O‘zbekiston Respublikasining alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi, tashqi siyosatda Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha kurator Ilhom Ne'matov «Xalq so‘zi. Online» nashrida e'lon qilingan maqolasida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish borasida keyingi ikki yilda olib borilgan ishlarni bayon qilgan.

«2016 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishi sifatida Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish sifatida belgilangandi. Bu qo‘shni davlatlar bilan davlat chegaralari bo‘yicha muzokaralarni faollashtirishga qaratilgan muhim qadam edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas'uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan o‘rta muddatli istiqbolda asosiy xorijiy sheriklar bilan O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Davlat chegarasini xalqaro huquqiy rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish masalasi Harakatlar strategiyasi dasturidan ham o‘rin olgan.
Ma'lumki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan chegaradosh hisoblanib, chegaralarning umumiy uzunligi 7 ming kilometrdan ko‘proqni tashkil etadi. Xususan, O‘zbekiston Qozog‘iston bilan 2356,31 km, Qirg‘iziston bilan – 1476,12 km, Tojikiston bilan – 1296,9 km, Turkmaniston bilan – 1831,49 km va Afg‘oniston bilan – 143 km uzunlikdagi chegaralarga ega hisoblanadi.
O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha muttasil tarzda muzokaralar o‘tkazib kelmoqda. 2016 yil avgustidan 2018 yil avgustigacha O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining qo‘shni davlatlar hukumatlari delegatsiyalari bilan 65 uchrashuvi o‘tkazildi. Jumladan, Qozog‘iston bilan 18, Qirg‘iziston bilan 28, Tojikiston bilan 9, Turkmaniston bilan 9 va Afg‘oniston bilan bir marta.
Chegaralardagi muammolarni hal qilish borasidagi asosiy natijalar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 5 sentyabrida Qirg‘iziston respublikasiga va 2018 yil 9 martida Tojikiston respublikasiga tashrifi vaqtida imzolangan kelishuvlar bo‘ldi.









