Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida odamlar oʻlimi bilan bogʻliq YTH sodir boʻldi.

Kun.uz’ning aniqlashicha, 9-oktabr kuni tumanning Mirkan mahallasida yashovchi erkak skuterni boshqarib borayotib, Cobalt mashinasi bilan toʻqnashgan. Bu paytda skuterda erkakning turmush oʻrtogʻi va nabirasi ham boʻlgan.

YTH oqibatida 57 yoshli S.A. va uning 2 yoshli nabirasi X.H halok boʻlgan. Skuter boshqaruvidagi shaxs tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda uning ahvoli ogʻir ekani aytilmoqda.

Samarqand viloyati YHXB holat yuzasidan rasmiy xabar berdi.

Aniqlik kiritilishicha, mazkur YTH 9-oktabr kuni soat 13:00 atrofida Paxtachi tumanidagi «Mirkan» MFY hududidan oʻtuvchi 4K-560 avtomobil yoʻlining 14-kilometrida sodir boʻlgan.

IIB maʼlumotiga koʻra, Cobalt haydovchisi Mirkan – Misit yoʻnalishida harakatlanayotgan vaqtda yoʻlning oʻng tomonidan toʻsatdan chiqib qolgan velosipedchini urib yubormaslik uchun rulni chapga burgan. Natijada boshqaruvni yoʻqotib, qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib ketgan va oʻz yoʻnalishida qatnov qismining chap chetidan harakatlanayotgan elektroskuter bilan toʻqnashgan.

Hodisa oqibatida elektroskuterda boʻlgan bir nafar yoʻlovchi voqea joyida vafot etgan. Haydovchi va yana bir yoʻlovchi shifoxonaga yotqizilgan. Koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramay, yoʻlovchi shifoxonada vafot etgan.

Maʼlumot uchun, 2026-yilning dastlabki 9 oyida moped va skuterlar ishtirokida 563 ta YTH sodir boʻlgan. Oqibatda 89 kishi halok boʻlgan, 488 kishi tan jarohati olgan.