Qora dengizning Ruminiya sohillari yaqinidagi qismida tanker dron hujumiga uchrashi oqibatida ekipajning 12 nafar aʼzosidan 7 nafari bedarak yoʻqoldi.

San-Marino bayrogʻi ostida suzgan Wine Trader nomli kema 15-oktabr kuni ertalabki soat 7 atrofida halokat signalini yuborgan. Bortda jami 12 kishi boʻlgan. Shundan besh nafari qutqarilgan, qolganlar bedarak yoʻqolgan deb hisoblanmoqda.

Oʻsha tunda Qora dengizda yana bir kemada – Komor orllari bayrogʻi ostida suzgan, kimyoviy mahsulotlar tashishga moʻljallangan Yara J nomli tankerda ham yongʻin chiqqan. Jabrlanganlar yoʻq, ekipaj yongʻinni mustaqil tarzda oʻchirishning uddasidan chiqqan.

Reuters maʼlumotiga koʻra, hujumga uchragan vaqtida ikki kema ham Ruminiya sohillari yaqinida langar tashlab turgandi, ammo mahalliy rasmiylar hozircha bortdagi yongʻinlarni Rossiya dronlari hujumi bilan bogʻlamayapti.

Nashr qayd etishicha, soʻnggi oʻn kun ichida Ruminiya va Bolgariya sohillari yaqinida kamida beshta yuk kemasi dronlar hujumiga uchragan. Ushbu hujumlarning barchasi NATO hududiy suvlaridan tashqarida amalga oshirilgan va jami 23 nafar dengizchi oʻlimiga sabab boʻlgan.