Oʻzining aytishicha, bir necha yil avval yaqin doʻstlariga ergashib, onlayn qimorga kirgan va oxir-oqibat qarz botqogʻiga botgan. U qimor oʻyinlari puxta reja va tuzoq asosida qanday boshqarilishi, puldor odamlar qanday “ovlanishi” haqida soʻzlab berdi.

“Qoʻli uzun” tadbirkor

- Onlayn qimor oʻyini – botqoq, tuzoqki, insonni boʻynigacha qarzga botiradi. Uni oʻynagan odam bor mol-mulkidan, obroʻyidan, hurmatidan, ishidan, daromadidan, xotirjamligidan ayrilishi aniq. Buni men boshimdan oʻtkazdim.

1985-yil Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanida tugʻilganman. Muzqaymoq ishlab chiqarish biznesi bilan shugʻullanganman. Qimor oʻyinlariga berilib ketishimdan avval tadbirkorligim, mol-mulkim, boyligim boʻlgan. Tagimda qimmatbaho avtomashinalar, yaxshi yashash sharoiti, katta pul mablagʻlarim, bir soʻz bilan aytganda qoʻlini qayerga uzatsa yetadigan tadbirkor edim.

2020-yilda mahallamizda doʻkon ochildi. Shu doʻkon oldida oshna-ogʻaynilarim bilan qiziqishga 100-200 dollardan onlayn qimor oʻynadik. 2023-yilda mahalladoshim Qosim (ismi oʻzgartirilgan) degan yigit onlayn qimor oʻyinlarini tashkil etishni boshlagani, pul tushirib, pul chiqarayotganini va oʻynashga sharoit yaratib berishini aytib qoʻngʻiroq qildi. Qiziqtirishi va ofisi uyimga yaqin joyda boʻlgani uchun ular bilan qimor oʻynashni boshladim. Boshida 90 million soʻm pul yutdim. Yutgan pulimni berishmadi...

Oradan vaqtlar oʻtib katta mablagʻ boy bera boshladim. Oʻz vaqtida toʻlab borganim uchun Qosim hisobimga nasiyaga pul solaverar edi. Shohona ziyofatlar uyushtirib ofisiga chorlab, onlayn qimor oʻynashga taklif qilishdan charchamasdi. Bu gaplarim bilan oʻzimni oqlamoqchi emasman. Bu oʻyinni oʻynaganim, onlayn qimorga kirganimning birinchi sababchisi oʻzimman, xato oʻzimda.

Odamlarni onlayn qimorga qiziqtirish uchun shu darajada mukammal muhit yaratiladiki, oʻyinga qanday qilib mukkangizdan ketganingizni sezmay qolasiz. Qimor oʻynash uchun sizga sharoit ortigʻi bilan muhayyo qilinadi. Bu oʻyin va oʻyinni tashkil etuvchilarning yoʻnalishi shundayki, pulingizga, mablagʻingizga, toʻlash qobiliyatingizga qarab sizni qarz qilib borishadi. Ular sizni avvaldan taniydi, puxta oʻrganib chiqqan, qanchagacha pul tika olishingizgacha juda yaxshi bilishadi. Uy-joyingizga, tagingizdagi mashinangizga, choʻntagingizdagi pulingizga, kerak boʻlsa qarindosh-urugʻingizning qancha puli borligigacha qarab sizga nasiya savdo qilishadi. Sizni doimiy oʻzlariga mijoz qilib ushlab turadi. Sizni ushlab turishdan ularga manfaat bor. Siz ular uchun naqd pulsiz, siz orqali katta pul “oborot” qilishadi. Ularga sizga oʻxshagan pulli “kliyent” har doim ham kerak.

Shu tariqa, bu botqoqdan, qopqondan chiqib ketolmadim. Ularning tuzogʻiga oʻzim ham tushdim va bu jarayon davom etdi. Bor mablagʻlarimni boy berib boʻldim, keyin atrofdagi yaqinlarimdan qarz olishni boshladim.

Qimorga yoʻl...

- Boshida oʻyinni ermak sifatida koʻrdim. Chunki menga qimordan keladigan pul, mablagʻ kerak emas edi. Moddiy sharoitim oʻta yaxshi, oʻzimga toʻq boʻlganman. Qiziqishda 200 dollar pul tushirdim. 200 dollar pulni boy berdim, yutqazdim... Shundan keyin oʻyinga qaramlik uygʻona boshladi.

