Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish tartibini takomillashtirish haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Belgilanishicha, 2019 yil 1 martdan boshlab:

xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish to‘g‘risidagi arizalar faqat davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi;

xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim muassasalarida ta'lim olgan shaxslarning ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi;

xorijiy davlatlarning o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta'lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta'lim muassasalarida ta'lim olgan shaxslarning ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish va nostrifikatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda:

xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan elektron ko‘rinishdagi hujjatlarning namunaviy shakllarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

davlat xizmatlari markazlarining xodimlari uchun xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hududiy bo‘linmalarining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ulanishini tashkil etadi.