Prezident Shavkat Mirziyoyev bolalarga nisbatan zoʻravonlik jinoyatlari uchun jazolarni ogʻirlashtiruvchi qonunni imzoladi.
“Yosh bolaga nisbatan zoʻravonlikka aslo toqat qilib boʻlmaydi, jazo esa muqarrar va murosasiz boʻlishi shart”, dedi Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva.
Qonun bilan 5 ta kodeks va 6 ta qonunga oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
“Bolaga zulm qilgan, unga jismoniy yoki ruhiy azob bergan har bir kimsa - u xoh taʼlim muassasasi xodimi boʻlsin, xoh yaqin qarindoshi - javobgarlikka tortiladi. Bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan jinoyatlar uchun berilgan jazo aslo yengillashtirilmaydi.
Bundan buyon 14 yoshga toʻlmagan bolaga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Bunday ogʻir jinoyatlar boʻyicha javobgarlikka tortish muddatida cheklov boʻlmaydi.
Yosh bolaning xavfsizligi shart-sharoit yoki vaziyatlarga bogʻliq boʻlishi mumkin emas. Bolalar hayoti, sogʻligʻi, or-nomusiga tajovuz qilgan har qanday kimsa qatʼiy jazodan qochib qutula olmasligini bilishi shart”, – dedi Saida Mirziyoyeva.
Maʼlumot uchun, mazkur qonun avvalroq rezonans keltirib chiqargan voqea - Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanidagi bogʻchaning 52 yoshli xoʻjalik ishlari boʻlimi 5 yoshli qizni zoʻrlagani fonida qabul qilindi.















