18:13 / 01.04.2021
12767

«Sport» telekanali YeChL, Yevropa ligasi va yana uchta musobaqani translatsiya qilish huquqini qo‘lga kiritdi

Kelasi mavsumdan boshlab Yevropaning bir qator xalqaro musobaqalari O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi telekanallari orqali namoyish etiladi.

«Sport» telekanali direktori Zohid Karimovning tvitterdagi sahifasida ma'lum qilishicha, O‘zbekiston MTRK 2021/22 yilgi yangi mavsumdan boshlab Yevropa Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi va yana uchta turnirni O‘zbekiston hududida TV-translatsiya qilish huquqini qo‘lga kiritgan.

«O‘zbekiston MTRK futbol bo‘yicha UYeFA Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi, UYeFA Konferensiyalar ligasi, Yevropa Superkubogi va YeChL o‘smirlar ligasi musobaqalarini mamlakatimizda ko‘rsatish huquqini oldi. Endi dunyoning eng ko‘p ko‘riladigan turnirlari «Sport» telekanalida namoyish etiladi», - deya yozadi «Sport» TV direktori tvitterdagi sahifasida.

Zohid Karimovning Tribuna.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, ushbu turnirlar yangi mavsumdan MTRKning ikki telekanali - «Sport» va «Mahalla» orqali translatsiya qilinadi. MTRK ushbu turnirlarni namoyish etish huquqini uch yilga qo‘lga kiritgan. 

Ma'lumot uchun, so‘nggi yillarda klublar o‘rtasida Yevropaning eng nufuzli turnirlari sanalmish YeChL va Yevropa ligasi o‘yinlarini namoyish etish huquqi «UzReportTV» va «FutbolTV» kanallarida edi. «Sport» telekanali esa O‘zbekiston Superligasi, O‘zbekiston milliy jamoasi ishtirokidagi o‘yinlar va Germaniya Bundesligasi bahslarini namoyish etayotgandi. Yangi mavsumdan boshlab yuqoridagi turnirlar ham telekanal efiridan joy oladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston MTRK 2021 yilning yozida o‘tadigan Tokio-2020 Olimpiadasi TV-translatsiyasi huquqini ham qo‘lga kiritgan edi.

Mavzuga oid
Top