«Eng baland avtonarvonlarimiz 72 metrgacha yetadi»

FVV vazir oʻrinbosari Xurshid Sotiyev Toʻlqinboyevichning aytishicha, Toshkentda 50 qavat va undan baland binolar qurilishi davom etar ekan, bunday inshootlarda yongʻin xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

«Eng baland avtonarvonlarimiz 72 metrgacha yetadi. Undan balandlikka moʻljallangan, masalan, 100 metrlik texnikani joylashtirish uchun juda keng maydon kerak boʻladi. Shuning uchun baland qavatli imoratlarni qurishda yetakchi xorijiy davlatlarning aynan yongʻin xavfsizligiga oid normativ hujjatlari oʻrganilib, loyiha bosqichida takliflarimiz kiritilmoqda», - dedi Xurshid Sotiyev.

Uning soʻzlariga koʻra, baland binolarda tutundan himoyalangan zinapoyalar va yongʻinga qarshi liftlar boʻlishi kerak. Bundan tashqari, sprinkler va drencher kabi avtomatik yongʻin oʻchirish tizimlari ham muhim ahamiyatga ega. Sprinkler tizimida harorat belgilangan darajaga yetganda suv avtomatik ravishda sepiladi, drencher tizimi esa yongʻin sodir boʻlgan hududdagi bir nechta suv purkagichni bir vaqtda ishga tushiradi.

«Qutqaruvchilarimiz oʻsha qavatga yetib chiqquncha maʼlum vaqt ketadi. Yongʻinda har bir daqiqa gʻanimat. Ichki yongʻin oʻchirish kranlari, yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari, yaʼni oʻt oʻchirgichlar - bularning barchasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boʻlinmalari yetib kelguncha ishlaydigan tizimlardir», - dedi vazir oʻrinbosari.

Sotiyev, shuningdek, bunday binolarda xavfsizlik talablariga rioya qilish aholi va binoni boshqaruvchi tashkilotlar uchun ham muhimligini taʼkidladi. Uning aytishicha, binolarning loyihasini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirish, oʻrnatilgan muhandislik tizimlariga aralashish mumkin emas. Baland binolarda gaz tizimlaridan foydalanishga nisbatan cheklovlar ham yongʻin xavfsizligini taʼminlash choralaridan biri hisoblanadi.

Baland binolarda yongʻin qanday oʻchiriladi?

Shaharsozlik sohasida profilaktika boshqarmasi bosh mutaxassisi Aziz Abduazizovning aytishicha, baland binolarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha xorijiy tajribalar oʻrganilib, ularni mamlakatimizda qoʻllash choralari koʻrilmoqda. Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy va Janubiy Koreyaning baland binolarda yongʻinni oʻchirish hamda aholini himoya qilish boʻyicha tajribalari oʻrganilmoqda.

«Bugungi kunda Nest One, Pyramid Tower kabi baland qavatli binolarda yongʻin-qutqaruv avtomobillari, yaʼni yongʻin oʻchirish avtonarvonlari maksimal 72 metrgacha fuqarolarni qutqarish imkoniyatiga ega. Binoning maʼlum bir qismida xavfsiz muhit, yaʼni bitta qavatni toʻliq xavfsiz hudud sifatida belgilab olish va favqulodda vaziyatlar yuz berganda fuqarolarni ana shu hududga evakuatsiya qilish masalasi koʻrib chiqilib, bu tajriba hozirda amalda qoʻllanmoqda», - dedi Aziz Abduazizov.

Abduazizovning soʻzlariga koʻra, baland binolarda avtomatik yongʻin oʻchirish tizimlarini keng joriy etish va ularning holatini raqamli vositalar orqali real vaqt rejimida nazorat qilish masalasiga ham eʼtibor qaratilmoqda. Bunda binoning turli nuqtalarida oʻrnatilgan avtomatik qurilmalardan keladigan xabarlar bir vaqtning oʻzida yongʻin-qutqaruv situatsion markazlari va binoning dispetcherlik markazlariga uzatiladi.

«Bu, birinchi navbatda, binoni toʻliq qamrab olib, uning qaysi nuqtasida qanday holat boʻlayotganini nazorat qilishga xizmat qiladi. Ikkinchidan, binoning biror nuqtasida yuz bergan yongʻin yoki favqulodda vaziyatni tezkor aniqlash va shu hududda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash imkonini beradi», - dedi mutaxassis.