kuchukchekmeje tumanida yuzaga kelgan suv toshqini

Suv toshqinlari aviaqatnovlarga ham taʼsir qilmoqda. BBC Turkiya xizmatiga koʻra, 46 ta samolyot Istanbuldagi aeroportlarga qoʻna olmagan.