O‘zbekiston | 21:32 / 17.02.2022
44700
13 daqiqa o‘qiladi

Yangi yulduzdan – Kofirqal’agacha. O‘zbek olimlarning so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim 10 kashfiyot va ixtirolari

Fan-texnika taraqqiy etib bormoqda. Shiddat bilan rivojlanayotgan elektrotexnika, biotexnologiya, fizika va koinot ilmida insoniyat tomonidan birgina yangi asrning o‘zida yuqori muvaffaqiyatlarga erishildi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi

Albatta, bu borada o‘zbekistonlik olimlarning ham e’tirof etishga arzirli kashfiyot (topilma) va ixtirolari bor.

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi institutlar olimlari tomonidan yaqin 10 yillikda qilingan eng muhim 10 ta ana shunday kashfiyot va ixtirolarni sanadi.

1. Yangi yulduz

2017 yil 25 may kuni o‘zbekistonlik astronomlar Qashqadaryo viloyatidagi Hisor tog‘ tizmalarida joylashgan Maydanak observatoriyasida yangi yulduzning chaqnashini qayd etishgan.

Chaqnash Yetti qaroqchi yulduz turkumidagi NGC 3938 raqamli spiral galaktikada ro‘y bergan. Buning natijasida yangi paydo bo‘lgan yulduzga SN 2017ein nomi berilgan.  

Fanlar akademiyasi tomonidan o‘sha vaqtda e’lon qilingan xabarga ko‘ra, yangi yulduz bizga nisbatan yaqin, «atigi» 50 million yorug‘lik yil masofada joylashgan.

«Yulduz yorqinligi o‘zgarishining dastlabki tahlillari bu noyob hodisa ekanligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun Maydanakda bajarilayotgan kuzatuvlar nihoyatda muhim hisoblanadi va katta ilmiy ahamiyat kasb etadi», – deyilgan xabarda.

Ma’lumot uchun, Astronomiya sohasidagi zamonaviy tasavvurlarga ko‘ra, yulduzlar ham tirik mavjudotlar kabi tug‘iladi, milliard yil rivojlanadi (umr ko‘radi) va nihoyat so‘nadi. Ayrim yulduzlarning evolyutsiyasi o‘ta halokatli, katta portlash bilan tugaydi. Bunday paytlarda yulduzning qa’rida qizib yotgan modda atrofga sochilib ketadi va kechagina xira bo‘lib yoki umuman Yerdan turib ko‘rinmaydigan yulduzcha o‘rnida yorqin yangi yulduz paydo bo‘ladi.

Bunday jarayonlarni kuzatish olimlarga yulduzlarni tuzilishi va evolyutsiyasi qonunlarini tushunish kabi fundamental masalalarga oydinlik kiritish imkonini beradi.

2. Kremniy dioksidi nanozarrachalari asosida changdan himoyalovchi o‘ta shaffof qatlamlar olish texnologiyasi

2017 yilda o‘zbek olimlari tomonidan ilk bor kremniy dioksidi nanozarrachalari asosida changdan himoyalovchi o‘ta shaffof qatlamlar olish texnologiyasi yaratildi.

Qatlamlar olishda FA Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida yaratilgan va AQSh, Yaponiya, Koreya, Tayvan, Yevropa ittifoqi mamlakatlarida patentlangan monosilan texnologiyasini amalga oshirishdagi yondosh mahsulotlardan foydalanilgan. Ushbu qatlamlar nafaqat o‘ta gidrofoblik (suv yuqtirmaslik) xususiyatini, balki keng optik diapazonda o‘ta shaffoflikni ham namoyon etdi. Ushbu xususiyatlar bu qatlamlar yordamida quyosh panellari sirtini changdan himoyalashda juda qo‘l keladi.

3. Import o‘rnini bosuvchi mobil ozonatorlar

2016 yilda O‘zbekistonda import o‘rnini bosuvchi mobil ozonatorlar yaratildi. Ular esa sabzavat omborlari va issiqxonalarni dezinfeksiya qilish, zararkunandalarga (sichqon va un qurtlariga) qarshi kurashishda yuqori samaradorlik ko‘rsatdi.

