Brexit harakatidan oʻn yil oʻtib: Britaniya nega YeIga qaytmoqchi?
|10:27 / 12.10.20265 4469 min
“Brexit'ning foydasidan zarari koʻproq boʻldi”, dedi Britaniya bosh vaziri Endi Bernem 29-sentabr kuni Leyboristlar partiyasi konferensiyasidagi nutqida.
Bernem Yevropa bilan uzoq muddatli munosabatlarni qayta koʻrib chiqish va mavjud variantlar boʻyicha siyosiy konsensusga erishish niyatini bildirdi. U bu masalani Britaniya va YEI oʻrtasida rejalashtirilgan sammit atrofida muhokama qilishini aytdi. Ertasiga u YeIga toʻliq qaytish varianti ham ochiq muhokama qilinishi mumkinligini istisno etmadi.
Mavzu yuzasidan Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar sharhi.
- Britaniyaning Yevropa Ittifoqiga qaytish ehtimoli qanchalik haqiqat va qaytsa, buning tartibi qanday boʻladi?
Kamoliddin Rabbimov: Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqib ketganiga hali oʻn yil ham boʻlgani yoʻq. 2016-yilda oʻtkazilgan referendum tashabbusi oʻsha paytdagi bosh vazir Devid Kemerondan chiqqan edi. Aslida, uning maqsadi mamlakatni YeIdan chiqarish emas, balki Bryusselga bosim oʻtkazish boʻlgan, degan qarash mavjud. Konservatorlar uchun haqiqiy chiqish ssenariysi ham dastlab asosiy reja boʻlmagan.
Kemeron referendum tahdididan Bryussel bilan muzokaralarda vosita sifatida foydalanmoqchi edi. London YEI bilan munosabatlarni qayta koʻrib chiqishni, migratsiya masalasida koʻproq vakolat va ayrim imtiyozlar berilishini talab qildi. Biroq Bryussel umumiy qoidalardan chekinishga tayyor emasligini bildirdi. Shundan soʻng Kemeron referendum oʻtkazishga qaror qildi.
Ammo referendum natijasi avvalo Britaniya siyosiy elitasining oʻzini hayratda qoldirdi. Jamoatchilik kayfiyatini oldindan aniq bashorat qilish qiyin. Saylovchilar soʻrovlarda bir fikrni bildirishi, amalda esa butunlay boshqacha qaror qabul qilishi mumkin. Brexit ham shunday holatlardan biri boʻldi. Brexit tarafdorlari, jumladan, Nayjel Faraj kabi siyosatchilar Britaniya YEI byudjetiga katta mablagʻ ajratayotgani, biroq buning evaziga yetarli foyda olmayotganini taʼkidlashdi.
Brexit tarafdorlari milliy suverenitetni tiklash, migratsiyani nazorat qilish va iqtisodiy mustaqillikni kuchaytirishni vaʼda qilishdi. Biroq bu vaʼdalarning barchasi kutilganidek amalga oshmadi. Aksincha, Yevropa bozori bilan savdo qilishdagi yangi toʻsiqlar, mehnat resurslari bilan bogʻliq muammolar va iqtisodiy noaniqliklar Britaniyaga qoʻshimcha xarajatlar keltirdi. Albatta, mamlakat iqtisodiyotidagi barcha muammolarni faqat Brexit bilan izohlash toʻgʻri emas. Biroq Yevroittifoqdan chiqish savdo va investitsiyalar uchun yangi toʻsiqlar yaratgani, ayrim tarmoqlarning rivojlanishini sekinlashtirgani haqida jiddiy iqtisodiy bahslar mavjud.
Mavzuga oid
Yevropa Ittifoqidan chiqqan Britaniya bugun xavfsizlik, iqtisodiy raqobat va siyosiy manfaatlar sababli YEI bilan yaqin hamkorlikka qayta ehtiyoj sezmoqda. Soʻrovnomalarga koʻra, aholining qariyb yarmi qayta aʼzolikni qoʻllab-quvvatlaydi. NATO ichidagi kelishmovchiliklar va AQSH siyosatidagi oʻzgarishlar ham bunga taʼsir qilmoqda. Biroq qayta aʼzolik murakkab siyosiy, huquqiy va iqtisodiy muzokaralarni talab qiladi.
