Jahon | 07:12 / 18.11.2020
11105
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyada ikki gigant aviakompaniya birlashmoqda. Ulardan biri pandemiya sabab bankrotga uchrayotgandi

Janubiy Koreyaning ikki yirik aviakompaniyasi – Korean Air va Asiana Airlines birlashdi. Bu haqda mahalliy OAVga tayanib, yirik nashrlar yozmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, Koreyaning eng yirik aviakompaniyasi Korean Air mamlakatdagi asosiy raqobatchisi Asiana Airlines kompaniyasining nazorat paketini qo‘lga kiritgan. Shu tariqa Janubiy Koreyadagi ikki gigantning birlashuvi yangi aviakompaniyaning dunyodagi eng yirik 10 ta aviatashuvchi kompaniyalar qatoridan o‘rin olishiga imkon yaratadi.

Ikki yirik aviakompaniyaning birlashishiga pandemiya vaqtida bankrot ostonasiga kelib qolgan Asiana Airlanes'dagi iqtisodiy inqiroz sabab bo‘lgan. Aviapompaniya egasi bo‘lgan Kumho xoldingi oldinroq bir necha marta uni sotishga harakat qilgan, lekin savdolar har safar ijobiy yakun topmagan. Shu sabab boshqa chora izlashga majbur bo‘lishgan va Korean Air bilan birlashish varianti paydo bo‘lgan.

Yuzaga kelgan vaziyatning oldini olishga bevosita mamlakat hukumati ham aralashgan. Har ikki kompaniya rahbarlari va hukumat vakillari ishtirokidagi yig‘ilishda ikki gigantning birlashuvi haqida qaror qabul qilingan. Unga ko‘ra, endilikda Korean Air sobiq raqobatchisi Asiana Airlanes'ning 63,9 foiz aksiyasiga egalik qiladi. Kelishuv 1,8 milliard dollarga baholanmoqda.

Kelishuv yakunida Korean Air va Asiana Airlines birlashgani e'lon qilinadi. Shuningdek, ularga tegishli Jin Air, Ais Seoul va Air Busan loukosterlari ham birlashishi, shu tariqa dunyodagi katta o‘nlikka kiruvchi yirik aviakompaniya paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Aniq raqamlarga qaraladigan bo‘lsa, Korean Air yuk tashish bo‘yicha dunyoda 19-o‘rinda, Asiana Airlines esa 29-o‘rinda turadi. Yangi tashkil etilajak va Korean Air nomini saqlab qoluvchi aviakompaniya esa 36 milliard dollarlik aktivga ega bo‘lishi, yuk hamda yo‘lovchi tashish hajmi bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘ringa ko‘tarilishi kutilmoqda.

Bu birlashuv amalga oshishiga faqat Koreya monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi to‘sqinlik qilishi mumkin. Chunki bu ichki bozordagi raqobatni deyarli o‘ldiradi va boshqa kichik aviakompaniyalarga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Biroq kreditorlar va barcha tomonlar roziligi olingach, kelishuv amalga oshishi deyarli aniq.

Ma'lumot uchun, Asiana Airlines 30 yil avval tashkil etilgan va shu tariqa 2020 yilda tugatilmoqda. Qizig‘i, koreyaliklar mamlakatning servis bo‘yicha eng yaxshi aviakompaniyasi Korean Air emas, aynan Asiana deb bilishadi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid