DW xabariga koʻra, bosh prokuror 9-oktabr kuni gumonlanuvchi - 29 yoshli Ummon fuqarosi teraktni amalga oshirishni koʻzlaganini aytgan.
AFP maʼlumotiga koʻra, qoʻlga olingan uchuvchi tergovchilarga hujumni yolgʻiz tayyorlaganini va imkon qadar koʻproq odamni oʻldirishni maqsad qilganini bildirgan.
Al-Shamsining taʼkidlashicha, gumonlanuvchi Flydubai’ga ishga kirishdan oldin barcha zarur xavfsizlik tekshiruvlaridan oʻtgan. U uchuvchilik litsenziyasi va sudlanmaganlik haqidagi maʼlumotnomani taqdim etgan. Biroq tekshiruvlar uning ekstremistik qarashlari yoki terakt sodir etish niyatini aniqlamagan.
Hodisa 30-sentabr kuni Dubay - Tel-Aviv reysida yuz bergan. Samolyotni egallab olishga urinish haqidagi signaldan soʻng Boeing 737 MAX 8 Saudiya Arabistonining Tabuk shahri aeroportiga favqulodda qoʻngan.
Layner bortida 174 kishi, jumladan, 27 nafar bola boʻlgan. Yoʻlovchilarning aksariyati Isroil fuqarolari ekani aytilgan.
Uchuvchilar kabinasidagi olishuv paytida samolyot 29 soniya ichida 9410 metrdan 5105 metrgacha - 4305 metr balandlikni yoʻqotgan.
Ayrim yoʻlovchilarning aytishicha, dastlab kabinadan baqiriqlar eshitilgan. Keyin eshik ochilib, uchuvchilardan biri jarohatlangani maʼlum boʻlgan. Ekipaj aʼzolari va yoʻlovchilar hujum qilgan shaxsni zararsizlantirishga muvaffaq boʻlgan.
Samolyot komandiri, Hindiston fuqarosi Smit Machchxar hujumda ogʻir jarohatlangan va Saudiya Arabistonida shifoxonaga yotqizilgan.
U Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan videomuloqotda samolyot tez balandlik yoʻqotayotganini anglagach, kabina eshigini ochish uchun bor kuchini toʻplaganini aytgan.
«Men jarohatlangan holda polda yotardim. Lekin oʻzimga soʻnggi bor harakat qilib, eshikni ichkaridan ochishim kerakligini aytdim. Emaklashga urindim. Eshik juda yaqin edi. Uni ochishga muvaffaq boʻldim va boshqalar ichkariga kirdi», - deya uning soʻzlarini keltirgan The Telegraph.
Modi uchuvchining harakatlarini koʻplab odamlarning hayotini saqlab qolgan jasorat, sabr-toqat va tez qaror qabul qilish namunasi deb baholagan.
Jarohatlangan komandirga yoʻlovchilardan biri - stomatolog Shota Musayev yordam koʻrsatgan.