Xalqaro savdo kelishuvlarini qayta tuzish ham oson emas. Buning uchun uzoq muzokaralar, oʻzaro murosalar va huquqiy jarayonlar talab etiladi. Yillar davomida ildiz otgan iqtisodiy aloqalarni qisqa muddatda qayta shakllantirish imkoni yoʻq.
Britaniyaning Yevropa bilan munosabatlari tarixan ham murakkab kechgan. Mamlakat Yevropa integratsiyasi jarayoniga dastlabki bosqichlarda qoʻshilmagan, keyinchalik esa Yevropa iqtisodiy hamjamiyatiga aʼzo boʻlish uchun bir necha bor murojaat qilgan. Fransiya prezidenti Sharl de Goll Britaniyaning aʼzoligiga qarshi chiqqani sababli bu jarayon uzoqqa choʻzildi. Nihoyat, Britaniya 1973-yilda Yevropa iqtisodiy hamjamiyatiga qoʻshildi. Demak, Yevropa bilan integratsiyalashuvning oʻzi ham oʻnlab yillik siyosiy tortishuvlar va muzokaralar natijasi boʻlgan.
Bugun esa Britaniya ichidagi jamoatchilik kayfiyati oʻzgargan. YeIga qayta yaqinlashish tarafdorlari koʻpaymoqda. Bu masala nafaqat iqtisodiy, balki mamlakatning hududiy yaxlitligi bilan ham bogʻliq.
Birlashgan Qirollik toʻrt tarkibiy qismdan - Angliya, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiyadan iborat. 2016-yilgi referendumda Angliya va Uelsda YeIdan chiqish tarafdorlari ustun kelgan boʻlsa, Shotlandiya va Shimoliy Irlandiyada Ittifoq tarkibida qolish tarafdorlari koʻpchilikni tashkil etgan. Bu tafovut hududlar oʻrtasidagi siyosiy kelishmovchiliklarni yanada kuchaytirdi. Shotlandiya va Shimoliy Irlandiyada YEI bilan yaqin aloqalarni saqlash istagi, ayniqsa, muhim siyosiy omil boʻlib qolmoqda. Shotlandiya mustaqilligi tarafdorlari Brexit’ni Buyuk Britaniya tarkibidan chiqish masalasini qayta koʻtarish uchun asoslardan biri sifatida koʻrsatadi.
Shimoliy Irlandiyada esa YEI bilan munosabatlar Irlandiya Respublikasi bilan chegara, savdo va tinchlik kelishuvlari nuqtayi nazaridan alohida ahamiyatga ega. Shu maʼnoda, Brexit nafaqat Britaniyaning Yevropa bilan aloqalarini oʻzgartirdi, balki Birlashgan Qirollik ichidagi ziddiyatlarni ham kuchaytirdi. Biroq mamlakatning uchta tarkibiy qismi birgalikda Britaniyadan chiqishga qaror qilgani yoki bunday qarorni rasmiy ravishda qabul qilgani haqida gapirish uchun aniq huquqiy asos va tasdiqlangan hujjatlar zarur. Demak, Britaniyada YeIga qaytish tarafdorlari koʻpayayotgan boʻlsa-da, bu jarayon oson kechmaydi.
Jamoatchilik fikrining oʻzgarishi siyosiy yoʻnalishni belgilashi mumkin, ammo Ittifoqqa qayta aʼzo boʻlish uchun Britaniya YeIning belgilangan talablarini bajarishi, aʼzolik shartlari boʻyicha muzokaralar olib borishi va barcha aʼzo davlatlarning roziligini olishi kerak boʻladi.
Oybek Sirojov: Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqdi, ammo Yevropadan ajralib keta olmaydi. Uning geografik joylashuvi, iqtisodiy aloqalari va xavfsizlik manfaatlari Yevropa bilan chambarchas bogʻliq. Buni Brexit’dan keyingi jarayonlar ham koʻrsatmoqda. Birinchidan, Buyuk Britaniyaning asosiy savdo hamkorlari Yevropa davlatlaridir.
