17:46 / 21.12.2020
6025
Jizzax pedinstitutning tarix fakulteti shahardan tashqariga ko‘chirildi: bundan talabalar biroz norozi

Jizzax davlat pedagogika instituti talabalari murojaat qilishdi. Ma'lum bo‘lishicha, institutning tarix fakulteti talabalari joriy o‘quv yilda tahsilni markazdan olisda, Sharof Rashidov tumani So‘loqli qishlog‘idagi sobiq kasb-hunar kollejida boshlashgan.

Yoshlar avvalo, aynan tarix fakultetining markazdan uzoqqa jo‘natilgani, So‘loqlida sifatli ta'lim olish uchun sharoit yo‘qligi, isitish tizimi, oshxona, kutubxona va yotoqxona bilan bog‘liq muammolar borligini bildirishgan.

Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida hozirgi kunda Sharof Rashidov tumani So‘loqli mahallasida faoliyat boshlagan JDPIning tarix fakultetida bo‘ldi.

Fakultet institutning bosh binosidan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan. Sobiq kollej binosi shundoqqina katta ko‘cha yoqasida joylashgan ekan. Xonalarda ta'mirlash ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Tarix fakultetining dekan o‘rinbosari Farrux Akchayev mazkur bino 720 o‘ringa mo‘ljallangani va ayni vaqtda fakultet talabalari 600 nafarni tashkil etishini ma'lum qildi. F.Akchayevning aytishicha, talabalar kunning birinchi yarmida tahsil olishi, kunning ikkinchi yarmida turli to‘garaklarga jalb qilinishi, o‘z ustida ishlashi mumkin bo‘ladi. Hozircha bino ta'mirlanayotgani uchun kutubxona, sport zal, oshxona ishlamay turibdi. Isitish tizimidagi muammolar ham bartaraf etilganini aytdi.

Farrux Akchayev, Jizzax DPI tarix fakulteti dekan o‘rinbosari

Dekan o‘rinbosari hamrohligida dars jarayonini kuzatdik. Talabalar ham, o‘qituvchi ham qishki kiyimda, bosh kiyimlar yechilmagan. Chunki auditoriya haqiqatan ham yengil kiyimda o‘tirib dars qilish darajasida issiq emas.

Saulbek Kistavbayev, falsafa fanlari doktori

Falsafa fanidan falsafa doktori Savulbek Kistavbayev ham qishki kiyimlarini yechmagan holda dars o‘tayotgan ekan. Domla ushbu binoda hozircha kamchiliklar bo‘lishini tabiiy baholadi. Ta'mirlash tugagach, bu kamchiliklar bartaraf etilishiga umid bildirdi.

Suhbat asnosida ma'lum bo‘ldiki, uzoqroq tuman yoki viloyatlardan kelib tahsil olayotgan talabalar So‘loqliga tabiiyki har kuni qatnamaydi. Shu atrofdan ijaraga uy olishgan. To‘rtinchi kurs talabasi Elmurod Mirzayev oyiga 200 ming so‘mdan ijara puli to‘layotganini ma'lum qildi.

Qishloq uylarida qishning kunida talabalar uchun qulay sharoitga ega uyning topilishi ham tabiiyki, muammo. Bu borada qishloq odamlarida ko‘nikma yo‘q. Ular ijaraga odam qo‘yib o‘rganishmagan. Aynan shu holat hozircha talabalarga noqulaylik tug‘dirmoqda.

To‘rtinchi kurs talabalarining aytishicha, ularda nafaqat joriy o‘quv yili, balki bundan oldingi yillarda ham bino bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Institutning bosh binosida deyarli so‘nggi yillarda tez-tez ta'mirlash ishlari olib borilgani uchun ham ular qo‘nim topishmagan. «Institutni bitiryapmiz, biz ham istaymiz zamonaviy, shinam xonalarda, kostyum-shimda o‘tirib dars o‘tishni. Darsdan keyin kutubxona, umuman zarur sharoitlar bo‘lsa qaniydi! O‘qish davri ko‘cha-ko‘ch bilan o‘tyapti», deyishdi ular.

Vaziyat bo‘yicha fakultet dekani Ahror Pardayev ham o‘z munosabatini bildirdi.

