Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom loyihasi joylashtirildi.
Nizomga ko‘ra, maktab-internatga har yili umumta'lim maktabining 4-sinfini tamomlaganligi to‘g‘risida baholar (o‘zlashtirish) tabeliga ega bo‘lgan, sog‘lig‘i jihatidan o‘qishga yaroqli deb topilgan, sportga qobiliyati eng iqtidorli, olimpiya va milliy sport turlari, shu jumladan sportning o‘yin turlari (sportning futbol turidan tashqari) bo‘yicha sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar tanlov natijalari asosida qabul qilinadi.
Maktab-internatda o‘qish muddati 7 yil va o‘quvchilar umumiy kontingenti 350 nafar bo‘lib, sportga qobiliyati eng iqtidorli 25-30 nafar (25 nafardan kam bo‘lmasligi lozim) o‘quvchilar tanlov natijalari asosida har yili 5-sinfga (o‘quvchilarning 50 foizi sportning olimpiya va milliy turlariga kiradigan sport yakka kurash turlari bo‘yicha, qolgan 50 foizi sportning olimpiya turlariga kiradigan o‘yin turlari bo‘yicha (sportning futbol turidan tashqari) qabul qilinadi.
Ota-onalar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) o‘quvchining ota-onasi nomidan maktab-internat direktori nomiga ushbu maktab-internatga o‘quvchini qabul qilish haqidagi ariza;
b) o‘quvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi (hujjatni topshirish vaqtida hujjatning asl nusxasi ko‘rsatiladi);
v) o‘quvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli nusxasi (hujjatlarni topshirish uning asl nusxasi ko‘rsatiladi);
g) 086-U-shakl bo‘yicha tibbiy ma'lumotnoma hamda o‘quvchining umurtqasi rentgen tasviri;
d) o‘quvchining sport musobaqalarida erishgan natijalarini tasdiqlovchi hujjatlar, agar mavjud bo‘lsa;
ye) o‘quvchining 3,5 x 4,5 sm o‘lchamdagi 6 dona rangli fotosurati;
j) o‘quvchining sport pasporti nusxasi, agar mavjud bo‘lsa (hujjatlarni topshirish vaqtida uning asl nusxasi ko‘rsatiladi);
z) o‘quvchining yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organidan ma'lumotnoma;
i) o‘quvchining psixologik-pedagogik diagnostika daftari (umumta'lim muassasasi psixologi yoki direktor va sinf rahbari tomonidan berilgan tavsifnoma).
Hujjatlar har yili 25 iyundan 8 avgustgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.