Onlayn qimor oʻynaganingiz sari qopqonga, botqoqqa tushib, ilashib, mukkangizdan ketib boraverar ekansiz. Bu xuddi sigaret yoki ichkilik ichadigan odam ichmasa yoki chekmasa xumori tutadigan holatni eslatadi. Odam oʻrganib-oʻrganib borib, bu botqoqqa, tuzoqqa chuqurroq kirib boraverar ekan.

Onlayn qimor oʻyini tuzoq va qopqon asosida qurilgan. Bu oʻyinda hech kim yutmaydi. Odam qancha oʻynagan sari oʻyinga qaramlik, moddiy ziyon koʻrish va salomatligini yoʻqotish tobora tezlashib, kuchayib boraveradi.

“Bir yarim oy ichida 300 ming dollar yutqazdim”

- Boshida Qosim tashkil etgan onlayn kazino kassasidan pul solib, 90 million soʻm pul mablagʻi yutib oldim. Yutgan pullarimni berishini soʻraganimda hozirda naqd puli yoʻqligini va bir-bir yarim hafta ichida pullarni berishini aytdi. Yutgan pulimni naqd koʻrinishda ololmadim. Shu tariqa, oʻyinga sekin-asta kirib, tobora bogʻlanib bordim. Yonimda pulim boʻlmasa, har safar nasiya beradi, qarz olaman...

Shu tariqa, bir yarim oy ichida 300 ming dollar naqd pulimni boy berdim. Bir soʻm pulim qolmadi. Undan keyin boʻynimga qarz yozila boshladi.

10 ming dollar qarz boʻlganimdan keyin Qosim pulni tezroq qilib berishim kerakligini aytdi. U qimor oʻyinlariga Aziz (ismi oʻzgartirilgan) ismli sherigi pul tikkanini, xohlasam u yordam berishini aytdi. Qosim bilan Aziz yonimga kelishdi. Malibu bor, 25 ming dollarga beraman dedi. Bir yil muddatda qaytarishga kelishib, 50 ming dollarga oʻsha Malibuʼni oldim. Toʻgʻrirogʻi, qoʻlimga 25 ming dollar berishdi. 10 ming dollarini qarzimga berdim. Qolgan 15 ming dollarni ham oʻzlari bilan qimor oʻynab yana yutqazdim...

Oʻyin shu tariqa davom etdi. Malibu'dan keyin Cobalt, soʻng Gentra avtomashinasi berishdi, qarz boʻlganimda “variant” qilib aylantirildi. Jarayon shu alfozda ketib, pulim boʻlmagan holatda ham oʻzlari meni qarz qilib, pul bilan taʼminlab va bu qarzni yana variant orqali ishini davom ettirishdi. Oxiri muzqaymoq ishlab chiqaradigan dastgohlargacha sotishga majbur boʻldim...

“Yana qopqonga tushdim”

- 2023-yilning dekabr oylarida oʻyinni toʻxtatdim. 2024-yil fevral oyigacha onlayn qimor oʻyinlarini oʻynamadim. Chunki qarzga botib ketgan edim. Iloji boricha qimorxonalarga bormaslikka harakat qildim.

2024-yilning fevral oylariga borib yana qoʻlimga pul tushishni boshladi. Mendan yaxshigina daromad topib oʻrganib qolganlar yana aloqaga chiqishdi. Qosim kassasida puli borligini, oʻynasam yana hisob berib turishini aytdi.

Yana qopqonga ilashdim, yana qarzga botdim. Qimorning orqasidan yana chohga tushdim. Oxir-oqibat yana 70 ming dollarga yaqin mablagʻni boy berdim. Bu safar pulim qolmagani tufayli oʻzim bilan birga ishlaydigan savdogar, tadbirkorlardan qarz oldim.

Qamoq

- 2024-yil 20-martida oʻyinni toʻxtatdim. Oʻshanda boʻynimda taxminan 200 ming dollardan oshiqroq qarzim boʻlgan. Pul topib qarzlarimni uzishni boshladim. Birinchi navbatda menga ishonib halol pulini berib turgan odamlarning pulini qaytarishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻydim-da, pul ishlashga kirishdim.

Onlayn qimor tashkilotchilari bu orada “qarzingni ber, yoʻqsa oʻldirib yuboraman”, deya hatto pichoq koʻtarib uyimga, ishxonamga kelib toʻpolon qilardi.