Tarix fakulteti dekani Ahror Pardayev

«Hozircha faqat birinchi va to‘rtinchi kurs talabalari an'anaviy o‘qitilyapti. Ikki-uchinchi kurslar, shuningdek, bizga ariza bilan chiqqanlar, qiz bolalar va sharoiti og‘ir bo‘lgan talabalarimizga ham onlayn o‘qishni davom ettirishlariga ruxsat berdik. Hozircha yettita xonada dars o‘tilyapti. Pandemiya sababli ta'mirlash ishlari kechikib ketdi, ulgurmay qoldik.

Haqiqatan ham uch kun isitish tizimida muammo bo‘lgani sababli xonalar sovib ketdi va talabalarimiz haqli e'tiroz bildirishdi. Mana, bu muammo ham shu kunlarda hal bo‘ldi. Nazarimda, bizning asosiy muammomiz ayni vaqtda institut bosh binosi va fakultet o‘rtasida avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish. Bu bo‘yicha ham viloyat hokimligiga, institut rahbariyatiga ma'lum qilganmiz», dedi Ahror Pardayev.

Bir narsa aniqki, ayni vaqtda ikki yuzga yaqin talabalar an'anaviy ta'lim olmoqda. Tez orada bino ta'mirlanadi va qamrov to‘liq bo‘ladi. Afsuski, talabalar uchun mo‘ljallangan fakultet oshxonasi o‘ttiz-qirq o‘rindan ko‘p emas. Dekan Pardayev aytgan ikkita mahalliy oshxonada ovqatlanishni esa hamma talabaning ham cho‘ntagi ko‘taravermaydi.

Umuman, tarix fakultetining viloyat markazidan ko‘chirilgani yuzasidan institutning moliya-iqtisodiyot ishlari bo‘yicha prorektori Furqat To‘rayev izoh berdi.

JDPI moliya-iqtisodiyot ishlari bo‘yicha prorektori Furqat To‘rayev

«Tarix fakulteti talabalari bosh binoga ko‘chishni so‘rashyapti. Ma'lumot o‘rnida aytaman, hozirgi vaqtda institutda 14 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Institutning mavjud binosida buncha talabani o‘qitishning imkoniyati yo‘q. Shu sababli nafaqat tarix fakulteti, balki informatika-matematika hamda sirtqi fakultetlarimizni ham markazdan chetroqqa, balansimizga olingan kollej binolariga ko‘chiryapmiz.

Kollejlardan olingan binolarda to‘liq ta'mirlash ishlari davom etyapti, issiqlik tizimi yangilandi. Tan olish kerak, issiqlik tizimidagi nosozlik va gaz bosimining pasayib ketgani sababli bir muddat So‘loqlidagi binomizni isita olmadik. Shu holat ham talabalarning e'tiroziga sabab bo‘ldi. Hozir bu muammo bartaraf etilgan.

Kelgusi o‘quv yilidan boshlab ko‘chirilgan fakultetlarimiz uchun o‘z binolariga yaqin hududda yotoqxonalar qurishni rejalashtiryapmiz», dedi Furqat To‘rayev.

Ochig‘ini aytish kerak, biz oliy o‘quv yurtlarimizni albatta viloyatning markazida, bosh shaharda bo‘lishiga odatlanganmiz. Vaholanki, aholining tobora ortib boraverishi va markazga to‘planishi noqulayliklarni ko‘paytiradi. Shunday ekan, oliy ta'lim muassasalarining turli hududlarda filial va bo‘limlari bo‘lishi tabiiy hol albatta.

Muammo shundaki, hozircha Jizzax davlat pedagogika institutining tarix fakulteti joylashgan hududda umuman oliy ta'limga xos bo‘lgan infrastruktura mavjud emas. Oddiygina talabalar yotoqxonasi, oshxona, transport, kutubxona, uyali aloqa bilan bog‘liq kamchiliklar bartaraf etilmagan. Bizningcha, yangi hududda avval sharoit yaratilib, keyin talabalar ko‘chirilganda, e'tirozlarga o‘rin qolmasdi.

Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Jahongir ALIBOYeV.

Top