YEI aʼzosi boʻlgan davrida mamlakat umumiy bozor imkoniyatlaridan foydalanar, savdo va iqtisodiy aloqalarda muayyan imtiyozlarga ega edi. Brexit jarayoni 2016-yilda boshlangan boʻlsa, mamlakatning Ittifoqdan chiqishi 2020-yilda yakunlandi. Shundan soʻng Yevropa bozori bilan savdo qilishda yangi toʻsiqlar paydo boʻldi va avvalgi imtiyozlarning bir qismi yoʻqoldi.
Ikkinchidan, dunyodagi geosiyosiy vaziyat oʻzgardi. Bugungi jarayonlar Yevropa oʻz xavfsizligini taʼminlash uchun yanada jipslashishi kerakligini koʻrsatmoqda. Buyuk Britaniya ham buni chuqur his qilmoqda.
YeIdan chiqish mamlakatning ayrim iqtisodiy va siyosiy imkoniyatlarini chekladi. Toʻgʻri, Buyuk Britaniya NATO aʼzosi, biroq Yevropa xavfsizligi masalalarida alyans ichida ham turli qarashlar va kelishmovchiliklar kuzatilmoqda. Bundan tashqari, AQShning soʻnggi yillardagi siyosatida Yevropa oʻz xavfsizligi uchun koʻproq masʼuliyat olishi kerakligi haqidagi qarash kuchaymoqda. Ukraina masalasida ham London va Vashingtonning yondashuvlari oʻrtasida jiddiy tafovutlar mavjud. Bunday sharoitda Buyuk Britaniya uchun Yevropa davlatlari bilan yaqin hamkorlik qilishning ahamiyati ortib bormoqda.
Uchinchi omil - global iqtisodiy raqobatning kuchayishi. Xalqaro savdo va ishlab chiqarishda Xitoyning taʼsiri ortib bormoqda, AQSH esa oʻz iqtisodiy va texnologik ustunligini saqlab qolish uchun yangi choralarni ishga solmoqda. Bunday sharoitda Buyuk Britaniyaning yakka holda raqobatbardoshligini saqlab qolishi murakkablashadi. YEI bilan yaqin hamkorlik esa uning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Aynan shu omillar Buyuk Britaniyaning YeIga qaytishi masalasini yana kun tartibiga olib chiqmoqda.
Bu tendensiya nafaqat siyosiy yetakchilarning bayonotlarida, balki jamoatchilik fikrida ham namoyon boʻlmoqda. Britaniyaning YeIga qayta aʼzo boʻlishi avtomatik tarzda amalga oshmaydi. YEI toʻgʻrisidagi shartnomaning 49-moddasida yangi aʼzolarni qabul qilish tartibi belgilangan. Shunga koʻra, Buyuk Britaniya qayta aʼzo boʻlishni istasa, tegishli ariza topshirishi, muzokaralardan oʻtishi va aʼzolik shartlari boʻyicha kelishuvga erishishi kerak boʻladi. Bu jarayon bir necha yil davom etishi mumkin.
Keyingi masala - referendum oʻtkazish zarurati. Buyuk Britaniyaning YeIga chiqishi referendum orqali hal qilingan edi. Ammo qayta aʼzo boʻlish uchun referendum oʻtkazish YEI qonunchiligida majburiy talab sifatida belgilanmagan. Bu avvalo Britaniyaning ichki siyosiy va huquqiy qaroriga bogʻliq boʻladi.
Shu bilan birga, mamlakat ichidagi hududiy kelishmovchiliklarni ham hisobga olish kerak. Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiyaning siyosiy pozitsiyalari bu jarayonda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Referendum esa jamoatchilik roziligini aniqlash va hukumat qarorining siyosiy legitimligini kuchaytirish vositasi boʻlishi mumkin.
Biroq qayta aʼzo boʻlishning eng murakkab jihati muzokaralardir. Buyuk Britaniya savdo, iqtisodiyot, migratsiya va boshqa sohalardagi shartlarni qayta kelishib olishi kerak boʻladi. Bundan tashqari, YeIning amaldagi qoidalari va aʼzolik talablariga rioya qilish masalasi ham koʻndalang turadi.
Demak, Britaniyaning Yevropa Ittifoqiga qaytishi siyosiy istak bilangina hal boʻladigan masala emas. Buning uchun London va Bryussel oʻrtasida uzoq davom etadigan muzokaralar hamda barcha aʼzo davlatlarning roziligi zarur.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida toʻliq tomosha qilishingiz mumkin.