Ozon generatori – xonalarni dezinfeksiyalash, bakteriyalardan zararsizlantirish hamda urug‘larga ekish oldi ishlov berish (fungitsid o‘rniga) uchun qo‘llaniladi. 1g ozon ishlab chiqish uchun energiya sarfi-40 Vtch.

Mobil ozon generatori (bir soatda 10-20 g ozon) katta hajmli xona va omborlarni, sovutqich va refrijyeratorlarga tez ishlov berish imkonini beradi. Ozon texnologiyasi o‘zining ekologik tozaligi va yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi.

Ozon generatorlarini qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga keng qo‘llash maqsadida mikrobiologlar bilan hamkorlikda issiqxonalar tuprog‘ini bakteriyalardan zararsizlantirish, dorivor, ozuqaviy qo‘shimchalar olish uchun suv o‘tlaridan xlorella va spirulinalarni yetishtirishning samarali biotexnologiyalari ishlab chiqilmoqda.

4. Keramik infraqizil nurlanish ta’sirida texnik glinozem olish texnologiyasi

2019 yilda FA olimlari tomonidan keramik infraqizil nurlanish ta’sirida texnik glinozem olish texnologiyasi yaratildi va bu orqali an’anaviy usullarga nisbatan 5-7 barobar kam tannarxga erishildi.

Ma’lumot uchun, dunyoda sanoatning tez rivojlanib borishi rangli metallarga va jumladan, alyuminiyga bo‘lgan ehtiyojni keskin ortishiga olib keldi. Alyuminiy asosan boksitlardan (alyuminiy miqdori 50 foizdan ortiq) olinadi, lekin O‘zbekistonda bu xomashyo cheklangan miqdorda mavjud xolos, biroq ko‘mir konlarining yuqori qatlamidagi ikkilamchi kaolinlar tarkibida 22 foizgacha alyuminiy mavjud.

Har yili 10 mln tonnadan ortiq ikkilamchi kaolin undagi alyuminiy miqdori kam bo‘lganligi sababli texnogen chiqindi sifatida yig‘iladi. Shuning uchun mahalliy ikkilamchi kaolinni boyitish va undan glinozem (alyuminiy oksidi) ishlab chiqarish eng dolzarb ilmiy masalalardan hisoblanadi.

Kaolinlardan glinozem ishlab chiqarishning ikki usuli mavjud: kislotalar yordamida va yuqori haroratda eritish.

Bunda birinchi usul ekologiyaga salbiy ta’sirini ko‘rsatsa, ikkinchisi mahalliy kaolin tarkibida alyuminiy kamligi tufayli iqtisodiy samarasiz hisoblanadi.

Ta’kidlash kerakki, alyuminiy ishlab chiqarishning an’anaviy texnologik tizimi murakkabligi, elektr energiya sarfining ko‘pligi, qimmat narxli ftor tuzlari, uglerodli anod massasi, glinozem kabi materiallar qo‘llanilishi bilan ajralib turadi. Bulardan tashqari, jarayon ko‘p bosqichli, metall sarfi juda katta va uzoq vaqt talab qiladi. 

FA Materialshunoslik instituti olimlari tomonidan bu masalani yangi yechimi taklif etilgan. Unga ko‘ra, kam alyuminiyli kaolin monoimpuls ta’sirida boyitiladi va tarkibda glinezom miqdori ortadi. Yangi ixtiro tufayli, hozirgacha rentabelligi past jarayon, yuqori rentabel jarayonga aylanadi.

Laboratoriya va yarim sanoat sharoitida o‘tkazilgan tajribalar ushbu texnologiyadan foydalangan holda glinozem yoki alyuminiy oksidini ajratish jarayonida energiya sarfi bir necha marta kamayganligini, natijada xomashyoni eritish va alyumin oksidini ajratishga sarflangan vaqt bir necha marta tejalishini ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, olingan alyumin oksidining miqdori 22 foizdan 99,5 foizga yetgan.

Bu orqali ekologiyaga chiqadigan zararlarni kamaytirishga ham erishiladi.