Ish shu darajaga yetdiki, Aziz mendan pulini olish uchun hiyla yoʻliga oʻtdi. Noilojlikdan “tanishlarimdan shakar sotib olish uchun 100 ming dollar pul oldim, uni 2 yilda qaytaraman”, deb yolgʻondan tilxat yozib berdim. Ulardan goʻyoki qarzga 100 ming dollar pul olganim haqida videolavha ham qilib olishdi.

Shundan soʻng ular bir muddat meni tinch qoʻyishdi, qaytib gaplashmadik, koʻrishmadik ham. Oradan 25 kun oʻtib: “100 ming dollar qarz olib bermay, yolgʻon gapirib yuribdi” deb ustimdan IIBga ariza qilib berishdi.

Menga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllandi. Tergov jarayonida bu pulni olmaganimni, aslida ustimdan ariza yozganlar meni tuzoqqa tushirishgani, onlayn qimor oʻyinlari orqali meni qarz qilib qoʻyishganini aytdim.

Sud jarayonlari boshlandi. Sudda ham asl haqiqatni aytdim. Lekin tilxat va videosyomka jiddiy dalil sifatida qabul qilinib, menga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shu tariqa, 2023-yil 10-dekabrda qamoqqa olingan boʻlsam, 2024-yil 4-aprelda 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqarildi. 2024-yil iyun oyida Qarshidagi “zona”da jazo muddatimni oʻtay boshladim.

Qamoqda 14 oy oʻtirdim. Aziz yaqinlarim bilan kelishib, “yetkazilgan moddiy zararni toʻliq oldim, unga adovatim yoʻq”, deya sudda koʻrsatma bergach, 2024-yil 20-fevral kuni Qarshidan, jazoni oʻtash muassasasidan ozodlikka chiqdim.

“Hukumat eʼtibor qaratishi lozim”

- Hukumatimiz va mutasaddi tashkilotlardan bir narsani iltimos qilib soʻramoqchiman. Onlayn qimor oʻyinlari xalq orasida keng tarqalib boryapti. Bu vabo odamlarni, ayniqsa yoshlarni juda qattiq taʼsiriga, girdobiga, botqoqqa tortib ketyapti. Holat nazoratga olinishi kerak, aks holda holat yomonlashaveradi.

Bu onlayn qimor oʻyinlari, hisoblarga pul solish tizimi qanday ishlaydi? Andijon viloyati misolida aytaman.

Andijon viloyatida Paynet niqobi ostidagi shoxobchalarning katta qismi onlayn qimor oʻyinlariga pul solish bilan shugʻullanadi. Ular boshqa toʻlovlarni ham amalga oshirishadi, onlayn qimor oʻyinlariga ham pul solishadi. Telefonga pul tushirish orqali 1-2 foiz daromad qilsa, onlayn qimor oʻyinlaridan 8-10 foizgacha daromad koʻrishadi. Andijon shahri va tumanlarida Paynet niqobi ostida ular juda koʻpayib ketgan. Hukumatimizdan, tegishli mutasaddi tashkilotlardan bu vaboga, bu illatga, odamlarni botqoqqa yetaklayotgan kasallikka oʻz vaqtida tegishli chora koʻrishlarini soʻrab iltimos qilib qolaman.

Menga oʻxshab qimor oʻynab ogʻir holatga tushib qolganlar juda koʻp. Faqat ular xijolatchilikdan qochib, qarzga botib qolganini ayta olmaydi xolos. Men onlayn qimor oʻynab yurib, juda koʻp insonlar boʻynigacha qarzga botganining guvohi boʻldim. Oʻyinga qarshi butun respublika boʻyicha qattiq kurash eʼlon qilib, xalqimizni bu illatdan, bu balodan qutqarishlarini soʻrab qolaman. Toʻgʻri, ayb oʻzimda, buni inkor qilmayman. Onlayn qimor oʻynab, qarzga botdim. Halovatim yoʻq... Boʻynimdagi qarzni, albatta, ularga qaytaraman, lekin bunga vaqt kerak.

3 yil mobaynida dilni xira qiladigan koʻrgiliklarni boshimdan oʻtkazdim. Bu qopqondan, bu tuzoqdan, bu “sxema”dan 3 yil deganda ham tamomila chiqib keta olmayapman. Ustiga ustak, hayotim va tinchligim tahdid va xavf ostida qolgan. Meni bu yoʻlga kirishga majbur qilganlar, qamalishimga sababchi boʻlganlar endi qaynogʻam va yaqinlarimga bosim qilishga oʻtishgan. Tegishli tashkilotlardan holatimni oʻrganib chiqib, menga huquqiy yordam koʻrsatishlarini iltimos qilaman.