17:06 / 26.06.2020
3022
O‘zbek tili izohli lug‘atining besh tomli yangi nashri taqdimoti o‘tkazildi

26 iyun kuni Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘zbek tilining izohli lug‘ati yangi nashri taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Lug‘at 80 mingdan ortiq o‘zbek adabiy tilida keng iste'molda bo‘lgan so‘z va so‘z birikmalari, fan, texnika, san'at va madaniyat sohalariga oid terminlar, shevada qo‘llanadigan so‘zlar, tarixiy atamalarni o‘z ichiga olgan. 

Taqdimotda uni tayyorlashda qatnashgan guruh vakillari - Davlat tilini rivojlantirish departamenti xodimlari, Fanlar akademiyasi olimlari, tilshunos hamda adabiyotshunoslar ishtirok etdi va fikrlarini bildirdi  Xususan, Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Abdug‘affor Qirg‘izboyev lug‘atni tayyorlash va uning ahamiyati haqida gapirdi.

«Lug‘atimiz juda ko‘p olimlarning birgalikda qilgan mehnat mahsuli. Uni tayyorlashda mutaxassislar juda kichik jihatlarni ham ko‘zdan qochirmaslikka harakat qildi. Masalan, dizayn, qog‘oz sifati, harflar shrifti, umuman, barcha-barchasi inobatga olindi. Besh tomli bu lug‘at faqat O‘zbekistonda emas, balki undan tashqarida yashayotgan til jonkuyarlari uchun ham amaliyotda foydalanishga kerakli qo‘llanma.

Hozir dunyo miqyosida 50 milliondan ortiq kishi o‘zbek tilida gaplashadi. Yer yuzida jami 7 mingdan ortiq til bor. 7,5 milliard kishi muloqot qiladigan bu tillarning bor yo‘g‘i 1 foizi, ya'ni, 70ta tilda dunyoning 90 foiz aholisi muloqot qiladi. O‘zbek tili ham dunyo aholisi ko‘p gaplashadigan tillar qatorida va u 1 foizni tashkil qiladi», deya departament rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu lug‘at bilan bir vaqtda mobil lug‘atlarni rivojlantirish ham muhim hisoblanadi.

«Yana bir jihatga e'tiboringizni qaratmoqchiman. 2006-2008 yillarda 80 mingdan ortiq so‘zni o‘z ichiga olgan besh tomlik lug‘at yaratildi. Uning elektron shakli internet tarmog‘iga joylashtirildi.

An'anaviy kitob tarzida chop qilingan lug‘atlardan foydalanish o‘ziga xos murakkabliklarni keltirib chiqaradi. O‘quvchi, talaba uni hamma vaqt o‘zi bilan olib yurolmaydi. Uning uyali aloqa vositasida joylashtirilgan PDF-formatidan foydalanganda so‘zni qidirib topish ma'lum vaqt talab qiladi. Demak, bugun axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bir paytda lug‘atchilik bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislar oldida mobil lug‘atlar yaratishdek dolzarb vazifa turibdi.

Shu o‘rinda aytmoqchimanki, gap faqat izohli emas, balki ikki tilli, ko‘p tilli tajima lug‘atlari haqida ham boradi. Bugungi kunda yoshlar lug‘at, ayniqsa kitob shaklidagi lug‘atdan foydalanishni, ochig‘i, yaxshi bilmaydi. Demak, yana bir vazifa –lug‘at darslarini tashkil qilish, lug‘atdan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat», dedi u. 

Lug‘atning ushbu nashri bu gal 3 ming nusxada chop etilgan.

Izohli lug‘atning qog‘oz ko‘rinishi bilan bir vaqtda mobil ilovasi ham ishlab chiqilgan. Uni yangi turdagi lug‘atlar bilan boyitish imkoni bo‘lishi nazarda tutilgan.

Ishchi guruh a'zolari izohli-lugat.uz veb-sayti ustida ham ish olib borishmoqda. Unda foydalanuvchilar uchun so‘z qo‘shish (ko‘rikdan o‘tkazib) imkoni yaratilishi nazarda tutilgan.

Top