5. Seysmik faol hududlarda joylashgan bino va inshootlarning «Elektron texnik pasport» axborot tizimi 

2021 yilda seysmik faol hududlarda joylashgan binolarning «Elektron texnik pasport» axborot tizimi ishga tushirilgani va «O‘zbekiston seysmologik atlasi» hamda «O‘zbekiston hududining seysmik risk xaritasi» ishlab chiqilganini sohada katta o‘zgarishlardan deyish mumkin.

Ma’lumot uchun, «Elektron texnik pasport» axborot tizimining ishga tushirilishi seysmik faol hududlarda joylashgan inshootlarni normal ekspluatatsiya qilish muddatini uzaytirish uchun avariya holatidan oldingi va avariyaviy holatini o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradi. U shuningdek, buzilish xavfi bor binolardan foydalanishni to‘xtatish maqsadida, ularning zilzilabardoshliligi bo‘yicha texnik holatini baholashga xizmat qiladi.

Bunday tizim O‘zbekistonda ilk bor ishga tushirilgan.

«Elektron texnik pasport» tizimi orqali O‘zbekiston hududidagi mavjud bino va inshootlarning texnik holatini baholash bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan hodisalarning oldi olinadi. Iqtisodiy yo‘qotishlarni kamaytirish, jumladan, insonlar hayotini saqlashga xizmat qiladi. Bunday tizimni yo‘lga qo‘yilishi zilzilalar xavfi mavjud bo‘lgan hududlar uchun ustuvor yo‘nalishdagi vazifalardan hisoblanadi.

FA Seysmologiya institutida shuningdek, kuzatilgan zilzilalarni kartografik jihatdan tasvirlash, zilzila jarayonlarini hozirgi tendensiyasi, oqibatlarini baholash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zilzilalarga qarshi ko‘riladigan chora-tadbirlarni rejalash maqsadida «O‘zbekiston Seysmologik atlasi» tuzildi.

«Seysmologik atlas» o‘z ichiga 70 dan ziyod xaritalarni mujassamlashtirgan.

Tarixiy va instrumental ma’lumotlarga ko‘ra, respublika hududida MSK-64 shkalasi bo‘yicha 7, 8 va 9 ball silkinishli zilzilalar qayd etilgan. Binobarin, ushbu hududlar uchun kelajakda shunga o‘xshash hodisalarning takrorlanish ehtimoli yuqori. Bu iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik oqibatlarning yuzaga kelish ehtimolini ko‘rsatadi.

6. Fanga noma’lum bo‘lgan 30 dan ortiq o‘simlik turlari

Oxirgi 10 yilda o‘zbekistonlik olimlar tomonidan fanga ma’lum bo‘lmagan 30 dan ortiq o‘simlik turlari kashf qilindi.

7. «Poliardez» antiseptik vositasi 

2017 yilda Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari tomonidan nanotexnologiyalar asosida yaratilgan «poliardez»  antiseptik vositasini sanoat miqyosida ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.

Polimer asosli, nanostrukturali, xlorsiz «poliardez» dezinfeksiyalovchi eritmasi ma’lum bo‘lgan xlor tutgan vositalardan farqli ravishda yuqori dezinfeksiyalash faolligiga ega bo‘lib, zaharsiz, ta’msiz va hidsizdir. Dezinfeksiyalovchi eritmaning ta’sir ko‘rsatuvchi moddasi polimer eritmasi bilan barqarorlashtirilgan kumush nanozarralari hisoblanadi. Polimer-barqarorlashtiruvchi sifatida O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan Na-karboksimetilsellyuloza qo‘llanilgan.

Zararli ta’siri tufayli dunyoning ko‘pgina davlatlarida man etilgan xlorli vositalardan farqli ravishda «poliardez» jamoat binolari, jamoat avto- va temir-yo‘l transporti, maktablar, bolalar bog‘chalari, kommunal xo‘jaliklar, supermarketlar, basseynlar va boshqa hududlarni dezinfeksiyalashda qo‘llanilishi mumkin. 

