Tramp Rossiya tomonda

AQŞ prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi uruş masalasida endi tölaligiça Rossiya tomonga ötdi. Kiyev Rossiya neft zavodlariga zarba bermaslik talabini rad etgaç, u Kiyevga butunlay qarşi bölib qoldi. «Ukraina yangi lider tanlaşi kerakligi, Zelenskiy bilan kelişib bölmasligini» hafta davomida bir neça marta takrorladi. Keyin intervyu berib, «Zelenskiy AQŞ birga işlaşni xohlaydigan odam emas», dedi. Putin bilan telefonda gaplaşib, AQŞ Rossiyadan «solyarka» sotib olişi böyiça kelişuvga erişdi, Moskvadan bu borada sanksiyalarni olib taşladi.

Bu hali hammasi emas. Ukraina armiyasi işlatayotgan Starlink terminallari tezligi pasaytirib qöyildi, oqibatda ukrainlar frontda jiddiy muammoga duç keldi. Bu çeklov ortida Tramp bilan yana döstlaşib olgan Ilon Mask turgani aytildi, lekin milliarder harbiy terminallar tezligini Pentagon nazorat qilişini aytdi. Jurnalistlar keyinroq bu borada buyruq Oq uydan kelganini aniqladi.

Amerika Ukrainaga Rossiya zarbalari haqida razvedka maʼlumotlari bermay qöydi. Şu sabab ruslarning odatdagidan köproq zarbalari nişonga borib urildi. Amerikadan keyin ğarblik boşqa ittifoqçilar ham razvedka maʼlumotlari berişni töxtatgan körinadi, faqat Kanada öz maʼlumotlarini bölişgani aniq. AQŞ uruşga aloqador boşqa masalalarda ham Kiyevga razvedka maʼlumotlari berişni töxtatgan.

Senator Grem nomi bilan atalgan «Rossiyaga qarşi jahannam sanksiyalari» töğrisida qonun esingizda bölsa kerak. Hujjat Kongressdan eson-omon ötgandi, lekin Tramp undagi çeklovlarni kamaytirgani aniq böldi. Masalan, Rossiya neftini sotib olganlarga 100 foiz, Rossiya tovarlarining öziga 500 foiz boj qöyilmaydigan böldi.

Tramp bir vaqtlar aynan Zelenskiy bilan muloqotdan keyin boşlangan impiçment mojarosini unutgani yöq. Mana, endi Ukrainaga qarşi xohlagan işini qilmoqda. Rossiya foydasiga yangidan-yangi qarorlar çiqsa ham, ajablanmang.

Putin: «Biz javob beramiz»

Rossiya prezidenti Putin ilk marta Ukriananing WB omborlari, Yandex data-markazlariga zarbalariga munosabat bildirdi. «Duşmanning ham WB, ham Ozon platformalariga nisbatan harakatlariga duç keldik. Darvoqe, ular doim şunday qadamlarni taşlaydilarki, oçiğini aytganda, biz bularni oldindan köra bilişimiz kerak edi. Ammo bu darajagaça borişmaydi deb öylagandik», dedi Putin.

Rossiya prezidenti «Ukraina boşlaganidan keyin ruslar ham javob berib, Ukrainadagi şunday nişonlarni urganini» aytdi. Şu yerda qiziq bir jihat bor. Rossiya aslida Ukrainadagi data-markazlarga avvalroq zarba bergandi, özi bu davlatda rus raketasi yetib bormagan qanaqadir obyekt qolmadi hisob. Lekin Ukrainaning WB, Yandex'ga zarbalari katta şov-şuv böldi. Şunçalik kattaki, Rossiya prezidenti «Endi özingizdan köring, biz yanayam kuçli zarba beramiz», deb çiqyapti. Vaholanki, ruslar uçun Ukraina data-markazlarini nişonga oliş yangilik ham, muammo ham emas.