Qarshida Toshkentdagi institutning filiali va kasbiy litsey tashkil etiladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Qashqadaryo viloyati hokimligining Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
qishloq va suv xo‘jaligida innovatsion resurstejamkor texnika va texnologiyalarni qo‘llash, yer va suv resurslarini boshqarish, geodeziya va geoinformatika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qishloq va suv xo‘jaligi ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va boshqaruv bo‘yicha zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan oliy ma'lumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash;
o‘quv-laboratoriya bazasini ta'lim sohalarining davlat ta'lim standartlari va ta'lim yo‘nalishlarining malaka talablari darajasida modernizatsiyalash, o‘quv-me'yoriy hujjatlarini va uslubiy ta'minotni yetarli darajada shakllantirish, o‘quv va malakaviy amaliyotlarini zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan uyg‘unlashtirish, ta'lim berish jarayonida nazariya va amaliyot birligini ta'minlash orqali bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish;
professor-o‘qituvchilarning kasbiy bilimi, axborot kommunikatsion va pedagogik texnologiyalarni o‘quv jarayoniga keng tatbiq qilish, pedagogik mahorati va ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirish, xorijiy universitetlarda professor-o‘qituvchilarni malakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
fan, ta'lim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta'minlash orqali manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy-texnik vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan amaliy va innovatsion izlanishlarni amalga oshirish;
potensial ish beruvchi tashkilot va korxonalarni kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini muntazam ravishda o‘rganib borish orqali istiqbolda zamonaviy ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini belgilash, mutaxassislarni malakasini oshirish va Filial bitiruvchilarini o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga yo‘naltirish va ularning kasbiy faoliyati monitoringini tizimli tashkil etish.
Qishloq va suv xo‘jaligi sohasi uchun kadrlarni maqsadli tayyorlash maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filiali huzurida Kasbiy litsey tashkil etiladi.
Quyidagilar Kasbiy litseyning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
O‘quv jarayonini tasdiqlangan o‘quv rejalari asosida tashkil etish, o‘quv dasturlarini sohaga moslab unifikatsiyalash, o‘quvchilarni sohalar bo‘yicha oliy ta'limga maqsadli tayyorlash;
bazaviy o‘quv rejalari va dasturlari asosida beriladigan ta'lim mazmunini yuqorida darajada ta'minlash;
o‘qitishning an'anaviy shakllari, usullari va vositalari bilan bir qatorda sohaga bog‘liq ravishda o‘qitishning ilg‘or shakllari, usullari va vositalaridan keng foydalanish;
o‘quvchilarning darsdan tashqari faoliyatini sohaga oid inshootlarda, ilmiy va texnika laboratoriyalarida va boshqa ijodiy va madaniy maskanlarda amalga oshirish orqali, ularni kasbga qiziqishini uyg‘otish;
pedagogik kadrlari tarkibini tanlov asosida malakali, chuqur kasbiy bilimga, yuksak axloqiy va ma'naviy sifatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar bilan to‘ldirishni ta'minlash;
jalb qilingan oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari ta'lim berish jarayonidan tashqari uslubiy materiallar tayyorlashda hamda yosh o‘qituvchilarga ilmiy, uslubiy yordam berishda amaliy ishlarni tashkil etish;
o‘quv-laboratoriya jihozlari va sport anjomlari, kompyuter texnikasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyasi jihozlari, axborot resurs markazi fondi va zarur jihozlar bilan ta'minlash vazifasi yuklanadi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri Xonobod shoh ko‘chasi 19-uy manzilida joylashgan Qarshi agrobiznes va tadbirkorlik kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Filialga va Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani, Qovchin qishloq xo‘jaligi kasb hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Kasbiy litseyga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Belgilab qo‘yilishicha, Qarshi agrobiznes va tadbirkorlik kasb-hunar kolleji va Qovchin qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar Filial va Kasbiy litsey binolarida o‘quv jarayonini davom ettiradilar.
Filial va Kasbiy litseyda o‘quv jarayoni 2019-2020 o‘quv yilidan boshlanadi. Filial va Kasbiy litseyga 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab talaba va o‘quvchilarni qabul qilish kvotasi belgilangan tartibda tasdiqlanadi. Kasbiy litseyga umumiy o‘rta ta'lim maktablari 9-sinf bitiruvchilarini o‘rnatilgan tartibda qabul qilinadi. Kasbiy litseyning faoliyati va uning ta'lim tizimi (2+1) shaklda sinov-tajriba sifatida amalga oshiriladi. Kasbiy litseyning 2 yillik dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilarga belgilangan tartibda o‘rta maxsus kasbiy diplomi beriladi va yana +1 yillik sohaga yo‘naltirilgan dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilarga Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va uning filiallariga kirish sinovsiz 1 kurs talabalar safiga to‘lov kontrakt asosida kvotadan tashqari qabul qilish imtiyozi beriladi.
Mavzuga oid
20:54 / 11.11.2024
Qozog‘iston bahorda Markaziy Osiyo davlatlaridan 11 milliard kub metr suv oladi
19:07 / 07.11.2024
2025 yilda kanallarni betonlashtirishga 800 milliard so‘m ajratiladi
18:21 / 07.11.2024
Prezident suv ta’minoti og‘ir tumanlarda sug‘orishni «aqlli tizimga» o‘tkazishni buyurdi
08:45 / 07.08.2024