Tailandda o‘tgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatidan keyin olimpiya jamoamiz yetakchilaridan biri Jasur Yaxshiboyev legioner bo‘lishga qaror qildi. Fevral oyida «Paxtakor» 22 yoshli yarimhimoyachisini Belarusning o‘rtamiyona klubi «Energetik-BGU» klubiga ijaraga berdi.

 «Shunga qaramay, Yaxshiboyev hali hamon «Paxtakor»ga tegishli futbolchi ekanligini tushunish muhim. «Paxtakor» bugungi kunda bor e'tiborini Osiyo chempionlar ligasiga qaratgan. Shota Arveladze boshchiligidagi klubning asosiy yulduzi Eren Derdiyo‘q sanaladi. Toshkent klubiga milliarder Alisher Usmonov yordam berayotganligi bois, pul hammaga yetadi», - deya yoziladi Belarusning «Pressbol» nashrida.

 Koronavirus pandemiyasi tufayli Yevropada milliy chempionat o‘yinlari to‘xtatilgan bir paytda xavfga qaramay, Belarus Oliy ligasida yangi mavsumga start berildi. Jasur Yaxshiboyev debyut o‘yinida mamlakat grandi, Yevropada nom qozona olgan BATE klubiga qarshi maydonga tushib, dublga erishdi va yakunda nomdor jamoani mag‘lub etib, jamoasi bilan dastlabki turdayoq peshqadamga aylanib oldi.

 Ko‘hna qit'ada barcha chempionat va ligalar to‘xtatilgan bir paytda ko‘pchilikning diqqat e'tibori aynan Belarus Oliy ligasiga qaratilgan. Sensatsion natija orqali Jasur Yaxshiboyev liga o‘yinlarini yoritishni boshlagan Rossiyaning «Match TV» kanalida ham e'tirof etildi. Qolaversa, «Pressbol» va «Parimatch» aynan o‘zbekistonlik futbolchini tur qahramoni, deya e'lon qildi va hamyurtimizdan intervyu oldi.

 - Jasur, Chinozda tug‘ilgan ekansiz. Futbol jamoasi bo‘lmagan shaharda qanday qilib futbolchi bo‘lish mumkin?

- To‘g‘ri, chindanam u yerda jamoa yo‘q. Ammo men doimo «Paxtakor»ga muxlislik qilardim. Chinoz Toshkent viloyati tarkibida bo‘lib, poytaxtdan 60 km chaqirim uzoqlikda joylashgan. 7 yoshimdan boshlab har kuni Toshkentga qatnaganman – «Paxtakor» maktabida shug‘ullanish uchun. Ertalab buvim bilan «elektrichka»da jo‘nab, kechqurun yana 1,5 soatda shunday qaytardik. Ota-onamning o‘z ishi bor edi. Yettinchi sinfda o‘qiyotganimda esa Toshkentga ko‘chib, «Paxtakor» internatida o‘qishni boshlagandim.

 - Belarusga qanday kelib qoldingiz?

- O‘tgan mavsumning ikkinchi davrasida «Paxtakor»dan ijara asosida Superliganing boshqa klubi OKMKga o‘tgandim. Olmaliq jamoasida Shahboz Umarov bilan birga o‘ynadik, u ham men bilan «Energetik-BGU» klubiga o‘tdi. Olmaliqda belaruslik Vladislav Kosminin ham biz bilan birga to‘p surgandi. Ochig‘i, O‘zbekistonda to‘p surishni istamadim. Yevropaga ketish vaqti kelganligini tushungandim.