8. 3 ming 300 yil avval tog‘-adir qismlariga yoyilgan manzilgoh 

2020 yilda Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan Quyun yodgorligida olib borilgan qazuv ishlari natijasida bundan 3 ming 300 yil avval tog‘-adir qismlariga yoyilgan manzilgoh o‘rni aniqlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda ko‘chmanchi chorvador madaniyati hisoblangan Andronovaliklar hunarmandchilik buyumlari, Toshkent vohasining o‘troq dehqonchilik madaniyati (Burganlik) vakillarining hunarmandchilik buyumlari birgalikda uchraydi. Quyun yodgorligining ahamiyatli tomoni – Burganlik madaniyatini mutlaq xronologiyasini oydinlashtirishga yordam beradi.

9. Nanofaol qo‘shimchali kompozit plyonka 

Fanlar akademiyasining Materialshunoslik instituti olimlari tomonidan 2013 yilda dunyoda birinchi marta faol nanokompozitsion qo‘shimchali plyonka ishlab chiqarish texnologiyasi yaratilgan.

Ma’lumot uchun, odatdagi texnologiya bo‘yicha, plyonkalar uch qavatda ishlab chiqariladi. Taklif etilgan texnologiya bo‘yicha esa har bir qavatga nanokompozitlar qo‘shiladi. Nanokompozit ko‘p qavatli bo‘lganda, umumiy strukturada qavatlar yuzalarining fazalararo ta’sirlashuvi natijasida unda yangi xususiyatlar paydo bo‘ladi. Xususan, ma’lum to‘lqin uzunligidagi nurlarning generatsiyasi, plyonkaning tashqi ta’sirlarga bardoshliligini ortishi, mikro yoriqlarning kamayishi kabi. 

Yaratilgan plyonka, quyoshdan kelayotgan ultrabinafsha nurlarni qizil va infraqizil to‘lqindagi nurlarga aylantiradi. Infraqizil nurlar tuproqqa 1 metr chuqurlikkacha kirib, uni qizdiradi. Tuproqdan qaytgan infraqizil to‘lqindagi energiyani esa plyonka tashqariga chiqarmaydi. Buning hisobiga tashqi harorat -3-7 daraja sovuq bo‘lganda ham qo‘shimcha qizdirishsiz ichki harorat +5+7darajagacha issiqlik bilan ta’minlanadi (an’anaviy plyonkalarda 0+2 daraja). Infraqizil nurlar miqdori oshganligi sababli, o‘simliklar 1,5-2 barobar tez rivojlanadi.

Yangi plyonkalar Toshkent, Farg‘ona va Jizzax viloyatlaridagi issiqxonalarda qo‘llanilganda ularga sarflanadigan energiya 60-65 foizga kamaygani, hosildorlik esa 30-50 foizga ortgani kuzatilgan.

Yangi plyonkalarni ishlab chiqarish texnologiyasi “Jizzaxplastmassa” AJda sanoat-tajriba miqyosda joriy etilgan.

10. Kofirqal’a

2018 yilda Samarqand viloyatida joylashgan Kofirqal’a yodgorligining ilk o‘rta asrlardagi to‘liq tarixi aniqlandi.

Yodgorlik ilk o‘rta asrlarda Samarqand hukmdorlarining shahar tashqarisidagi qarorgohi bo‘lgani aniqlangan, ya’ni shahar tashqarisidagi kichik poytaxti. Bu yerda islom dini kirib kelishidan oldingi davrga oid zardushtiy diniga ibodat qilgan hukmdorlar o‘z ibodatxonasini va saroyini barpo qilgani to‘g‘risida ma’lumotlar arxeologik qazishmalarda qo‘lga kiritilgan.

Kofirqal’aning ahamiyati shundaki, u bilan yozma manbalarda tilga olinmagan yangi ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Bu jihatdan, Kofirqal’a Samarqand vohasida ilk o‘rta asrlarda mavjud bo‘lgan hukmdor saroylari bo‘yicha etalon yodgorlik sanaladi.

Fanlar akademiyasi va internet ma’lumotlari asosida
Ilyos Safarov tayyorladi.

Mavzuga oid