14:00 / 24.06.2020
72345

«Temir general»: o‘zbek va polyak xalqlari qahramoni Sobir Rahimovning hayot yo‘li

«Shon-sharaf muzeyi» tarixchi olimlarining ma'lumot berishicha, Sobir Rahimov general bo‘lishiga qaramay hamisha oddiy askarlar bilan suhbatdosh va hamfikr bo‘lgan. U har qanday jangda oldingi saflarda bo‘lgani haqida ma'lumotlar saqlangan.

General Sobir Rahimov 1902 yil 25 yanvarda tug‘ilgan. Uning tug‘ilgan joyi sifatida 2ta hudud taxmin qilinadi: Toshkent shahri yoki ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, hozirgi Janubiy Qozog‘iston viloyati, Kazigurt tumani. Bo‘lajak harbiyning otasi qozoq, onasi esa o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan.

Sobir Rahimov 1922 yilda qizil armiya safiga xizmatga borgan. 1925 yilda esa Boku birlashgan harbiy maktabini tamomlagan. Keyinchalik 1930 yilda qo‘mondonlik malaka oshirish kurslarini tugatgan, turli harbiy okruglarda xizmat qilgan.

1938 yilda qizil armiya safidan zaxiraga bo‘shatilgan, biroq 1940 yilda armiyaga qayta tiklanadi va Rahimov g‘arbiy maxsus harbiy okrugga yuboriladi.

Urushga qadam

Sobir Rahimov 1941 yil iyun oyida Ikkinchi jahon urushiga mayor unvonida, motoo‘qchilar polkining komandiri o‘rinbosari lavozimida kirishgan.

U g‘arbiy frontda Belarus va Smolensk viloyatidagi mudofaa janglarida qatnashgan. 1941 yil iyul oyida yaralanib, gospitalga yuboriladi.

Sobir Rahimov davolangach, yana urush hayotiga qaytariladi, lekin 1942 yil yanvarda ikkinchi marta yaralanadi. So‘ng yana tuzalib urushga qaytadi. 1943 yil boshida u boshchilik qilgan diviziya Shimoliy Kavkazdagi hujum operatsiyalarida jonbozlik ko‘rsatadi.

Oldingi saflardagi general

Polkovnik Sobir Rahimov 1943 yil 19 martda general-mayor harbiy unvonini olgan.

Toshkent shahrida joylashgan «Shon-sharaf muzeyi» tarixchi olimlarining ma'lumot berishicha, Sobir Rahimov general bo‘lishiga qaramay, hamisha oddiy askarlar bilan suhbatdosh va hamfikr bo‘lgan.

Tarixchilarning aytishicha, Rahimov har qanday jangda oldingi saflarda bo‘lgani haqida ma'lumotlar bor. Balki shuning uchundir, Stalin uni «temir general» deya sifatlagan edi.

1943 yil 8 aprelda general-mayor Rahimov divizion boshqaruvidan ozod qilinib, Moskvaga, Voroshilov nomidagi bosh shtab harbiy akademiyasiga o‘qishga yuboriladi.

Akademiyani tamomlagach, general frontga qaytadi va 1944 yil noyabrda o‘qchilar diviziyasiga komandir etib tayinlanadi.

Polshani qutqarish operatsiyasi

Sobir Rahimov 65-armiya tarkibida Sharqiy Prussiya xujum operatsiyasida jang olib borgan. U 9 minglik dushman garnizoni himoya qilayotgan mustahkam Graudenz shahrini (hozirgi Grudzyondz, Polsha) shturm qilishda jonbozlik ko‘rsatgan.

General I.Fedyuninskiy komandirligidagi diviziya 1945 yil 16 fevralda kuchli zarba bilan shahar chetidagi dushman istehkomlariga yorib kirib, bir necha aholi yashash punktlarini ozod qiladi va shaharga kirib boradi.

Rahimov bo‘linmasining qat'iy harakatlari, garnizonning asosiy kuchlarini unga qaratishga majbur qiladi, natijada 22 fevralga o‘tar kechasi boshqa bo‘linmalar ham turli yo‘nalishlardan hujum qilib, shahar ozod qilinadi.

Adashgan o‘q parchasidan so‘ng 8 soat

Sobir Rahimovni Polshada iliqlik bilan eslashadi. U Polshaning Grudzyondz, Gnev, Starograd, Dzyaddovo shaharlarini ozod etish uchun bo‘lgan janglarda sarkardalarga xos harbiy san'atni namoyish etgan.

1945 yil 26 martda Gdansk shahrini ozod etish uchun bo‘lgan jangda hujumga o‘tgan dushman kemalari artilleriyasidan otilgan katta kalibrli to‘plardan diviziyaning kuzatuv punkti yo‘q qilinadi. Kuzatuv postida bo‘lgan general-mayor Sobir Rahimovning boshi snaryad parchasidan og‘ir yaralanadi va sakkiz soatdan keyin hushiga kelmasdan kasalxonada vafot etadi.

Sobir Rahimovga o‘limidan so‘ng qahramon unvoni berildi. Polsha xalqi esa o‘zbeklar kabi general Sobir Rahimov nomini e'zozlab kelmoqda. Gdansk shahridagi ko‘chalar, maktablarga Sobir Rahimov nomi berilgan.

Sobir Rahimov taqdirlangan medallar

«Shon-sharaf» muzeyi tarixchilarining ma'lumot berishicha, 60-yillar o‘rtalarida Sobir Rahimovning rafiqasiga Gdansk shahrining ramziy kaliti topshiriladi. Buning bilan polyak xalqi dushmanlardan ozod bo‘lishda jonbozlik ko‘rsatgan shaxsni unutmasligini bildiradi.

Sobir Rahimovning qabri Toshkentga ko‘chirib keltirilgan. Uning qahramonliklariga atab ko‘plab badiiy asarlari va badiiy film yaratilgan. 2018 yil mayida generalning haykali Toshkent shahar Olmazor tumanidagi xiyobonda qayta qad rostladi.

Sobir Rahimov bosh kiyimi - Papaha
Hozirgi kunda Toshkentdagi “Shon-sharaf muzeyi”da saqlanmoqda
Sobir Rahimov ust kiyimi,
Hozirgi kunda Toshkentdagi “Shon-sharaf muzeyi”da saqlanmoqda.
Sobir Rahimov ishlatgan dala sumkasi, 
Hozirgi kunda Toshkentdagi “Shon-sharaf muzeyi”da saqlanmoqda.
Sobir Rahimov foydalangan qurol,
Hozirgi kunda Toshkentdagi “Shon-sharaf muzeyi”da saqlanmoqda.
Mavzuga oid
Top